Oddiy qat’iy sillogizmning II figurasi quyidagi maxsus qoidalarga ega:
1. Katta asos umumiy hukm bo’lishi kerak.
2. Asoslarning biri inkor hukm bo’lishi kerak.
II figuraning to’rtta to’g’ri modusi mavjud:
AEE-Camestres,EAE-Cesare,AOO-Baroko,EIO-Festino.
Masalan:
A. Hamma hukmlar darak gap orqali ifodalanadi.
Ye. Savol darak gap orqali ifodalanmaydi.
Ye. Savol hukm emas.
Sillogizm II figurasidan faqat inkor hukm ko’rinishida xulosa chiqoriladi.
Oddiy qat’iy sillogizmning III figurasining bitta maxsus qoidasi bor: kichik asos tasdiq hukm bo’lishi kerak.
III figuraning to’g’ri moduslari oltita:
AAI-Darapti,AII-Datasi,IAI-Disamis,EAO-Felapton,EIO-Ferision,OAO-Bokardo.
Masalan,
A. Hamma mantiqshunoslar faylasufdir.
A. Hamma mantiqshunoslar – ilmli kishilardir.
I. Ba’zi ilmli kishilar faylasufdir.
III figuraning xulosalari faqat juz’iy xukmdan iborat bo’ladi
Oddiy qat’iy sillogizmning IV figurasi quyidagi maxsus qoidalarga ega:
1. Asoslarning biri inkor hukm bo’lsa, katta asos umumiy hukm bo’ladi.
2. Katta asos tasdiq hukm bo’lsa, kichik asos umumiy hukm bo’ladi.
IV figuraning beshta to’g’ri modusi mavjud:
AAI-Bramalip,AEE-Camenis,IAI-Dimaris,EAO-Fesapo,EIO-Fresison.
Masalan,
A. Halol odamlarning hammasi vijdonlidir.
A. Hamma vijdonlilar adolatli kishilardir.
I. Ba’zi adolatli kishilar halol odamlardir.
Sillogizmning IV figurasi umumiy tasdiq xukm ko’rinishidagi xulosani bermaydi.
Arastudan boshlab barcha mantiqshunoslar sillogizmning I figurasi va uning moduslariga katta e’tibor berganlar. Ular I figurani mukammal, deb bilganlar, uning xulosalarini aniq va yaqqol, deb hisoblaganlar.
Entimema (qisqartirilgan qat’iy sillogizm)
Entimema deb, asoslardan biri yoki xulosasi tushirib qoldirilgan sillogizmga aytiladi. Entimema – aqlda, fikrda degan ma’noni anglatadi. Entimemada sillogizmning tushirib qoldirilgan qismi yodda saqlanadi. Zarur bo’lganda uning topib, o’rniga qo’ygan holda entimemadan to’la sillogizmni tiklash mumkin.
Entimemalar uch turli bo’ladi:
1. Katta asosi tushirib qoldirilgan.
2. Kichik asosi tushirib qoldirilgan.
3. Xulosasi tushirib qoldirilgan.
Bizga quyidagi sillogizm berilgan bo’lsin:
Falsafa fakultetining hamma talabalari mantiq fanini o’rganadi.
Sobirov falsafa fakultetining talabasi.
Sobirov mantiq fanini o’rganadi.
Endi bu sillogizmni entimema ko’rinishiga keltiramiz:
1. Sobirov falsafa fakultetining talabasi bo’lganligi uchun mantiq fanini o’rganadi (katta asos tushirib qoldirildi).
2. Falsafa fakultetining hamma talabalari mantiq fanini o’rganadilar, shu jumladan Sobirov ham (kichik asos tushirib qoldirildi).
3. Falsafa fakultetining hamma talabalari mantiq fanini o’rganadilar, Sobirov esa shu fakultetning talabasidir (xulosa tushirib qoldirildi).
Entimemalar bahs-munozara yuritish jarayonida, notiqlik san’atida keng qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |