1-Nazariy savol.
“Manfaatlar to‘qnashuvi” deganda nimani tushunasiz? “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3- moddasida “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasining asosiy tushunchalar sifatida berilishi sababini izohlab bering.
Javob:
Dastlab, "manfaatlar to'qnashuvi" tushunchasiga ta'rif berib o'tamiz. 2017-yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi Qonunining 3-moddasiga ko'ra, manfaatlar to'qnashuvi - bu shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko'rsatayotgan yohud ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o'rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo'lgan vaziyat. Demak, manfaatlar to'qnashuvida shaxs o'z mansab mavqeyini suiste'mol qilib, moddiy manfaatdorlik yo'lida o'zining yoki boshqa shaxsning foydasini ko'zlab, qonunga xilof ish qilishi mumkin bo'lgan holatdir. Uning manfaatlari davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlariga zid keladi. Aynan shu jarayonda manfaatlar to'qnashuvi yuzaga keladi. Buning oqibatida esa korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishi mumkin. Ya'ni biri qonuniy, ikkinchisi esa noqonuniydir. Ushbu tushuncha bejizga yuqorida aytib o'tilgan qonunda asosiy tushunchalar sifatida berilmagan. Ushbu qonunning 21-moddasida manfaatlar to’qnashuvini oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar ham belgilab qo’yilgan1. Unga ko’ra, “Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat organlarining xodimlari o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart. Chunki korrupsiya bu jamiyat rivojiga ta'sir qiluvchi eng katta to'siqlardan biridir. Bugungi kunda korrupsiyani oldini olish bo'yicha yuritimizda juda
1 https://lex.uz/docs/-3088008
ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda bir qancha davlat organlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha vakolatlarga ega. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham yangi tashkil etilgan organ sifatida o'z faoliyatini olib bormoqdi. Hozirgi kunda ta'lim, sog'liqni saqlash, sport, qurilish kabi sohalarda eng ko'p manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelmoqda. Masalan, ota-onalarning farzandlarini pora berish orqali yaxshiroq bog'chaga yoki maktabga berish holatlari ko'plab kuzatilmoqda. Chunki farzandini sifatli, yaxshi sharoitlarga ega joyda ta'lim olishini xohlaydi. Ammo ular buning noqonuniy faoliyat ekanligini bila turib, shu ishga qo'l uradi. Buning oqibatida shu maktabga yaqin joyda yashaydigan bolalar uylaridan ancha olis joyga borib o'qishiga to'g'ri keladi. Ushbu jarayonda nafaqat qonun buzilishi orqali davlatning manfaatlariga putur yetadi, balki insonlarga ham zarar yetadi. Demak, manfaatlar to'qnashuvida bir qancha subyektlarga (davlat, shaxs) zarar yetishi mumkin ekan. Ya'ni ularning manfaatlari o'zaro to'qnashadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga ko'ra, "Fuqarolar o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlariga, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart". Bundan ko'rinib turibdiki, manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelmasligining eng yaxshi yechimi qonunlarga so'zsiz rioya etishdir.
Yana bir misol keltirsak. Masalan, sog'liqni saqlash sohasini oladigan bo'lsak, biror kishi shifokor qabuliga kirishi uchun, albatta navbat kutishi kerak. Navbat kutish jarayonida ham kichik qonun buzilishlari bo'lishi mumkin. Biz aytayotgan "kichik qonun buzilishlari" katta oqibatlarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Ya'ni shifokor o'z tanishini navbatsiz olib kirib ketishi ham hech kimga notanish holat emas. Yoki biror mansabdor shaxs kelsa ham, albatta unga "qulluq qilgan" holda navbatsiz olib kirib ketiladi. Buning hech qanday yomon oqibatlari yo'q deysizmi? Erta sahardan, kerak bo'lsa shifokordan ham barvaqt kelib, ishini tezda bitirib ketish ilinjida to'rt-besh soatlab navbat kutib o'tirgan
insonlarning huquqlarichi? Aybi "oddiy odam" bo'lganimi? "Katta odamlarning" navbatsiz kirishi natijasida ancha vaqtdan beri turib, navbat kutgan odamlar holsizlanib, tobi qochib qolishi ham hech gap emas bunday vaziyatda.
Demak, manfaatlar to'qnashuvi va buning natijasida yuzaga keladigan qonun buzilish holatlari insonlarning sog'lig'iga ham yomon ta'sir qilishi mumkin. Bu kabi misollarni yana ko'plab holatlarda keltirishimiz mumkin. Yangi qabul qilinayotgan qonunlar ham ba'zan manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqarish uchun sharoit yaratib berishi mumkin. Ya'ni korrupsiyaga yo'l ochuvchi qonunlar ham bo'lishi mumkin. Tasavvur qilaylik, amaldagi "Sudlar to'g'risida" gi Qonunga quyidagicha o'zgartirish kiritildi. "Birinchi instansiya sudida ko'rilgan ishlar apellatsiya va kassatsiya tartibda ham shu instansiyada, boshqa sudyalar tomonidan ko'rib chiqilishi belgilansin". To'g'ri, buning ijobiy tomonlari bo'lishi mumkin. Lekin buning natijasida bir-birlari bilan tanish bo'lgan sudyalar ikkinchi instansiyada ham ularning hukmiga zid hukm chiqarmasligi mumkin. Buni korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi qonun deyish mumkin. Shuning uchun ham, yangi tahrirda qabul qilingan "Normativ- huquqiy hujjatlar to'g'risida"gi Qonunga muvofiq, endilikda qonunlarni qabul qilishda uning korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarmasligi bo'yicha ekspertizadan o'tkzalishi belgilandi. Bu ham davlatimiz tomonidan manfaatlar to'qnashuvini oldini olish uchun qilingan katta harakatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |