Rivojlanayoʻtgan davlatlarda uglerod soligini joriy kilish boskichlari uglerod soligʻini joriy qilish uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda atrof-muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy, yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak fiskal instrumentlaridan foydalanish yuzasidan aniq chora-tadbirlar yoʻl xaritasi tuzib olinishi lozim. Bu bosqichda fiskal siyosatning ekologik yoʻnaltirilganligiga koʻproq eʼtibor qaratish talab etiladi. Uglerod soligʻi bilan bir qatorda unga muqobil boʻlgan variantlarni ham koʻrib chiqish maqsadga mufoviqdir. Davlat oʻz strategik maqsadlarini aniqlab olgach, ularga hamohang ravishda iqtisodiy shu jumladan soliq va byudjet siyosatini ham olib boradi. Uglerod soligʻini joriy qilish yuzasidan qaror qabul qilish esa mana shu maqsadlarga erishish yoʻlidagi birgina element hisoblanadi. Ammo hozirgi globallashuv va sanoatlashuv jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish allaqachon deyarli barcha mamlakatlarning eng muhim maqsadlaridan biriga aylanib ulgurdi. Turli mamlakatlar atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashishning iqtisodiy instrumenti sifatida har xil usullardan foydalanib kelishmoqda. Jahon amaliyotida eng koʻp ommalashgan usullardan emissiyalar savdo tizimi hamda uglerod soligʻini misol keltirishimiz mumkin boʻladi. Uglerod soligʻini joriy qilishni oʻylagan hukumat albatta boshqa muqobil usullarni ham tahlil qilishi va qaysi usul milliy sharoitlarga koʻproq mos kelishini oʻrganishi kerak. Birinchi bosqich natijasida uglerod soligʻi boshqa usullarga nisbatan ustunlikka ega boʻlsa, ikkinchi bosqichda uglerod soligʻi dizaynini ishlab chiqish kerak boʻladi. Xususan, soliq dizayni deganda soliq bazasi, soliq stavkasi, soliq maʼmurchiligiga mansub boʻladigan davlat organlari, soliq tushumlaridan samarali foydalanishning usullari va soliqni joriy qilish natijasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan tashqi taʼsirlarni oldini olish chora-tadbirlari rejasi tushuniladi. Soʻnggi uchinchi bosqichda esa tayyor boʻlgan soliq dizaynini amaliyotga tatbiq etish harakatlari boshlanadi va takroriy ravishda soliq siyosati baholanib hamda takomillashtirib boriladi.
Uglerod soligʻini joriy qilish jarayonining eng muhim bosqichi 2-bosqich boʻlib, uning tarkibiy elementlari yuzasidan qabul qilingan qarorlar oʻzaro taʼsir kuchiga ega. Masalan, uglerod soligʻi qaysi sohalarni qamrab olishi togʻridan-toʻgri uglerod soligʻi stavkasiga taʼsir oʻtkazadi. Bundan tashqari, soliq bazasi va stavkasi soliq tushumlarini beglilab berganligi sababli, ulardan qaysi yoʻnalishda foydalanishga ham qisman taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. 2-bosqich tarkibiy qismlarining oʻzaro taʼsirlarini yuqoridagi grafikning pastki qismida toʻliq koʻrish mumkin.
Texnologik inqilob natijasida atrof-muhitning ifloslanishi qisman bartaraf etilgan boʻlsada, XIX asr oxirlari va XX asr boshlaridagi sanoat inqilobi davridan boshlangan global ekologik buzilish tendensiyasi hali-hanuz yuqori surʼatlarda davom etib kelmoqda. Shuning uchun oxirgi oʻn yilliklarda koʻpgina rivojlangan va ayrim rivojlanayotgan mamlakatlar ham atrof-muhit oʻzgarishlariga qarshi kurashishning fiskal vositalaridan foydalanishni amalda sinab koʻrmoqdalar. Hozirgi kunga kelib bu borada dunyoda eng koʻp tarqalgan usullardan biri uglerod soligʻini qoʻllash boʻlib, dunyoning qariyb 64 ta mamlakatida mazkur soliqni joriy qilish harakatlari allaqachon boshlab yuborilgan.