©Namangan davlat universiteti
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni uzluksiz ta’lim tizimining uzviyligini takomillashtirish, yuqori malakali, yuksak kasbiy, ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi kadrlar tayyorlash tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Malakali kadrlar tayyorlashning muhim omillaridan biri – bu ta’lim sifati va samaradorligini oshirishdir. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda o‘qitishning zamonaviy usullari, shakl va vositalari, o‘yin texnologiyalari, muammoli o‘qitish, xususan, mustaqil ta’limning noan’anaviy metodlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa ta’lim jarayonida kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishning mazmunini ishlab chiqish hamda amalga oshirish usullarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish muayyan fandan o‘quv dasturida belgilangan bilim, ko‘nikma va malakaning ma’lum bir qismini talaba tomonidan fan o‘qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida o‘zlashtirishiga yo‘naltirilgan tizimli faoliyatdir. Shu bilan birgalikda talabalarni semestr davomida fanni uzluksiz o‘rganishini tashkil etish, olingan bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash, kelgusidagi darslarga tayyorgarlik ko‘rish, aqliy mehnat madaniyatini, yangi bilimlarni mustaqil ravishda izlab topish va qabul qilishni shakllantirish hamda ushbu tariqa universitetda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga erishishdan iborat.
Kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish bo‘yicha beriladigan topshiriqlarning shakli va hajmi, qiyinchilik darajasi semestrdan–semestrga ko‘nikmalar hosil bo‘lishiga muvofiq ravishda o‘zgarib, oshib borishi lozim. Ya’ni, talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqilligi darajasini asta-sekin oshirib, ularning topshiriqlarni bajarishga tizimli va ijodiy yondoshishga o‘rganib borishi kerak.
Mustaqil ta’lim – auditoriyada olingan bilim, ko‘nikma, malakalarni mustahkamlash hamda fanga oid (xususiy) kompetensiyalarini rivojlantirish, qo‘shimcha ma’lumot yoki materialni mustaqil o‘rganish maqsadida tashkil etiladigan o‘qitish shakli.
Mustaqil ish – o‘qituvchining topshirig‘i va uning rahbarligida o‘quv vazifasini hal etadigan ta’limning faol metodi. Mustaqil ish bu qo‘yilgan maqsad bilan bog‘liqlikda talabalarning aniq faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishdir. Talabaning mustaqil ishlari uning yuqori darajadagi faollik, ijodiylik, mustaqil tahlil, tashabbuskorlikka asoslangan faoliyatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |