14- bob. Ota-onani so‘kmaslik haqida
24.Abdulloh ibn Amr Oss (r.a.) aytdilar: «Rasululloh: »Kishi o‘z ota-onasini so‘kishi katta gunohdir«, dedilar. Sahobiylar: »Yo Rasulalloh, kishi o‘z ota-onasini ham so‘kadimi?« — deb so‘rashganda, Rasululloh: »U kishi bir odamni so‘kadi, u odam ham avval so‘kkan kishining otasini ham, onasini ham so‘kadi«, dedilar». Demak, kishi birovni so‘ksa, keyin o‘sha odam uning ota-onasini ham so‘kadi, shu bilan u bilvosita o‘z ota-onasini so‘kkan bo‘ladi.
25.Abdulloh ibn Amr (r.a.): «Kimki otasining so‘kilishiga sabab bo‘lsa, Alloh taolo oldida katta gunohga qoladi». dedilar.
15- bob. Ota-onaga oq bo‘lishning uqubati haqida
26.Abu Bakr (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qildilar: «Rasululloh(s.a.v.): »Azob-uqubat qiyomat kuniga asrab qo‘yilgandan tashqari, shu dunyoning o‘zida ham insonning o‘ziga jabr yetkazadigan gunoh — kishilarga zulm qilish va qavm-qarindoshlarga qilinadigan silai rahmni uzib qo‘yishdir», dedilar.
27.Imron ibn Husayn (r.a.) aytdilar: «Rasululloh sahobiylardan: »Zino qilish, mast qiladigan ichimliklarni ichish va o‘g‘rilik qilish haqida nima deysizlar?« — deb so‘radilar. Ular: »Bularning hukmini Alloh taolo va uning Rasuli biladilar«, deb javob berdilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): »Bular o‘ta-ketgan qabohat ishlar bo‘lib, oxiratda ham, bu dunyoning o‘zida ham ularning uqubati, jazosi belgilangandir. Men sizlarga gunohlarning eng kattalarini aytib beraymi?« Ular: »Alloh rabbilolamiynga shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish«, dedilarda, suyanib o‘tirgan holatlarini o‘zgartirib tiz cho‘kib oldilar va »hamda yolg‘on so‘zlash» , deb qo‘shib qo‘ydilar.
16- bob. Ota-onaning yig‘lashi haqida
28.Abdulloh ibn Umar (r.a) «Ota-onaning yig‘lashi boladan norozi bo‘lganliklaridan dalolat beradi va bu esa katta gunoh pardadir», dedilar.
17- bob. Ota-oaning duosi haqida
29.Abu Hurayra aytdilar: «Rasululloh (s.a.v.): »Uch toifa kishilarning duosi hech shubhasiz Alloh taolo qoshida maqbuldir: mazlum kishining duosi, musofirning duosi va ota-onaning duosi«, deganlar».
1 Har qanday zulm haqsizlik, deb anglashilgani kabi musulmon tuzumiga qarshi borish ham zulm, deb tushuniladi .
2 Rasululloh (s.a.v.)ning: «Al kazzabu lo ummati», ya’ni yolg‘onchi mening ummatim emas, degan hadislari mashhurligini muqaddislarning aksariyati rivoyat qiladilar.
30.Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilindi. U kishi: «Men Rasululloh (s.a.v.)dan quyidagi hadislarni eshitdim: »Bibi Maryamning o‘g‘illari Hz. Iyso (a.s.) bilan Jurayjga so‘zlagan boladan bo‘lak hech bir bola beshikdaligida gapirgan emas«, dedilar. Sahobiylar: »Yo Rasulalloh, Jurayj va unga so‘zlagan bola kim edi?« — deb so‘rashganda, Rasululloh (s.a.v.) rivoyatni aytib berdilar: »Jurayj o‘z ibodatxonasida ibodat bilan mashg‘ul bir rohib bo‘lib, ibodatxonasi atrofida bir podachi sigirlarni o‘tlatib yurar edi. Shu ibodatxona joylashgan qishloqda turadigan bir xotin podachi yoniga kelib-ketib turardi. Jurayj bir kuni namoz o‘qib turgan vaqtida onasi chaqirdi. Jurayj ancha xayolga cho‘mdi: namozida davom etaversinmi yoki uni buzib, onasiga javob qilsinmi? U o‘ylanib-o‘ylanib, oxiri onasiga javob qaytarmadi va namozida davom etaverdi. Onasi ikkinchi va uchinchi martaba chaqirganda ham u javob qaytarmagach: «Alloh taolo seni fohisha xotinlarga yo‘liqtirsin«, deb duoyibad qilib, qaytib ketdi. Shundan keyin o‘sha podachi oldiga kelib yuradigan xotin bir bola tug‘ib qo‘ydi. Uni podshoh oldiga keltirib so‘roq qilinganda: »Bu bola ibodatxonadagi rohibdan bo‘lgan«, deb da’vo qildi. Podshoh: »Uning ibodatxonasini buzib, o‘zini mening xuzurimga olib kelinsin«, deb buyruq qildi. Podshohning buyrug‘iga asosan ibodatxona buzilib, Jurayjning qo‘lini arqon bilan bog‘lab, podshoh huzuriga keltirdilar. Uni olib kelayotganlarida yo‘lda tomosha qilib turgan fohisha xotinlarga ko‘zi tushdida, bir kulib qo‘ydi, Keyin podshoh undan so‘roq qilib: »Bu xotin tug‘ilgan bolani sendan bo‘lgan, deb da’vo qilayotibdi«, dedi. Jurayj xotinga qarab: »shundaymi? — dedi. Xotin: «Ha, shunday», dedi. Shunda Jurayj onaning bag‘rida turgan chaqaloqqa qarab: «Ey, bola, sening otang kim?» — deb so‘radi.Chaqaloq tilga kirib: «Otam podachi», deb javob berdi, uning gapini hamma eshitdi. Podshoh Jurayjga uzr aytib: «Endi ibodatxonani biz yangidan qurib beramiz», dedi. Jurayj buni qabul qilmagach: «Bo‘lmasa kumushdan quraylikmi?» — dedi. Jurayj buni ham qabul qilmay: «Uni avvalgi holiga keltirib berilsa kifoya», dedi. Podshoh: «Xo‘sh, menga aytchi, qo‘lingni bog‘lab olib kelayotganlarida nima uchun kulding?» — deb so‘raganda, u: «Yuz bergan voqeani ko‘zim bilan ko‘rib kulgim qistadi, u ham bo‘lsa onamning menga qilgan duoyibadi edi», dedi- da, bo‘lgan voqeani podshohga va atrofdagi kishilarga hikoya qilib berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |