1.Islom dini yoyilishining ta’lim-tarbiyaga ta’siri.
SHunga ko’ra o’lkada yagona bir g’oyaviy e’tiqod tarkib topmagan bo’lib, bu holat aksariyat vaziyatlarda turli elatlar o’rtasida kelishmovchiliklarni keltirib chiqarar va o’zaro janjallarga sabab bo’lar edi. Movarounnahrda Islom ta’limoti g’oyalarining yoyilishi, kishilar tomonidan SHariat qoidalari, Islom dini aqidalariga bo’ysunish, yagona va qudratli Ollohga sig’inish, shuningdek, Ollohning yerdagi rasuli (elchisi) bo’lgan Muhammad Alayhis-salom ko’rsatmalariga rioya etish xalqning ongiga chuqur singib, ular tomonidan mazkur din asoslarining qabul qilinishiga zamin hozirladi. Natijada Movarounnahrda islomiy qadriyatlar tarkib topa boshladi.
Arablar o’lkada Islom dini g’oyalarini yoyishda turli usullardan foydalandilar. Ana shunday usullardan biri mazkur dinga e’tiqod qilgan kishilarning jon solig’idan ozod etilishi bo’ldi. Movarounnahr xalqlari o’rtasida Islom ta’limoti asoslarini yoyishda arab istilochilari tomonidan amalga oshirilgan xatti-harakatlarning mohiyati xususida tarixchi Abu Muhammad Narshaxiy o’zining «Buxoro tarixi» nomli kitobida quyidagi fikrlarni bayon etadi: “Buxoro aholisi har safar (Islom lashkari kelganda) musulmon bo’lar, arablar qaytib ketganida esa ular yana dindan qaytar edilar. qutayba ibn Muslim ularni uch marta musulmon qilgan, ular esa yana dindan qaytib, yana kofir bo’lgan edilar. U to’rtinchi marta (kelganida) Qutayba jang qilib, Buxoro shahrini oldi, ko’p qiyinchiliklardan keyin (bu yerda) Islom dinini yuzaga chiqardi va har turli yo’llar bilan ularga qiyinchiliklar tug’dirib, dillariga musulmonchilikni o’rnashtirdi. Ular esa Islom dinini yuzakigina qabul etib, haqiqatda butparastlik qilar edilar. Qutayba arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor bo’lib tursalar, ular zaruratdan musulmon bo’ladilar, degan maqsadda Buxoro aholisini o’z uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqarishni to’g’ri deb topdi va shu yo’l bilan u musulmonchilikni o’rnatdi hamda shariat hukmlarini bajarishga majbur qildi. qutayba masjidlar bino qildi, kofirlik va otashparastlik asarlarini yo’qotdi. U ko’p jiddu jahd qilib, kimda shariat hukmlarini bajarishda kamchilik sodir bo’lsa, uni jazolar edi. U masjidi jome bino qildi va odamlarga juma namozini o’qishga buyruq berdi”1.
Istilochilik yurishlari davrida arablar mahalliy xalqning boy madaniy merosini yo’q qildilar. Bu haqida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: «Qutayba esa Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o’rgangan va (bilimini) boshqalarga o’rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo’q qilib yuborgan edi. SHuning uchun u (xabar va rivoyatlar) Islom davridan keyin haqiqatni bilib bo’lmaydigan darajada yashirin qoldi. Keyin: Qutayba ibn Muslim al-Vohishiy xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o’ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz qolib, o’z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga tayanadigan bo’ldilar»2.
Islom dini ana shunday g’oyaviy-siyosiy kurashlar jarayonida shakllandi va rivojlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |