Monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'G'risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida



Download 237.6 Kb.
bet1/3
Sana28.06.2017
Hajmi237.6 Kb.
  1   2   3
MONOPOLIYAGA QARSHI KURASHNI TARTIBGA SOLISH SOHASIDAGI RUXSAT BERISH TARTIB-TAOMILLARIDAN O'TISH TARTIBI TO'G'RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH HAQIDA

(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2014 y., 1-son, 2-modda)

«Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida» 2013 yil 15 avgustdagi 225-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish tartibi to'g'risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Tabiiy monopoliya sub'ektlari tomonidan asosiy vositalarni sotib olish yoki berish bo'yicha bitimlarning sodir etilishini nazorat qilish tartibi to'g'risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi bir oy muddatda:

o'zi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;

ushbu qarorning maqsadlari, mazmuni va amaliy ahamiyatini tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida keng yoritish tadbirlari tashkil etilishi va o'tkazilishini ta'minlasin.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.



O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYoEV

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 dekabrdagi 344-son qaroriga

1-ILOVA

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga va qo'shib olishga oldindan rozilik berish tartibi to'g'risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunigamuvofiq tovar va (yoki) moliya bozorlarida xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarini (keyingi o'rinlarda birlashma deb ataladi) tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha hujjatlarni ko'rib chiqish va oldindan rozilik olish tartibini belgilaydi.

Hujjatlarni ko'rib chiqish va birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga va qo'shib olishga oldindan rozilik berish 1-ilovaga muvofiq sxema bo'yicha amalga oshiriladi.

2. Ushbu Nizom maqsadlarida xo'jalik yurituvchi sub'ekt deganda tovarlarni ishlab chiqarish, sotib olish va sotish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxs, shu jumladan, xorijiy yuridik shaxs tushuniladi.

3. Oldindan rozilik O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan yoki uning hududiy organi (keyingi o'rinlarda monopoliyaga qarshi organ deb ataladi) tomonidan:

xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarini tashkil etishga;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga beriladi.

4. Quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan roziligi zarur:

tovar bozorida — qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risida ariza berish sanasida tegishli harakatlarni sodir etishda ishtirok etayotganlar aktivlarining jami balans qiymati eng kam oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo'lsa yoki ular qo'shib yuboriladigan yoki qo'shib olinadigan yildan oldingi oxirgi kalendarь yilda tovarlarni sotishdan olgan jami tushumi eng kam oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo'lsa yoxud ulardan biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt bo'lsa;

moliya bozorida — qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risida ariza berish sanasida tegishli harakatlarni sodir etishda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati ekvivalentdagi miqdordan ortiq bo'lsa (banklarga nisbatan — 450 mln AQSh dollari, sug'urta kompaniyalariga nisbatan — 25 mln AQSh dollari, lizing kompaniyalariga nisbatan — 3 mln AQSh dollari va bank bo'lmagan kredit tashkilotlariga, qimmatli qog'ozlar bozori professional qatnashchilariga nisbatan — 400 ming AQSh dollari) yoxud bitim qatnashchilaridan biri moliya bozorida ustun mavqeini egallab turgan bo'lsa.

5. Ushbu Nizomning amal qilishi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan birlashmalarni tashkil etishga, shuningdek xolding kompaniyalar tashkil etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

6. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish quyidagi tarzda bo'lishi mumkin:

bitta tovar yoki moliya bozorida faoliyatni amalga oshiruvchi ikki yoki bir nechta raqobatlashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni gorizontal qo'shib yuborish, qo'shib olish;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olishdagi har bir ishtirokchi uchun ishlab chiqarishning (ishlarni, xizmatlarni bajarishning) turli bosqichlarida zarur bo'lgan tovarlarni ishlab chiqaradigan va sotadigan o'zaro raqobatlashmaydigan ikki yoki bir nechta xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni vertikal qo'shib yuborish, qo'shib olish.

II. Ruxsat berish talablari va shartlari

7. Birlashmalarni tashkil etishga, qo'shib yuborishga, qo'shib olishga ruxsat berish talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya etish;

harakatlarni monopoliyaga qarshi organ qarorlari doirasida amalga oshirish;

birlashmaning yoki yangidan tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ustun mavqei paydo bo'lishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga yo'l qo'ymaslik, ushbu Nizomning 22-bandida ko'rsatilgan holatlar bundan mustasno.

III. Oldindan rozilik olish uchun zarur hujjatlar

8. Birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha tegishli harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik olish uchun monopoliyaga qarshi organga:

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli, shuningdek xo'jalik yurituvchi sub'ektlar sodir etishni mo'ljallayotgan harakatlar ko'rsatilgan, harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish to'g'risida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo'yicha ariza;

birlashmaga kiradigan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning, shuningdek ularni qo'shib yuborish, qo'shib olish to'g'risida qaror qabul qilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning ta'sis hujjatlari (ularga kiritilgan barcha o'zgartirishlarni hisobga olgan holda) nusxalari;

ariza berish sanasidan oldingi ikki yil mobaynida yoxud, agar ushbu muddat ikki yildan kam vaqtni tashkil qilsa, faoliyatni amalga oshirish muddati mobaynida har bir qatnashchi tomonidan amalga oshirilgan faoliyati turlari, ishlab chiqarilgan va sotilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning nomlari, ularning hajmlari, amalga oshirilgan (oshiriladigan) harakatlar to'g'risidagi ma'lumotlar;

amalga oshirilayotgan harakat har bir qatnashchisining moliyaviy hisoboti (ariza berish sanasidagi 1-shakl bo'yicha buxgalteriya balansi, oldingi ikki kalendarь yil uchun 2-shakl bo'yicha moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot) taqdim etiladi.

Ariza va ma'lumotlar ta'sischilarning (qatnashchilarning) kelishuviga ko'ra birlashma tashkil etishda, qo'shib yuborishda, qo'shib olishda qatnashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan birining nomidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.

Bunda hujjatlarni monopoliyaga qarshi organga taqdim etish ta'sischilardan biri tomonidan yoki tegishli vakolatlar berilgan boshqa ishonchli shaxs (keyingi o'rinlarda vakolatli vakil deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Vakolatli vakil ushbu bandda ko'rsatilgan hujjatlar bilan birga monopoliyaga qarshi organga o'zining vakolatini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo'l qo'yilmaydi.

9. Ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar monopoliyaga qarshi organga vakolatli vakil tomonidan bevosita (hozir bo'lish tartibida) yoki ularning olingani to'g'risidagi xabarnoma bilan pochta aloqasi orqali yoxud elektron shaklda taqdim etiladi. Bunda elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi kerak.

10. Birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik olish uchun taqdim etilgan hujjatlar ro'yxat bo'yicha qabul qilinadi, ro'yxat oldindan rozilik olish uchun murojaat qilgan vakolatli vakilga, hujjatlarning monopoliyaga qarshi organ tomonidan qabul qilingan sanasi to'g'risidagi yozuv bilan darhol beriladi (yuboriladi).

11. Sodir etiladigan tegishli harakatning raqobatni cheklashga ta'sir ko'rsatish imkoniyatini o'rganish uchun monopoliyaga qarshi organ ushbu ma'lumotlarga ega bo'lgan boshqa vakolatli organlardan ko'rib chiqilayotgan ishga bevosita taalluqli bo'lgan qo'shimcha ma'lumotlarni so'rab olishi mumkin.

12. Axborot tarkibidagi tijorat siri uni monopoliyaga qarshi organga taqdim etishning rad qilinishi uchun asos bo'la olmaydi, bunda birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha harakatlarning qatnashchilari axborotni monopoliyaga qarshi organga taqdim etishda tijorat siri hisoblanadigan ma'lumotlarning mufassal ro'yxatini ko'rsatishlari kerak.

IV. Arizani ko'rib chiqish va oldindan rozilik berish yoki rozilik berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilish

13. Birlashtirish, qo'shib yuborish, qo'shib olish va tegishli ruxsatnoma berish to'g'risidagi ariza ko'rib chiqilganligi uchun yig'im undirilmaydi.

14. Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi ariza:

qatnashchilar yoki harakatni amalga oshiruvchi qatnashchilardan biri o'z faoliyatini respublikaning ikki va undan ko'p hududlarida amalga oshiradigan holatlarda — O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlar o'z faoliyatini respublikaning tegishli hududi doirasida amalga oshiradigan holatlarda — O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasining hududiy organlari tomonidan ko'rib chiqiladi.

15. Gorizontal qo'shib yuborish, qo'shib olishni amalga oshirishda birlashma yoki yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslarning tovar yoki moliya bozoridagi ustunlik mavqei monopoliyaga qarshi organ tomonidan alohida xo'jalik yurituvchi sub'ektlar ulushlarining yig'indisi sifatida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.

Tovar bozorida vertikal qo'shib yuborish, qo'shib olishni amalga oshirishda monopoliyaga qarshi organ boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni xom ashyo resurslaridan foydalanishni cheklash va bu bilan xom ashyo iste'molchisi hisoblangan qo'shib olinadigan xo'jalik yurituvchi sub'ektning ustun mavqeini kuchaytirish imkoniyatini aniqlaydi.

Moliya bozorida vertikal qo'shib yuborishni, qo'shib olishni amalga oshirishda monopoliyaga qarshi organ boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning parallel moliya bozorlariga kirishini cheklash imkoniyatini aniqlaydi.

16. Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi ariza monopoliyaga qarshi organ rahbarining buyrug'i bilan tuziladigan maxsus komissiya tomonidan ko'rib chiqiladi.

Zarurat bo'lganda, maxsus komissiya majlisiga birlashma tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga rozilik olish uchun murojaat qilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning vakillari yoki ularning vakolatli vakillari ishonchnoma bo'yicha taklif etilishi mumkin.

17. Ko'rib chiqish natijalariga ko'ra, maxsus komissiya zarur hujjatlar va ma'lumotlar olingan vaqtdan boshlab o'n ish kunidan kechikmay xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish yoki rozilik berishni rad etish to'g'risida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo'yicha qaror qabul qiladi.

Zarurat bo'lganda, agar monopoliyaga qarshi organda amalga oshiriladigan harakat, shu jumladan birlashmaning yoki yangidan tashkil etilayotgan yuridik shaxsning tovar yoki moliya bozorida ustun mavqei vujudga kelishi yoxud kuchayishi munosabati bilan raqobat cheklanishiga olib kelishini yoki olib kelishi mumkinligini taxmin qilish uchun asos paydo bo'lganda, arizani ko'rib chiqish muddati ko'pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu to'g'rida ariza beruvchiga xabar qilinadi.

Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish yoki rozilik berishni rad etish to'g'risidagi qaror ikki nusxada maxsus komissiyaning raisi va a'zolari tomonidan imzolanadi hamda monopoliyaga qarshi organning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektning arizasini ko'rib chiqish natijalari bo'yicha maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qaror u qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay vakolatli vakilga yuboriladi.

Birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha harakatlarni sodir etishda qatnashuvchi manfaatdor shaxslarga ularning yozma murojaati bo'yicha qarorning nusxasi taqdim etiladi.

Qaror berilganligi uchun yig'im undirilmaydi.

18. Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda komissiya qarorida rad etishning asoslangan sababi ko'rsatilishi kerak.

Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berishni rad etish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:

birlashma tashkil etish, qo'shib yuborish, qo'shib olish to'g'risida qaror qabul qilish uchun zarur bo'lgan hujjatlarning to'liq hajmda taqdim etilmaganligi;

taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlarning mavjudligi;

tadbirkorlik sub'ektining ruxsat berish talablari va shartlariga muvofiq emasligi.

Monopoliyaga qarshi organning ruxsat berishni boshqa asoslar bo'yicha, shu jumladan maqsadga muvofiq emaslik sabablari bo'yicha rad etishiga yo'l qo'yilmaydi.

19. Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga va qo'shib olishga oldindan rozilik berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to'g'risidagi xabarnoma tadbirkorlik sub'ektiga yozma shaklda, rad etish sabablarini, qonunchilikning aniq normalarini hamda tadbirkorlik sub'ekti ko'rsatilgan sabablarni bartaraf etib takroran ko'rib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishi mumkin bo'lgan muddatni ko'rsatgan holda yuboriladi (taqdim etiladi). Tadbirkorlik sub'ekti rad etish uchun asos bo'lgan sabablarni bartaraf etishga va takroran ko'rib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishga haqli bo'lgan muddat ruxsat berish tusidagi hujjatni berishning rad etilganligi to'g'risida yozma xabarnoma olingan kundan boshlab o'n ish kunidan kam bo'lishi mumkin emas.

20. Tadbirkorlik sub'ekti tomonidan ushbu Nizomning 18-bandi to'rtinchi-beshinchi xatboshilarda nazarda tutilgan, ruxsat berish tusidagi hujjatni berishni rad etish uchun asos bo'lgan sabablar belgilangan muddatda bartaraf etilgan taqdirda hujjatlarni takroran ko'rib chiqish, ruxsat berish tusidagi hujjatni berish yoki uni berishni rad etish vakolatli organ tomonidan, rad etish sabablarini bartaraf etganlik to'g'risida tadbirkorlik sub'ektining arizasi hamda rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab o'n ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub'ektining arizasi takroran ko'rib chiqilganligi uchun yig'im undirilmaydi.

Hujjatlarni takroran ko'rib chiqishda ilgari monopoliyaga qarshi organ qarorida bayon qilinmagan rad etish sabablarining ko'rsatilishiga yo'l qo'yilmaydi, ilgari ko'rsatib o'tilgan sabablarning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog'liq rad etish sabablarining ko'rsatilishi bundan mustasno.

21. Birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish ushbu harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish to'g'risida qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida amalga oshirilishi kerak. Agar harakat ko'rsatilgan muddatda sodir etilmasa monopoliyaga qarshi organning qarori o'z kuchini yo'qotadi.

Qarorning amal qilish muddati o'tgandan keyin birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish uchun monopoliyaga qarshi organga ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq hujjatlar taqdim etiladi va vakolatli organ tomonidan umumiy asoslarda ko'rib chiqiladi.

22. Monopoliyaga qarshi organ xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berishga hamda uni raqobatni ta'minlashga yo'naltirilgan talablarni bajarishga bog'liq etib qo'yishga haqlidir.

Ushbu harakatlarning sodir etilishi tovar yoki moliya bozorida tegishli xo'jalik yurituvchi sub'ektning ustun mavqei paydo bo'lishiga yoki kuchayishiga, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lgan taqdirda birlashma tashkil etish, qo'shib yuborish, qo'shib olish to'g'risida qaror qabul qilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar monopoliyaga qarshi organ talabiga ko'ra raqobatning zarur sharoitlarini tiklash chora-tadbirlarini ko'rishi shart.

Bunda ko'rsatib o'tilgan talablar, shuningdek ularni bajarish muddatlari monopoliyaga qarshi organning xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorida ko'rsatilishi kerak.

23. Monopoliyaga qarshi organ tovar yoki moliya bozorida hatto birlashmaning yoki yangidan tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ustun mavqei vujudga kelishi yoki kuchayishi va raqobatning cheklanishi, nojo'ya oqibatlar yuz berishi mumkin bo'lgan taqdirda ham, agar birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish to'g'risida qaror qabul qilgan yuridik shaxslar o'z xatti-harakatlari iste'molchilarga sezilarli darajada naf keltirishini isbotlab bersa, harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizani qanoatlantirishga haqli.

24. Moliya tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo'yicha vakolatli davlat organlari moliya tashkilotlari tomonidan birlashma tashkil etish, qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha harakatlarni sodir etish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqishda monopoliyaga qarshi organning ko'rsatib o'tilgan harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorini hisobga oladilar.

V. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorni to'xtatib turish, to'xtatish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish

25. Birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorni to'xtatib turish, to'xtatish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining tegishli ravishda 22 — 25-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.

26. Birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish bo'yicha harakatlar amalga oshirilgungacha, monopoliyaga qarshi organ qarori amal qiladigan davrda bir yoki bir nechta xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan qayta tashkil etish, nomini yoki joylashgan joyini (pochta manzilini) o'zgartirish amalga oshirilgan taqdirda vakolatli vakil ularning topshirig'i bo'yicha, xo'jalik yurituvchi sub'ekt qayta ro'yxatdan o'tgandan keyin etti ish kuni mobaynida monopoliyaga qarshi organga xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etish, ularni qo'shib yuborish, qo'shib olish to'g'risidagi qarorni qayta rasmiylashtirish to'g'risidagi arizani, ko'rsatib o'tilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda berishi shart.

27. Monopoliyaga qarshi organ maxsus komissiyasining birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarori yo'qolgan yoki yaroqsiz bo'lib qolgan taqdirda ushbu harakatlarni sodir etish to'g'risida qaror qabul qilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning yoki vakolatli vakilning arizasiga binoan uning dublikati beriladi.

Maxsus komissiya qarorining dublikati ariza, shuningdek qaror yaroqsiz bo'lib qolganda birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorning asl nusxasi olingan kundan boshlab besh ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatda beriladi.

Dublikat berilganligi uchun yig'im undirilmaydi.

VI. Ruxsat berish tusidagi berilgan hujjatlar reestri

28. Monopoliyaga qarshi organ birlashmani tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga oldindan rozilik to'g'risida berilgan qarorlar reestrini yuritadi va ularni monopoliyaga qarshi organning rasmiy veb saytiga joylashtiradi.

29. Berilgan qarorlar reestrida quyidagi ma'lumotlar ko'rsatiladi:

birlashma tashkil etishda, qo'shib yuborishda, qo'shib olishda qatnashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning nomi;

oldindan rozilik berish to'g'risida qabul qilingan qarorning tartib raqami va berilgan sanasi;

ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar dublikatlarini berishning asosi va sanasi.

VII. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmasini tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish yoki qo'shib olish tartibini buzish

30. Monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish holatlari aniqlangan taqdirda, birlashmani tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish ishtirokchilari bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqida ish qo'zg'atiladi.

31. Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqidagi ish monopoliyaga qarshi organning maxsus komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi.

Maxsus komissiya ishni mazmunan ko'rib chiqish natijalari bo'yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning dastlabki holatini tiklash to'g'risida;

birlashmani yoki yangidan tashkil etilgan yuridik shaxsni saqlab qolish to'g'risida.

32. Maxsus komissiya, qabul qilingan qarordan qat'i nazar, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan birlashmaning tashkil etilganligi, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning qo'shib yuborilganligi, qo'shib olinganligi uchun ushbu harakatlarni sodir etish haqida qaror qabul qilgan barcha xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni ma'muriy javobgarlikka tortish to'g'risida qonun hujjatlariga muvofiq qaror qabul qiladi.

33. Monopoliyaga qarshi organning qo'zg'atilgan ishni ko'rish natijalari bo'yicha qabul qilgan qarori xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga, shuningdek manfaatdor tomonlarga qaror qabul qilingan kundan so'ng besh kalendarь kundan kechikmay yuboriladi.



Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa