5.6. Mahsulot sifati tahlili
Sanoat korxonasi faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri, ishlab chiqarilgan mahsulotning sifati hisoblanadi. Mahsulot sifatining o‘shishi, o‘z navbatida, sotilgan mahsulot hajmining oshishiga va foydaning ko‘payishiga, oqibatda rentabellik darajasining yuqori bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Mahsulot sifatining oshishi unga bo‘lgan talabning oshishiga olib keladi. Mahsulot sifatining oshishi bozorda raqobat kurashida yutib chiqish yoki o‘z mavqeini ushlab turish imkoniyatini yaratadi. Sifatli mahsulot bozorda yuqori baholarda sotilib, qo‘shimcha daromad olib kelish manbayiga aylanadi. Mahsulot sifatini tahlil qilishning asosiy maqsadi bu ishlab chiqarilgan mahsulotning sifatiga baho berish hamda mahsulot hajmining va foydaning o‘zgarishiga tegishli ta’sirini aniqlash bo‘lib hisoblanadi.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida mahsulot sifatini yaxshilanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Sifat deganda mahsulotning tovarlilik darajasi va uning xaridorlar dididagi yuqori tasnifiy belgilarga hamda mazkur mahsulot uchun belgilangan mamlakat va xalqaro standart me’yorlariga egaligiga aytiladi. Tovarlilik darajasi uning taklif elementi sifatida o‘z xaridoriga ega ekanligini, tasnifiy belgilari esa texnik-iqtisodiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik-iqtisodiy belgilarning muvofiqligini xarakterlaydi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatiga doimo e’tibor berib kelingan, chunki, aynan mahsulot sifati iste’molchilar ehtiyojini yaxshiroq qondirishga imkon beruvchi tovarlar mo‘l-ko‘lligi, mahsulot ishlab chiqarish hajmining pul ko‘rinishidagi ifodasining oshishiga, shuningdek, xalq xo‘jaligi tarmoqlarida kapital qo‘yilmalardan tejab qolish va foyda miqdorining o‘sishiga imkoniyat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi «Korxonalar to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasi 1-bandida korxonani sifatli mahsulot ishlab chiqarish mas’uliyati xususida quyidagilar qayd etilgan: «Shartnoma majburiyatlari ... mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablarni, xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishning boshqa qoidalarini buzganlik uchun korxona qonunlarda ko‘zda tutilganidek to‘la mulkiy javobgar bo‘ladi.»
Sifatli mahsulot uni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mehnatni tejaydi, iste’molchi talabi to‘la qondiriladi, realizatsiya jarayoni tezlashadi, mahsulot hajmi qiymat shaklida ortadi, aylanma mablag‘lar aylanishi tezlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |