10.9. Favquloddagi foyda va zararlar tahlili Favquloddagi foyda va zararlar moliyaviy natijaviylikning uchinchi tarkib qatori hisoblanadi. Uning qatoriga bevosita tasodifiy holatlardan ko‘riladigan natijalar kiritiladi. Masalan, suv toshqini yoki yer qimirlashi, yong‘in, bo‘ronlar oqibatida yoki boshqa tabiat hodisalari asosida ro‘y beradigan yo‘qotishlar kiritiladi. Favqulodda foyda yoki daromadlar yoki zararlar qatoriga kiritiladigan a’lohida moddalar «Mahsulot (ish va xizmat)lar tannarxiga kiritiladigan mahsulot (ish va xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi va moliyaviy natijalarning shakllanishi tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda aniq ko‘rsatilmagan.
Ularning faqat bitta sharti umumiy Nizomda belgilangan, ya’ni yaqin uch yillik oraliqda korxona uchun odatiy hol hisoblanmagan holatlardan olinadigan daromadlar yoki foyda summasi korxona uchun kutilmagan holatlardan olingan daromadlar sirasiga kiritiladi.
Kutilmagan yoki favqulodda holatlardan olingan daromadlar yoki ular bo‘yicha yo‘qotishlar moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotning alohida tarkib qatori sifatida belgilangan.
Ularni korxonada rejalashtirish amalga oshirilmaydi, ya’ni favqulodda daromad va xarajatlar rejalashtirilmaydigan qatorga kiritiladi. Ularning hozirgi paytda korxonalar faoliyat natijaviyligidagi salmog‘i sezilarli ta’sirga ega emas.
10.10. Korxona hisob foydasi (soliq to‘loviga qadar foyda) tahlili Korxona hisob foydasi va uning tarkibiga kiritiladigan qatorlar to‘g‘risida yuqorida kengroq to‘xtalgan edik. Korxona hisob foydasi asosiy ishlab chiqarish faoliyatidan olinadigan natija, moliyaviy faoliyatdan natija, favqulodda faoliyatdan yoki holatlardan natijasi jamlangan holda joriy davr bo‘yicha korxonaning hisob foydasi aniqlanadi. Korxona hisob foydasi davlatning va axborot foydalanuvchilarining e’tibor shartidagi asosiy qator hisoblanadi. Daromad va xarajatlar ularning yuzaga chiqish vaqti va o‘rni bo‘yicha yuritilgan holda yakuniy natija ushbu qoida asosida tuziladi.
Korxona hisob foydasi yoki soliq to‘loviga qadar bo‘lgan foyda (zarar) summasidan foyda (daromad) solig‘i va foydadan boshqa soliqlar, to‘lovlar va ajratmalarni chegirish asosida korxonaning joriy davr bo‘yicha sof foyda (zarar) summasi aniqlanadi. Respublikamiz soliq qonunchiligiga muvofiq barcha xo‘jalik hisobidagi korxonalar foyda (daromad) solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi va ularning ayrim guruhi bo‘yicha doimiy va vaqtinchalik imtiyozlar belgilangan.
Boshqa soliqli to‘lovlar qatoriga respublika va mahalliy budjetga tushadigan ayrim tur soliqlar kiritiladi. Yagona soliq to‘loviga o‘tgan korxonalarda ushbu soliq turi olingan daromaddan qat’iy stavkalarda hisoblanadi va to‘lanadi.