Davlat kreditining aholi farovonligini oshirishdagi o‘rni va uni takomillashtirish masalalari
Davlat krediti hokimiyat va boshqaruv organlari orqali, bir tomondan, davlat va ikkinchi tomondan, jismoniy va yuridik shaxslar oʼrtasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar majmuidan iborat boʼlib, unda davlat qarz oluvchi, kreditor (qarz beruvchi) va kafil sifatlarida maydonga chiqadi.
Davlat krediti iqtisodiy kategoriya sifatida ikki koʼrinishdagi –moliya va kredit – pul munosabatlarining oʼrtasida joylashgan boʼlib, shunga mos ravishda, u ham moliyaga va ham kreditga tegishli boʼlgan xususiyatlarga egadir. Moliya tizimining alohida olingan boʼgʼini sifatida esa davlat krediti davlatning markazlashtirilgan pul fondlarini (byudjet va byudjetdan tashqari fondlarni) shakllantirish va ulardan foydalanish jarayoniga xizmat qiladi.
Davlat krediti taqsimlash funktsiyasining ijobiy taʼsiri natijasida, vaqt nuqtai-nazaridan, soliq yuki ogʼirligining nisbatan tekisroq taqsimlanishiga erishiladi. Davlat qarzlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish davrida olinayotgan soliqlar miqdori oshmaydi va uning ogʼirlik yuki ortmaydi. Аks holda, yaʼni xarajatlarni moliyalashtirishga davlat tomonidan qarzga olingan mablagʼlar jalb qilinmasa, bu narsani, boshqa sharoitlar teng boʼlgan taqdirda, faqat soliqlar miqdorini oshirish va uning ogʼirlik yukini orttirish evaziga moliyalashtirish mumkin. Shuning uchun ham keyin – olingan kreditlar qaytarilayotgan (uzilayotgan) paytda - soliqlar ularni toʼlash uchun olinmasdan, balki qarzlar boʼyicha foizlarni uzish (qaytarish) uchun hamolinadi.
Davlat krediti quyidagi bir necha belgilarga koʼra klassifikatsiya qilinadi:
1) emitentlar boʼyicha:
markaziy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
hududiy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
2) joylashtirilish joyiga qarab:
ichki qarzlar;
tashqi qarzlar.
3) bozorda muomala qilishiga (aylanishiga) qarab:
bozorli qarzlar;
nobozorli qarzlar.
4) mablagʼlarni jalb qilish muddatiga koʼra:
qisqa muddatli (bir yilgacha qaytarish muddati bilan);
oʼrta muddatli (bir yildan besh yilgacha);
uzoq muddatli (besh yil va undan yuqori).
5. Qarziy majburiyatlarning taʼminlanganligiga qarab:
garovli;
garovsiz.
6. Toʼlanadigan daromadning xarakteri boʼyicha:
yutuqli qarziy majburiyatlar;
foizli qarziy majburiyatlar;
nol kuponli qarziy majburiyatlar.
Davlat kreditini boshqarishni keng va tor maʼnolarda koʼrib chiqish mumkin. Keng maʼnoda davlat kreditini boshqarish deyilganda qarzdor, kreditor va garant (kafil) sifatida davlatning faoliyati bilan bogʼliq boʼlgan uning moliyaviy siyosati yoʼnalishlaridan birini shakllantirish tushuniladi.
Moliyaviy siyosatning yoʼnalishlaridan biri sifatidagi davlat kreditini boshqarish davlatning boshqaruv va hokimiyat organlari qoʼlidadir. Faqat ular byudjet defitsitining umumiy hajmini va demak, uni moliyalashtirish uchun zarur boʼlgan qarzlarning hajmini, pul muomalasi, kredit, ishlab chiqarish, aholi bandligiga taʼsir qilishning asosiy yoʼnalishlari va maqsadlarini hamda kichik biznes va mamlakat ayrim mintaqalarini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha umumdavlat dasturlarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini aniqlaydi.
Joylashtirilish joyiga qarab davlat qarzlari ikkiga boʼlinadi:
davlat ichki qarzlari;
davlat tashqi qarzlari.
Davlat tomonidan ichki mablagʼlarni jalb qilish natijasida vujudga kelgan Oʼzbekiston Respublikasi majburiyatlarining yigʼindisiga davlat ichki qarzlari deyiladi. Davlat tashqi qarzlari deyilganda esa davlat tomonidan xorijdan mablagʼ jalb qilish natijasida vujudga kelgan Oʼzbekiston Respublikasi majburiyatlarining yigʼindisi tushuniladi. Bu qarzlar qarziy instrumentlari, joylashtirilish shartlari, kreditorlarining tarkibi va qarzning valyutasiga nisbatan bir-biridan farq qiladi.
Davlatning ichki qarzlari davlat tomonidan ichki mablagʼlarni jalb qilish jarayonida (natijasida) vujudga keladi. Davlat tomonidan ichki mablagʼlarni jalb qilish aktivlarni ichki manbalardan (rezident-yuridik va jismoniy shaxslardan) jalb etish hamda buning natijasida Oʼzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning oʼz kreditlarini (qarzlarini) toʼlashiga kafil sifatidagi majburiyatlari vujudga kelishini anglatadi. Shunga oʼxshash, davlatning tashqi qarzlari ham davlat tomonidan xorijdan mablagʼ jalb qilish jarayonida (natijasida) vujudga keladi. Davlat tomonidan xorijdan mablagʼ jalb qilish aktivlarni xorij manbalaridan (xorijiy davlatlardan, norezident yuridik shaxslardan va xalqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida Oʼzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning oʼz kreditlarini (qarzlarini) toʼlashiga kafil sifatidagi majburiyatlarining vujudga kelishini bildiradi.
1-rasm O`zbekiston Respublikasi davlat qarzi dinamikasi5
2020-yil 1-aprel holatiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldigʻi dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 18,2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi
Moliya vazirligi xabariga koʻra, Davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSH dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, joriy yilning 1-aprel holatiga 16,11 mlrd. AQSH dollariga yoki YAIMga nisbatan 27,7 foizga yetdi.
2-rasm Davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi6
Shundan:
Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 10,9 mlrd. AQSH dollari;
Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,2 mlrd. AQSH dollari.
Davlat ichki qarzi 20,0 trln. soʻmni (2,1 mlrd. AQSH dollari) yoki YAIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi.
Bildirilishicha, davlat qarzining soʻngi yillardagi oʻsishi dinamikasiga qaramay, xalqaro meʼyorlarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qarzi (YAIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan 27,7 foiz) moʻtadil darajada saqlanib qolmoqda.
Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Qarz barqarorligi tahliliga koʻra, oʻzining iqtisodiy salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat koʻrsatish salohiyati kuchli hisoblanadi va ushbu mamlakatlarda davlat tashqi qarzi uchun meʼyor Yalpi ichki mahsulotning 50 foizgacha tashkil etishi mumkin.
3-rasm O`zbekiston Respublikasi davlat qarzining chegaralangan hajmi7
2020-yil birinchi choragida davlat qarzi qoldigʻining oʻsishini shakllantiruvchi asosiy omillar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida oʻzlashtirilgan mablagʻlar qoldigʻi 200 mln. AQSH dollariga,
Davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida oʻzlashtirilgan mablagʻlar qoldigʻi 400 mln. AQSH dollariga;
700 mlrd. soʻm miqdorida davlat qimmatli qogʻozlari chiqarilishi hamda 250 mlrd. soʻmga teng ichki qarzdorlik soʻndirilishi natijasida davlat qimmatli qogʻozlari qoldigʻi 450 mlrd. soʻmga oshdi.
So‘nggi paytlarda mamlakatimizning davlat tashqi qarzi to‘g‘risidagi mavzu ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda faol muhokama etilayotganini ijobiy baholayman. Mazkur holat, avvalo, xalqimizning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tafakkuri oshayotganini, qolaversa, vatanimiz taqdiriga befarq emasligimizni namoyon etadi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning nafaqat kelajakda, balki bugun ham yaxshi yashashi uchun sharoit yaratish tamoyili asosida barcha jabhalarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Albatta, aholining xayot darajasi, turmush sifatini oshirish, salomatligini saqlash, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, sanoat korxonalarini ishga tushirish uchun katta miqdordagi sarmoya talab etiladi.
2020 yilning yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollar davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga, 12,4 foizi yoki 2,6 milliard dollar energetika sohasiga, 13,7 foizi yoki 2,9 milliard dollar elektr energetikasi sohasiga, 11,5 foizi yoki 2,4 milliard dollar transport va transport infratuzilmasiga, 11 foizi yoki 2,3 milliard dollar uyjoy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgani fikrimizning tasdig‘idir.
Ayni pandemiya sharoitida talab etiladigan katta mablag‘larni faqatgina soliq, bojxona va boshqa yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar hisobiga shakllantirish murakkab. Odatda to‘lov balansi manfiy, davlat byudjeti taqchilligi mavjud bo‘lgan, imkoniyatlar cheklangan holatlarda yirik loyihalarni moliyalashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida tashqi qarzga murojaat qilish juda keng tarqalgan amaliyotdir. Nafaqat rivojlanayotgan, balki eng rivojlangan mamlakatlar ham o‘z iqtisodiyotini yuksaltirishda uchun tashqi qarz omilidan mohirona foydalanadi. Masalan, tashqi qarz summasi YaIMga nisbatan AQShda 138 foiz, Yaponiyada 237 foiz, Fransiyada 99 foizni tashkil etadi. Hatto AQShda tashqi qarz xalqaro monetar tizim asosini tashkil etuvchi omildir.
Shunday ekan, bugungi globallashgan va moliyaviy resurslar cheklangan zamonda tashqi qarz jalb etish va uni samarali boshqarish mamlakatning eng muhim moliyaviy vositalaridan biri hisoblanadi.
Arzon va uzoq muddatli tashqi qarzdan faqatgina bugungi davr xarajatlarini qoplash uchun emas, balki mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga imkon beradigan yirik infratuzilma va sanoat korxonalarini barpo etish uchun foydalanish ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratadi.
2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz 21,1 milliard dollarni, YaIMga nisbatan esa 36,5 foizni tashkil etmoqda. O‘zbekiston davlat qarzining so‘nggi yillardagi o‘sish sur’ati barchamizni biroz tashvishga solayotganday. Lekin tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining YaIMga nisbatan 1,7 foizni, davlat tashqi qarzining O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga nisbati 60 foizni tashkil etishi, keyingi yillarda iqtisodiyotimizning real o‘sishi 5-6 foiz prognoz etilayotganini inobatga olsak, tashqi qarzni qaytarishda hech qanday muammolar tug‘ilmasligi ravshan bo‘ladi.
Tashqi qarzning barcha mamlakatlar uchun umumiy xatarli bo‘lgan maksimal ko‘rsatkichini belgilashning imkoniyati mavjud emas. Ushbu ko‘rsatkich har bir davlatga nisbatan xususiy yondashuvlar asosida mamlakatning eksportidan tushadigan valyuta mablag‘lari miqdori, mamlakatning oltin va boshqa valyutalardagi zaxiralari kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qilgan holda tavsiyaviy xarakterda ishlab chiqiladi.
Shunday bo‘lsa-da, tashqi qarz umumiy miqdorining keskin ortishi yoki undan samarasiz foydalanish salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimol. Bu esa bugungi kunda nafaqat iqtisodiyotimizni izdan chiqarishi, shuningdek, kelgusi avlodga ham tizimli muammolarni vujudga keltirishi mumkin. Aynan shu bois, davlat tashqi qarzi bilan bog‘liq nojo‘ya oqibatlarning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qonun hujjatlari bilan davlat qarzi miqdorini yalpi ichki mahsulotga nisbatini 60 foizdan oshirmaslik qat’iy belgilab qo‘yildi. Davlat qarzini jalb qilish va ishlatishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilgan va yakunlangan barcha loyihalar majburiy tartibda Hisob palatasi tomonidan auditdan o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari va OAV ishtirokida muhokama qilinib, keng ommaga muntazam ravishda e’lon qilinishi ta’minlanmoqda.
Shu o‘rinda, tashqi qarzni kamaytirish omillariga ham to‘xtalib o‘tsak. Buning uchun mamlakatning ichki qarz miqdorini oshirish hamda kapital bozorini rivojlantirish muhim omildir. Bugungi kunda davlatimizning ichki qarzi 2,2 milliard AQSh dollari bo‘lib, jami davlat qarzining 9,2 foizini tashkil etadi. Ichki qarz shakllanishi jarayonida moliyaviy mablag‘larning mamlakat hududidan chiqib ketmasligi hamda mazkur jarayonda davlatning asosiy investori xalq bo‘lishi davlatimizga bo‘lgan yuksak ishonchni anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, tashqi qarzni samarali boshqarish, ichki qarz va kapital bozorlarini uyg‘unlikda rivojlantirish orqali aholimizning hayot darajasi va turmush sifati yuqori, eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga erishamiz.
Xulosa
Hozirda iqtisodiyotning muhim sohalarida alohida xizmat ko'rsatilayotgan banklar mazkur tarmoqlarni yanada rivojlantirish va undagi mavjud mablag'larni, bor imkoniyatlarni samarali ishga solish imkonini yaratib beradi va iqtisodiy islohotlarning jadallik bilan amalga oshishiga xizmat qiladi.
Bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilishni chuqurlashtirishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlari asosida bank tizimini tubdan mustahkamlashga, ularning kredit berish imkoniyatlarini va ustav kapitalini bo'sh mablag'lar jalb qilish hisobidan kengaytirishga, shuningdek, banklarning investitsiya jarayonining asosiy bo'g'ini bo'lgan korxonalar, xususan xususiy tadbirkorlar, kichik va o'rta biznes korxonalarining chinakam hamkoriga aylanishiga, xorijiy banklar bilan hamkorlikning yanada kengaytirishiga alohida e'tibor qaratildi.
Inflyatsiyaning har tomonlama avj olib ketishi mamlakatda sotsial va iqtisodiy jihatdan qarama-qarshiliklar yuzaga kelishiga olib keladi. Shuning uchun davlat inflyatsiyaning oldini olish uchun pul muomalasini barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqmoqda.
Hozir ko'pgina davlatlarda pul muomalasini tartibga solishda ochiq bozorda operatsiyalar o'tkazish usulidan foydalanilmoqda.
Bu xozirgi ko'p qo'llaniladigan monetar siyosatning bir usuli hisoblanadi. Bu usul tijorat banklarining likvidlik darajasiga tezda ta'sir o'tkaza oladigan egiluvchan (moslashuvchan), amaliy va operativ usul hisoblanadi. Bu usulni boshqalaridan farqi shundaki, uni zaruriyatga qarab va hohlagan miqdorda o'tkazish mumkin. Bu mexanizm bozorni rivojlanish tendensiyasiga qarab pul muomalasini barqarorlashtira olishi mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, davlat kreditning ob'ektiv zarurligi takror ishlab chiqarish jarayonida fondlarning doiraviy aylanishi qonuniyatlariga asoslangandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |