3-nazorat uchun savol
Agar korporatsiya 10,0 mln. so‘m miqdorida dividend to‘lamasdan, ushbu olingan
sof foyda summasini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirgan bo‘lganda “XYZ”
korporatsiyasining yil oxiriga tuzilgan moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisoboti
qanday o‘zgargan bo‘lar edi?
Pul oqimlari to‘g‘risida hisobot. Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotda
91
ma’lum davr ichida firmaning pul oqimlari kirimi va chiqimi aks ettiriladi. Aynan
shu bilan u kompaniyaning barcha daromadlari va xarajatlari aks ettiriladigan
moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotdan farq qiladi.
Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot korxona faoliyatining moliyaviy natijalari
to‘g‘risidagi hisobotiga, o‘ziga xos tarzda yoki ma’noda, juda foydali qo‘shimcha
ekaniga ikkita asosiy sabab bor. Avvalo, unda butun e’tibor ma’lum vaqt oralig‘ida
firmaning pul resurslari hajmi qanday o‘zgarishiga qaratiladi. Hatto eng gullab-
yashnayotgan kompaniya ham pul resurslar zaxirasi tugab, juda og‘ir moliyaviy
ahvolda qolishi mumkin. Agar kompaniya boshqaruvchilari va boshqa manfaatdor
kishilar pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotga diqqat bilan qarasalar, pul qanday qilib
to‘planishi va sarflanishi to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishlari va
kechayotgan jarayonlarni to‘g‘ri baholashlari mumkin. Masalan, ko‘pincha, tez
o‘sib kelayotgan va yuqori samarali firmalarga pul resurslari yetishmaydi. Demak,
ularda o‘zlarining moliyaviy majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq muammolar
kelib chiqishi mumkin.
Bundan tashqari, pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot daromad va xarajatlarni
faqat moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotga kiritilgan ko‘rsatkichlar asosida
baholashga yo‘l qo‘ymaydi. Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot “hisoblash
usuli” deb ataladigan buxgalteriya prinsipi asosida tuziladiki, unga ko‘ra har
qanaqa daromadni pul mablag‘lari tushumi deb bo‘lmaydi va har qanday xarajat
ham – pulni sarflash hisoblanmaydi. Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda aks
ettirilgan sof foyda summasi, ko‘p jihatdan, kompaniyada shu ko‘rsatkichni
baholash uchun qabul qilingan yondashuvga, masalan, tovar-moddiy zaxiralarni
baholash usullariga yoki firmaning moddiy va nomoddiy aktivlarga amortizatsiya
hisoblashning normativ (me’yoriy) muddatlariga bog‘liq.
Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotda esa, unda ko‘rsatilgan ma’lumotlar
firmada qabul qilingan hisob siyosatiga bog‘liq emas. Shunday qilib, ushbu ikki
hisobot o‘rtasidagi farqni o‘rganar ekan, tahlilchi firmada qabul qilingan hisob
siyosati firmaning moliyaviy ko‘rsatkichlariga qay darajada ta’sir qilishini
aniqlashi mumkin.
Keling, buni 11.4-jadvalda keltirilgan (navbatdagi betga qarang) “XYZ”
korporatsiyasining 20x1 yilgi pul oqimlari to‘g‘risidagi hisoboti misolida ko‘rib
chiqamiz.
Jadval ma’lumotlarining ko‘rsatishicha, hisobotda pul oqimlari uchta
bo‘limga ajratib ko‘rsatilgan. Bu bo‘limlar a) operatsion (ishlab chiqarish) faoliyat,
b) investitsion faoliyat va v) moliyaviy faoliyatdan olinadigan pul mablag‘lari
kirimi va chiqimi ko‘rsatadi. Keling, endi shu uchta bo‘limning har birini batafsil
o‘rganib chiqishga harakat qilaylik.
Operatsion (asosiy) faoliyat pul oqimlari, eng avvalo, firma o‘z mahsulotini
sotishdan tushgan pul tushumini hamda materiallarga va mehnat haqini to‘lashga
ketgan xarajatlarni aks ettiradi. E’tibor bering, “XYZ” korporatsiyasining 20x1
yilda operatsion faoliyatdan olgan yakuniy pul tushumlari 25,4 mln. so‘mni tashkil
etgan. Bir vaqtning o‘zida esa, sof foyda 23,4 mln. so‘mga teng bo‘lgan. Bu
o‘rinda quyidagi savolning tug‘ilishi, tabiiy: bu farq qayerdan keldi?
92
Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotda korporatsiyaning sof foyda ko‘rsatkichi
va uning asosiy faoliyati natijasida kelib tushgan pul
11.4-jadval
“ XYZ” korporatsiyasining 20x1 yilgi pul oqimlari to‘g‘risidagi hisoboti
Do'stlaringiz bilan baham: |