Yana 2ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish reja qilinmoqda
«Sirdaryo IES» AJda quvvati 1200-1500 kVt va «Farg‘ona IEM» AJda quvvati 1800-2000 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyiha ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Texnik boshqarma boshlig‘i Oybek Zohidovning ta’kidlashicha, tizimda energiya samaradorligiga erishish, yoqilg‘i-energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish orqali mahsulot tannarxini yanada pasaytirishga erishish ushbu loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad hisoblanadi.
Loyihada tender hujjatlarini ishlab chiqib, tayyor holda amalga oshirishda ishtirok etishni istovchilar uchun «Sirdaryo IES» AJda sdtes.uz va «Farg‘ona IEM» AJda fiem.uz rasmiy veb-saytlarida e’lonlar berildi.
Avvalroq, 2023 yilning yakuniga qadar Surxondaryo, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, 2025-2026 yillarda respublika bo‘ylab jami quvvati 1 800 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi reja qilingan.
«Ko‘p xatolar ham qilyapmiz» - Jamshid Qo‘chqorov ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga berilgan imtiyozlar uzaytirilishiga munosabat bildirdi
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘illikni qisqartirish vaziri go‘sht mahsulotlari va o‘simlik yog‘i importiga berilgan QQS imtiyozi uzaytirilishiga munosabat bildirdi. Shuningdek, u qoramol go‘shtiga subsidiyalar miqdori va muddati uzaytirilishini ta’kidladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26 yanvar kungi yalpi majlisida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov deputatlarning ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga berilgan imtiyozlar uzaytirilishi yoki ichki ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari haqidagi savoliga javob berdi.
Vazir avvalo 2019-2022-yillarga mo‘ljallangan oziq-ovqat xavfsizligi dasturini bajarish hozirda imkonsizligini ta’kidladi.
«Hali bu dasturni yaqin o‘rtada bajarish imkoniyati yo‘q. Chunki aholi soni va ularning (oziq-ovqatga) ehtiyoji oshyapti. Oziq-ovqatga va har xil ichimliklarga ehtiyoj ham miqdor ham sifat jihatdan o‘zgaryapti. Inflatsiyaga ham oziq-ovqat qattiq ta’sir o‘tkazyapti, narxlar 2 xonaliga o‘tishda davom etyapti. O‘tgan yili oziq-ovqat narxlari indeksi 27 foizga o‘tdi», dedi u.
2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha QQS to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, sotilgan parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun subsidiya miqdori 2 500 so‘m etib belgilandi. Bu haqda prezident qarori imzolandi. Qo‘chqorov subsidiyalar qoramol go‘shti uchun ham uzaytirilishini bildirdi.
«Endi o‘tgan kuni qoramol sohasida ham subsidiyalarni 2022 yil apreligacha davom ettirish va qisman ko‘paytirish loyihasini kelishdik. Balki bugun emas, shu yaqin kunlarda bunga ham imzo chekiladi.
Oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz, ko‘p xatolar ham qilyapmiz. Endi o‘rganyapmiz. Lekin shu xatolarni ham vaqtida to‘g‘rilash bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz», deya vazirning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.
Yalpi majlisda o‘tgan yil may oyidan boshlab o‘simlik yog‘iga 600 mlrd so‘mga yaqin imtiyoz berilgani aytildi. Bu davrda 254 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilingan hamda ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, 23,5 ming tonna go‘sht importiga 75 ming mlrd so‘mlik imtiyozlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 10 oktyabridan 31 dekabrigacha tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka va muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan edi.
2021 yil oxirida bu imtiyozlar muddati yana 4 oyga uzaytirilishi borasida signal yangragach, 2022 yilning 11 yanvarida imtiyozlar muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yaqinda Kun.uz berilgan imtiyozlar zararga ishlayotgani borasida maqola e’lon qilgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |