2.2 Kristallarning optik xususiyatlari.
Kristallooptika (kristallar va optika) — optika va kristallografiyaning chegaradosh sohasi; yorugʻlikning kristallarda tarqalishi qonunlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Nurning ikkilamchi sinishi, yorugʻlikning qutblanishi, qutblanish tekisligining aylanishi, pleoxroizm va boshqa kristallarda tekshiriladigan muhim hodisalar hisoblanadi. X. Gyuygens va O. Frenel yorugʻlikning toʻlqin nazariyasiga asoslanib, kristalloptikaning asosiy qonunlarini ishlab chiqishgan. Makroskopik elektrodinamika hozirgi zamon nazariy kristallooptikaning asosini tashkil etadi. Kristalldan oʻtayotgan yorugʻlik qutblanadi, yaʼni yorugʻlik nuri tarqalishiga tik tekislikda yotuvchi faqat bir yoʻnalishda tebranadi. Kristallning turli yoʻnalishlarida yorugʻlik nurining sinish koʻrsatkichlari har xil boʻladi. Kristallning har bir yoʻnalishiga mos keluvchi qutblangan yorugʻlik nurining sinish koʻrsatkichi p miqdorlarining geometik shakli kristallning optik xossalarini toʻla ifodalaydi va buni optik indikatrisa deyiladi. Umumiy holda u ellipsoida sirtidan iboratdir. Koordinatalari O nuqtadan boshlanadigan toʻgʻri burchakli dekart sistemasida joylashgan ellipsoidning bosh oʻklaridagi p ning qiymatlari ni kristallning bosh sindirish koʻrsatkichi, O nuqtasidan oʻtib, ellipsoidning aylanma kesimiga tik toʻgʻri chiziqni esa o p t i k oʻqi deyiladi. Bosh sindirish koʻrsatkichlarining qiymatiga qarab optik izotrop va bir oʻqli hamda ikki oʻqli anizotrop kristallarga boʻlinadi. Umumiy holda anizotrop kristallarda yorugʻlik turlicha tezlikka ega boʻlgan ikkita toʻlqin koʻrinishida tarqaladi. Yorugʻlik optik oʻqlar boʻylab tarqalgandagina bu toʻlqinlarning tarqalishi mos keladi.
Kub shaklidagi kristallar optik izotrop boʻlib, bitta sindirish koʻrsatkichiga ega boʻlsa, boshqa turdagi kristallar optik jihatdan anizotrop hisoblanadi, yaʼni bu kristallarda optik xususiyatlari va yorugʻlik nurlarining qutblanishi kristall yoʻnalishlari boʻyicha nurlarning tarqalishiga qarab turlicha boʻladi. Geksagonal, trigonal va boshqa signoniyaga kiruvchi ikkinchi tartibdan yuqori bitta simmetriya oʻqli kristallarning optik indikatrisasi aylanma ellipsoid shaklida boʻladi. Bunday kristallarda nurning ikkita sindirish koʻrsatkichi kuzatiladi. Agar kristall rang (tartib) li boʻlib, kub shaklida (optik izotrop) boʻlmasa, uning rangi oʻtayotgan nur tebranishining yoʻnalishiga qarab oʻzgaradi. Kristall bir optik oʻqli boʻlsa, ikkita asosiy rangga, uch oʻqli boʻlsa, uchta asosiy.rangga ega boʻladi. Pleoxroizm deb ataladigan bu hodisa kristallni oʻrganishga yordam beradi.
Kristalooptikada kristall xossalarini aniqlash uchun optik doimiylari: nurning ikkilamchi sinishidagi kristallning sindirish koʻrsatkichlari, optik oʻqlar orasidagi burchaklar, optik indikatrisa holatini aniqlash usullari ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |