Nurota chashmasi yodgorliklari Nurota me'moriy obidalari ulug` ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan millotdan avvalgi me`morsozlik bilimlari va amaliyotining qadimiy boy va noyob namunalaridan hisoblanadi. X asrlardayoq bu yerda jome' masjidi, ko’plab rabotlar va muqaddas ziyoratgohlar mavjud bo’lgan. Akademiklar Yahyo G’ulomov va Ahmadali Asqarovlarning yozishlaricha
“Chashma” sohilidagi madaniy qatlam yoshi 40 ming yilga teng. Hududda hozirga qadar saqlanib qolgan qadimiy binolardan biri panjvaqt masjid- xonaqosidir. U XVI asrda tiklangan bo’lib,
keyin bir necha bor kengaytirilgan. Uning ikki tomonida XIX asrning o’rtalarida masjidga taqab qurilgan ayvonlar joylashgan. Ikkinchi bino 16 ta ustun asosiga qurilgan bo`lsa ham aholi tomonidan “Chilustun” ya`ni “Qirq ustun”, deb ataydigan jome' masjididir. Bino tomi 25 ta kichik gumbaz bilan qoplangan. Masjid XVI asrda qurilgan, lekin uning eski qismidagi tosh poydevor saqlanib qolgan. Peshtoqidagi yozuvning guvohlik berishicha 1321/1903-1904 yillarda masjidda tubdan ta'mirlash ishlari o’tkazilgan.
Nurota shahridagi “Chashma” me’moriy majmuasini sayyohlik markaziga aylantirish va mazkur qadamjoga tashrif buyuruvchi sayyohlarga servis xizmati ko’rsatilishini takomillashtirish bo’yicha ham diqqatga sazavor ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda kompleksda joylashgan “Chil ustun”, “Ko’k gumbaz” va “Domalla” tarixiy masjidlari, ziyoratgoh hovlisi zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, obodonlashtirilgan.
Avtoturargoh ajratilgan. Majmua ichkarisida Nurota tarixiga oid O’lkashunoslik muzeyi qaytadan ta’mirlanib, zarur eksponantlar bilan qo’shimcha jihozlangan.
Nurota tumanidagi qadimiy hunarmandchilik mahsulotlari ko’rgazma- savdo muzeyini tashkil etish borasida joy ajratilib, qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Kompleksga kiraverishda o’ng tomonda hunarmandchilik mahsulotlari va yengil oziq-ovqatlar savdo rastalari tashkil etilgan.
Kompleksga kiraverishdagi maydonda qadimiy xalq og’zaki ijodi va
folklor ashula va raqs tomoshalari namoyish etilish maqsadida 2012 yil mart- noyabr oylarida “Nurjahon” folklor dastasining tomoshalari grafigi ishlab chiqildi.
Shuningdek, kompleksda xorijiy sayyohlarga xizmat ko’rsatish sifatini
oshirish maqsadida mazkur kompleksda viloyat “Sayohat va ekskursiyalar byurosi” DKning hududiy markazini ochish masalasida ishlar boshlandi.
Mazkur majmuaga sayyohlarga sifatli ovqatlanish xizmati ko’rsatilishini tashkil etish borasida tumanda milliy usulda jihozlangan 2 ta hovli belgilanib, xorijiy sayyohlarni sifatli ovqatlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Nurota chashmasi suvining tarkibi, aholi etnografiyasi va hayot tarzi, foydali qazilmalari va arxeologiyasi bilan qiziqqan olimlar tomonidan 1912 yilda ilmiy – kurs ishi ishlari o’tkazilib, tahlil qilingan. Chashma suvida asosan shirmohi baliqlari yashashi ham suvning o’ta tozaligidan dalolatdir. O’z davrining taniqli olimlari tomonidan Chashma suvi tarkibida 8 ta elementning mavjudligi aniqlagan. Bular xlor, sulfat, kaliy, kaltsiy, magniy, kremniy, karbonat va natriylardir. 2011 yilda ushbu ilmiy – kurs ishi ishlari qayta davom ettirilib, 1 litr suv tarkibida 21 ta mikroelement borligi isbotlangan. Hozirgi kunda xalqimizning azaliy an’analaridan keng foydalanib, hashar yo`li bilan ko`hna Nurota yodgorliklari hududi zamonaviy arxitektura va shaharsozlik tajribalari asosida tubdan qayta qurildi. Natijada ko`hna obidalar asl holida qaytadan bunyod etildi. Chashma ariqlari, sohil bo`yidagi bog`lar, yo`laklar va favvoralar qadimiy va zamonaviy uyg`unlik ko`rinishlarini o`zida aks ettirilishi bilan birgalikda yangicha navqironlik chiroyi bilan minglab ziyoratchi va sayyohlaning sevimli maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |