Milliy g`oya va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida maktab ta`limining o`rni.
“Fikr”, “g’oya”, “milliy g’oya”, “mafkura” tushunchalari. Mafkurasiz inson va jamiyat o’z yo’lini yo’qotishi muqarrarligi.
1. Inson o’zining ongu idroki, aql-zakovati, iymon-e’tiqodi bilan boshqa tirik mavjudotlardan farq qiladi. Hayvonlarning onglidek tuyulgan hatti-harakatlari aslida ularga xos bo’lgan instinktlarning namoyon bo’lishidir. Inson esa o’zining ijtimoiy belgilari orqali barcha jonzotlardan ajralib turadi. Ularning eng muhimi va asosiysi tafakkur bo’lib, u axloq-odob, ma’rifat, ma’naviyat kabi insoniy sifatlarni belgilaydi.
Inson tashqi olam bilan, boshqa insonlar bilan bo’lgan munosabat jarayonida voqelikni o’z tafakkurida idrok qilib, ayni vaqtda, bir tomondan tafakkurini charxlab borsa, ikkinchi tomondan turli fikrlar, qarashlar va g’oyalarni ham yaratadi. Demak, g’oyalar avval inson tafakkurining natijasi samarasi, mahsulidir.
Tafakkur til orqali emas, balki nutq orqali zohir bo’ladi (til hayvonlarda ham bor, lekin nutq yo’q). Insoniyat tabiiy nutq bilan cheklanib qolmay, sun’iy nutqni ham kashf qilganligi uning fikriy, g’oyaviy evolyutsiyasida katta ahamiyatga ega bo’ldi. Nutq va tafakkur uzviyligi g’oyaning paydo bo’lishi va ravnaqida muhim omildir. SHu nuqtai nazardan g’oya – inson tafakkurida vujudga keladigan, ijtimoiy xarakter kasb etadigan, ruhiyatga kuchli ta’sir o’tkazib, jamiyat a’zolarini uyushtiradigan, ezgu maqsadlar sari chorlaydigan teran fikr demakdir.
Lekin tafakkurda paydo bo’lgan har qanday fikr, mulohaza yoki nuqtai nazar g’oya bo’la olmaydi. CHunki fikr yoki nuqtai nazar voqelikka bo’lgan oddiy munosabatni ifoda etadi. Masalan, «bu kitob yangi» degan fikr zalvorli emas, unda ijtimoiylik, safarbar etuvchilik xususiyatlar cheklangan. «Kitob inson aqlini charxlaydi» degan fikr esa ijtimoiy salohiyatga, muayyan g’oyaviy quvvatga ega bo’lgan fikrdir.
G’oyasiz jamiyatni qop-qorong’u ko’chada yolg’iz ketayotgan odamga qiyoslash mumkin. Zimiston qa’riga kirib borayotgan bu odamning yo’lida qanday g’ovlar borligini u payqamaydi, albatta. Agar uning qo’lida mash’ala bo’lsa, har qanday to’siqni chetlab, manzil sari dadil ketaveradi. Jamiyat ham shunday - uning g’oyasi bamisoli mash’ala, yo’lchi yulduz singari taraqqiyot yo’lini yoritib boradi.
G’oya - falsafiy kategoriya. U inson bilan atrof-muhit, voqelik o’rtasidagi o’zaro munosabatning mahsulidir. SHuning uchun har qanday g’oyaning ob’ekti va sub’ekti bor. Tashqi olamda, ob’ektiv voqelikda sodir bo’layotgan o’zgarishlar, hodisalar inson ruhiyatiga ta’sir ko’rsatuvchi omillar bo’lib, g’oyaning ob’ekti hisoblanadi. Voqelikda sodir bo’layotgan ana shu hodisa va jarayonlarni anglab, ularga nisbatan munosabat bildiradigan odamzot g’oyaning sub’ekti sifatida namoyon bo’ladi. Qisqacha aytganda, g’oya inson ma’naviy borlig’ining o’zagini tashkil etadi.
G’oya juda qadimdan insonning muhim boyligi, odamlarni birlashtirib, jipslashtirib kelgan qudratli ma’naviy kuch. SHu bois g’oya ijtimoiy zaruriyat tufayli muayyan makon va zamonda paydo bo’ladi, muayyan maqsad va muddaolarni amalga oshirish, ezgu yoki yovuz kuchlarning qo’lida qurol bo’lish darajasiga ko’tariladi. Inson o’z tafakkurini to’g’ri yo’naltirishi aynan shu sababli hayotda muhim ahamiyatga ega. To’g’ri yo’naltirilgan tafakkur va g’oya insonni ezgu maqsadlarga, aksincha holda esa tanazzulga yetaklaydi.
Mazmun-mohiyati va namoyon bo’lish shakllariga qarab g’oyalarning bir qancha turlarini ajratib ko’rsatish mumkin. Har xil diniy, axloqiy va falsafiy ta’limot va yo’nalishlar, ilmiy qarashlar, san’at asarlari negizida muayyan g’oyalar yotadi, ya’ni ijtimoiy ongning barcha shakllari muayyan g’oyalarni yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |