Millatlar va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida do‘stlikni kuchaytirish
Surxondaryo viloyatida turli millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Bu yerda 670 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘ini, rus, turkman va tojik milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda.
“Asr qurilishi” nomini olgan “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘li, To‘palang GESi, Xangaronsoy va To‘palang suv omborlari, boshqa ko‘plab ijtimoiy inshootlar barpo etilishida turli millat vakillari bahamjihat mehnat qildi. Ayni kunlarda, mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi, Surxondaryo viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Termiz shahrida “Turli millatlar va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini kuchaytirish” mavzuida o‘tkazilgan anjumanda shular haqida atroflicha so‘z yuritildi. Fuqarolik jamiyatini o‘rganish institutining Surxondaryo viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan tadbirda mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, milliy madaniyat markazlari vakillari, olimlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar yurtimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida tinchlik va barqarorlikni saqlash, millatlararo va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdilar. Anjumanda viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirishda millatlararo totuvlik muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi
Toshkent islom universitetida 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti va YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Isroil, Italiya, Polsha, Rossiya, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan din ishlari bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari D.Badarch va boshqalar O‘zbekiston zaminida turli xalqlar mehr-oqibat, qardoshlik tamoyillari asosida tinch-totuv yashab kelayotgani, bugungi kunda bag‘rikenglikning buyuk tarixiy an’analariga monand 130 dan ortiq millat hamda elat vakillarining vijdon va e’tiqod erkinligi kafolatlanganini ta’kidladi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo va butun dunyoda hamjihatlikka erishish, dinlararo totuvlik, tinchlikni saqlash yo‘lida muhim dasturilamal bo‘layotganini, bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z aksini topganini e’tirof etdi.
O‘zbekistonda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 250 ga yaqin tashkilot faoliyat yuritmoqda. Diniy ta’limga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent islom universiteti, madrasalar, islom o‘rta maxsus ta’lim dargohlari, xristian seminariyalarida diniy sohada yetuk mutaxassislar tayyorlanadi.
Bugun yurtimizda 140 ga yaqin milliy-madaniy markaz mavjud. Ularda turli millat va elat vakillari o‘z ona tili, milliy qadriyatlari, tarixi, madaniyatini o‘rganish, ularni yoshlarga yetkazish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Rossiya Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar bo‘yicha kengash a’zosi O.Goncharov, Vatikan davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ch.Milore, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy, Novoapostol cherkovining Berlin-Brandenburg okrugi apostoli V.Nadolni va boshqalar mavzu yuzasidan ma’ruzalar o‘qidi.
Tadbir doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan bosma nashrlar, suratlar, turli millatlar amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 7 mart kunidagi "O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitani tashkil etish to’g`risida"gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo’lib, har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo’lgan munosabatidan qat’iy nazar tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog`liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Din ishlari bo’yicha qo’mita o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasiga va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, o’z Nizomiga amal qiladi.
Din ishlari bo’yicha qo’mita o’z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Quyidagilar Din ishlari bo’yicha qo’mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq diniy masalalarni hal qilishda yagona siyosatni amalga oshirish;
- davlat organlarining respublika hududida joylashgan diniy tashkilotlar bilan o’zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;
- davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish.
Din ishlari bo’yicha qo’mita unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funkstiyalarni amalga oshiradi:
- davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o’zaro munosabatlarini muvofiqlashtiradi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
- diniy tashkilotlar, shuningdek xorijiy diniy tashkilotlar bilan o’zaro munosabatlarga doir diniy masalalar bo’yicha ishlarni olib boradi;
- diniy tashkilotlar iltimosiga ko’ra ularning davlat organlari bilan o’zaro aloqalariga ko’maklashadi va hal etilishi talab qilinadigan masalalar bo’yicha zarur yordam ko’rsatadi;
- diniy tashkilotlar va ularning a’zolari o’rtasida o’zaro bir-birini tushunishni va sabr-toqatlilikni mustahkamlash siyosatini o’tkazadi, ushbu borada tashkilotchilik ishlarini amalga oshiradi;
- O’zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig`iga ko’ra vijdon erkinligiga va diniy tashkilotlar faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
- diniy ta’lim muassasalari faoliyati belgilangan tartibda listenziyalanishi, listenziatlar tomonidan listenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil qiladi, listenziyalar reestrini yuritadi;
- respublika doirasida va chet ellarda diniy tashkilotlar o’rtasida aloqalar o’rnatilishini tashkil qiladi;
- O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi muqaddas joylarga borishini, shu jumladan Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishini, fuqarolarni diniy o’quv yurtlarida ta’lim olish, malaka oshirish va tajriba almashish uchun chet ellarga yuborishni, xorijiy fuqarolarni o’qishga qabul qilishni, xalqaro anjumanlar o’tkazilishini tashkil qiladi;
- diniy tashkilotlar va O’zbekiston Respublikasida diniy adabiyotlar nashr qiluvchi nashriyotlar to’g`risidagi axborotlarni yig`ishni ta’minlaydi;
- respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, CD, DVD va boshqa disklarni) ekspertizadan o’tkazadi va mazkur faoliyatni muvofiqlashtiradi.
Din ishlari bo’yicha qo’mita o’ziga yuklangan vazifalar va funkstiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
- vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralardan, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlaridan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risida"gi Qonunning hamda dinga taalluqli boshqa qonun hujjatlarining ijrosi masalalariga doir ma’lumotlar va materiallarini so’rash va olish;
- o’z vakolatlari doirasida diniy tashkilotlarning, shu jumladan diniy o’quv yurtlarining faoliyatini, ularning o’quv jarayoni va dasturlarini, o’quv-tarbiyaviy ishlarini, fanlar bo’yicha o’quv rejalarini, diniy mavzudagi ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam ko’rsatish;
- diniy tashkilotlar rahbarlaridan zarur axborotlarni belgilangan tartibda talab qilish, shuningdek ular tomonidan o’tkaziladigan ularning o’z faoliyati bilan bog`liq tadbirlarda qatnashish.
Din ishlari bo’yicha qo’mita Respublikada joylashgan diniy tashkilotlar bilan mustahkam o’zaro hamkorlik qilish, turli diniy konfessiyalar faoliyatida yordam ko’rsatish, jamiyatda dinlararo va millatlararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash yuzasidan takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |