Denitrifikasiya, nitrifikasiyaga qarama-qarshi jarayondir. Bunda denitrifikasiyalovchi mikroorganizmlar ta’sirida nitrat kislota tuzlari molekulyar azotgacha qaytarilib havoga uchib ketadi, natijada tuproqning unumdorligi pasayadi. Uning oldini olish uchun yerni, tuproqni tez-tez haydab turish kerak. Tabiatda denitrifikasiyalovchi bakteriyalardan – Tiolacillus denitrificans, Ps. Aeruginosa, Ps. Fluorescens, Ps.stutzeri kabilar ko’p uchraydi.
Azot to’plovchi bakteriyalar atmosferadagi molekulyar azotni fiksasiyalab, o’simliklar uchun yaroqli birikmalar hosil qiladi. Azot to’plovchi bakteriyalarga azotobakter, klostridium, tuganak bakteriyalar kiradi.
2-savol . Uglerod aylanishida mikroorganizmlarning roli
Uglerod aylanishi. Uglerod atmosfera havosida karbonat angidridi shaklida 0,03%ni tashkil etadi. Karbonat angidridni o’simliklar qabul qilib, murakkab o’zgarishlarga uchratadi, natijada havoga kislorod ajralib chiqadi. Tabiatda uglerodning aylanishi azotsiz organik birikmalarning bijg’ishi (achishi) natijasida sodir bo’ladi. Bijg’ish natijasida karbonat angidrid, suv va oraliq birikmalar – spirtlar, kislotalar (sut, sirka, yog’ kislota) hosil bo’ladi. Hosil bo’lgan karbonat angidridi atmosferaga ko’tariladi va o’simliklar uni o’zlashtiradi hamda kislorod hosil qiladi. Shu tariqa uglerod tabiatda almashinib turadi.
Bijg’ish jarayonlari qator mikroorganizmlarning fermentlari ta’sirida hosil bo’ladi. Bijg’ishning bir necha turi mavjud.
Spirtli bijg’ish. Inson faoliyatining barcha yo’nalishlarida - pivo, vino tayyorlash, non yopish, spirtli ichimliklar ishlab chiqarish va h.k. larda juda keng qo’llanilib kelmoqda. Bunda achitqi zamburug’larining zimaza fermenti ta’sirida glyukoza achib, etil spirti va karbonat angidrid gazigacha parchalanadi. Unga pivo, non, vino, kefir achitqilari kiradi.
Etil spirti (C2H5OH) yoki etanol har xil xom ashyodan:
a) shakarli (qand lavlagi, melassa, shakar qamish, meva sharbatlari),
b) kraxmalli ( kartoshka, makka, arpa, so’li, tariq, bug’doy va h.k.),
v) sellyulozali ( yog’och,qishloq xo’jalik o’simliklar qoldig’i) lardan olinadi.
Bu achitqi zamburug’lari - Sacchoromyces tufayli yuzaga keladi.Achitqi zamburug’larining bijg’itishini L.Paster 1858 yilda aniqlagan. Buxner 1897 yilda achitqi zamburug’i zimaza fermentini hosil qilishini va uning ta’sirida glyukoza bijg’ib etil spirti va karbonat angidridga parchalanishini isbotladi.
C6H12O6 ----2C2H5OH + 2CO2 +117,3 kDj
Sanoat ishlab chiqarishida madaniy achitqilar ishlatiladi. Achitqi massasining tuzilishiga qarab ular changsimon yoki donador bo’ladi. Changsimon achitqilar spirt tayyorlashda, donadorlari vino, pivo ishlab chiqarishda qo’llaniladi. Achitqilar kislotali muhitda (pH 4-6 ) yaxshi rivojla nadi, 15-17% spirtli eritmaga chidamli. Jarayon qanday sharoitda kechishiga qarab ( aerob yoki anaerob ) yuqorigi – Sacch. cerevsiae va pastki - Sacch. vini bijg’ish achitqilari farqlanadi. Yuqorigi bijg’ish achitqisi vino tayyorlash va non yopishda, pastkisi pivo ishlab chiqarishda qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |