I bob bo‘yicha xulosa
Xulosa qilib aytganda, o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda arab tilshunosligiga doir bir muncha nodir manbalar yozilgan. Xususan, Mahmud Zamaxshariyning “Mufassal”, “Muqaddamatu-l-adab”, “Unmuzaj”, Nosir Mutarriziyning “Misbah”, Hamiduddin Daririyning “Muqaddima”, Abu Yoqub Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asarlarini alohida aytib o‘tish mumkin. Sakkokiy o‘rta asrlarda Xorazmda temirchi oilasida dunyoga kelgan. O‘zi ham ota kasbi temirchi bo‘lgan. Ilm olishni 30 yoshlaridan boshlagan va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan. Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asari arab tili grammatikasi va adabiyotshunoslik haqida yozilgan mukammal asar bo‘lib o‘z davrida ham bugungi kunda ham o‘z o‘rnini yo‘qotmagan. Bu asar o‘z davrida madrasalarda darslik sifatida o‘qitilib kelingan. Asarni Sakkokiy uch qismga ajratgan: sarf, nahv, ma’no va bayon ilmlari. Asar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoning ko‘plab shaharlariga kirib borganligi uning qanchalik qiymati balandligidan dalolat beradi. Asarning dunyo fondlarida bir qancha qo‘lyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Xususan, Turkiyada uning 40dan ortiq qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Asar qanchalik qiymatli ekanligini o‘sha davrning o‘zidayoq unga o‘nlab yozilgan sharhlardan ko‘rishimiz mumkin. Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asari hozirgi kunda o‘z o‘rnini yo‘qotmagan. Bu asar bo‘yicha tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Asar haqida G‘arb tadqiqotchilari tomonidan muhim ma’lumotlar keltiriladi. Jumladan, J.Bearman, T.Binakuis, S.Bosvorz, E.Van, Manfred Voidich Sakkokiyni “arab tilshunosligida yorqin iz qoldirgan olim” deya ulug‘lash bilan bir qatorda, “Miftahu-l-ulum” asari arab tili uslubiyatiga oid manbalardan biri ekanligini ta’kidlagan.
“Miftahu-l-ulum” arab tili grammatikasining barcha ilmlarini qamrab olgan bo‘lib, shu sohadagi boshqa manbalardan eng afzali hisoblanadi. Asarda Qur’oni karim oyatlari keng va aniq talqin qilinganligi, oyatlarning grammatik qurilishiga, ularning ifodalanishiga katta o‘rin berilganligi uni shunchalik mashhur bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Sakkokiy vaqf (to‘xtash), tafxim (tovushlarni yo‘g‘on o‘qish), imola (unlilarning moyillashuvi) va bulardan boshqa Qur’onni to‘g‘ri o‘qishda muhim bo‘lgan qoidalarni alohida mavzu ostida bayon qilgan. Shu bilan bir qatorda, qoida sababli sodir bo‘lgan oyatlardagi morfologik o‘zgarishlarni ham tushuntirib bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |