www.ziyouz.com kutubxonasi
2
MUALLIFDAN
Bismillahir rohmanir rohiym
Qur’oni Karimni olamlarga bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun
O’zining rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam (s.a.v.) ga nozil qilgan Allohga
hamdu sanolar bo‘lsin!
Alloh o‘zining Kalomi majidida (asta’izu billoh):
«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va
shubhasiz, o‘zimiz uni muhofaza qilguvchimiz», deb Qur’oni Karimni saqlashga
va’da bergan. («Hijr», 9).
Alloh taolo Qur’oni Karimni eng mukarram va ulug‘ Kitob qilib, bizlarni uning
tilovatiga musharraf etdi. Mazkur muborak Kitob orqali bizni diniy va dunyoviy ilmlardan
boxabar qildi.
Risolatni ado qilgan, amonatni bizlarga yetkazgan sayyidimiz Muhammad (s.a.v.)ga
va u kishi bilan bizlarning o‘rtamizda vosita bo‘lgan hamda naql qiluvchilarning eng
yaxshilari — avlodu ashoblariga salovotu salomlar bo‘lsin! Bu zotlar Payg‘ambar
alayhissalomdan olgan ta’limotlarini, keyingi avlodlarga yetkazishdek yuksak burchni
ado etganlarning eng ulug‘lari bo‘ldilar. Agar bu ta’limot bo‘lmaganida, bizlar hidoyat
topmas edik. Buning uchun Alloh taolo hammalariga payg‘ambarlarning ummatlarga va
ajdodlarning avlodlarga qilgan xizmatlari uchun beriladigan mukofotlaridan ato etsin.
Qo‘lingizdagi risolani yozishdan maqsad butun Movarounnahr diyori faxrlanadigan
va O’zbekiston yodgorliklar muzeyi uni saqlashdek sharafga ega bo‘lgan Usmon Qur’oni
bilan tanishtirishlikdir. (Ushbu risola 1971 yilda chop qilingan. O’sha vaqtda mazkur
Mushaf O’zbekiston davlat tarix muzeyida saqlanar edi. Tarjimon).
Mazkur Mushaf bir paytlar Samarqandda bo‘lib, uning ulug‘ qadriyatiga hamma ham
e’tibor bermas edi, uni asl mohiyati va tarixini bilmagan holda, tabarukkona ziyorat
qilinardi, xolos. Chunki, o‘sha vaqtda bu o‘lkada ilmu irfon nuri susaygan va bid’atlar
kuchaygan davr hukmron edi.
Ruslar Samarqandni ishg‘ol qilgach bu qimmatli gavharga qiziqib qoldilar. Tezda
uning dovrug‘i hamma yoqqa tarqaldi. Shu paytdan boshlab uning to‘g‘risida gazeta va
jurnallarda maqolalar paydo bo‘la boshladi. Sovetlar davrida bu Mushafni tadqiq qilib
o‘rganuvchilar ko‘paydi. Bu davrga kelib ilm-fanning ko‘p tarmoqlari vujudga keldi.
O’zbekistonda har sohaning o‘z olimlari yetishib chiqdi. Toshkent asta-sekin ilm-ma’rifat
markaziga aylandi. Poytaxtga jahonning barcha yurtlaridan delegatsiyalar, turli
sayyohlar kela boshladilar. Ular Mushafning xabarini eshitgach, uni ziyorat qilish istagini
bildirib, tarixi bilan qiziqdilar. Ayniqsa, musulmon delegatsiyalarining a’zolari bu
muborak Mushaf to‘g‘risidagi haqiqatni bilishga katta ehtimom ko‘rsatdilar. Shu bois
O’rta Osiyo va Qozog‘iston (hozirgi Movarounnahr. Tarj.) musulmonlari diniy idorasi bu
Mushafi sharif to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida bir kitob yozishni zarur deb topdi.
Kamina Allohdan madad so‘rab mazkur muhim vazifani ado etish uchun diyorimizda
mashhur bo‘lgan Usmon Mushafiga taalluqli rivoyatlarni va mashhur asarlardagi unga
tegishli xabarlarni jamlab, risola holida tasnif qildim. Uning avvaliga Qur’oni Karim
tarixini va hazrati Abu Bakr va Usmon (r.a.) davrlaridagi uni jam’ qilishga taalluqli
muhim masalalarni kiritdimki, ushbu Mushafi sharifimizning o‘rganilishi ana shularga
bog‘liqdur. Risolani «Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi» deb atadim. Bu ishda
mening xizmatim, faqatgina turli davrlardagi ma’lumotlarni yig‘ib, ularni tartibga
keltirishdan iborat bo‘ldi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |