www.ziyouz.com kutubxonasi
202
— Omonlik berdim, u yo‘lni ko‘rsatgil, — dedilar.
Yahudiy aytdi:
— Bu qal’a ichiga yer ostidan ketgan suv arig‘i bordir. Agar shu ariqning boshini topib,
suv yo‘lini bog‘lar bo‘lsangiz, uch kunga qolmay taslim bo‘lg‘aylar.
So‘ngra ariq boshini topishib, suv yo‘lini bog‘ladilar.
Yahudlar bundan xabar topgach: «Suvsizlikdan o‘lgandan ko‘ra, urushib yurib
qirilganimiz yaxshiroqdur», deyishib, sel qoplagandek hujumga chiqdilar. Mujohidlar
tarafidin qattiq qarshilikka uchrashib, jon shirinlik qilib, olg‘a bosolmay, yana orqaga
qaytdilar. Mana shu chog‘da ansor bahodiri Abu Dujona boshliq bir necha jonfidolar
«Allohu akbar» sadosi bilan orqalaridan hujum qilganlaricha quvishib qal’a-ga kirdilar.
Dushman jon talvasasida qochib o‘ng yonidagi qal’aga tiqilishdi. Bu yangi olinmish
qal’ada o‘ljaga qoldirilgan jonlik-jonsiz mol-dunyoning hisobi yo‘q edi. Yahudlar bu
qal’aga faqat nishonchi, mergan kishilardan saylab qo‘ymish edilar. Islom askarini yaqin
keltirmay, alar ustlariga yomg‘irdek o‘q yog‘dirgali turishdi. Shu chog‘dagi otilmish
o‘qlardan bittasi Rasulullohning etaklariga kelib tegdi. Muni ko‘rdilar ersa darhol yerdan
bir changal mayda tosh olib «Allohu akbar» deb qal’aga otdilar. Otishlari bilanoq qal’ada
bir zilzila paydo bo‘ldi, butun askarlari bilan qal’a yerga cho‘kib, barchalarini yer yutdi.
Bu esa Xudo qudrati bilan Payg‘ambarimizning haqligi uchun ko‘rsatilgan mo’jizalari edi.
Bu qudratni ko‘rib turishsa ham qolgan yahid askari iymon keltirmadilar.
Shundoq bo‘lib, Xaybar qal’alari ketma-ket musulmonlar qo‘liga o‘ta boshladi. Biroq
bular ichida fath bo‘lmagan yana uch qal’a qoldi. Alarning eng kuchlik, ishonchlik
qal’alari ersa Alqamus nomli bo‘lib, bu qal’ada yahud raislarining oilalari, yana har turli
qimmatbaho mollari saqlanmish edi.
Rasululloh bu qal’a ustida yigirma kun qattiq qamal qilib turdilar. Oxiri Hazrati Ali
qo‘lidan bu ham fath bo‘ldi. Onamiz Safiya shu qal’adan asir olingan edi. Bu qal’a
olingandan keyin yahudlarning ruhlari tushganlikdan, qal’a ichida turib mudofaaga
kirishdilar. Qolgan ikki qal’ani ham o‘n to‘rt kun qamal qildilar. Lekin yahudlar tashqari
chiqishga botinolmay, qal’a ichidan mudofaa qilib turishdi. Qurol tashlab berilishga
kelmagach, o‘zlaridan olingan qal’abuzar yaroqlarni keltirib, qal’aga otmoqchi bo‘ldilar.
Muni ko‘rib yahudlarga qattiq qo‘rqinch tushdi. Agar o‘zlari taslim bo‘lmas ekanlar, yo
ochlikdan halok bo‘lish, yo kuch bilan bosib olinishni bildilar. Shu bilan boshqa chora
topilmay o‘rtaga orachi qo‘yib kelishgandan so‘ngra tubandagi shartlar yozilib, bir
sulhnoma tuzildi.
Birinchi, o‘z jonlariga, xotin-bolalariga omonlik olishib, bir qavat kiygan kiyimlari bilan
Xaybar tuprog‘idan chiqib ketgaylar. Mundin boshqa butun mol-dunyolari, tamom asbob-
uskuna, yaroq-jabduqlarini musulmonlarga topshirib bergaylar. Ko‘mgan-yashirgan
mollari bo‘lsa, ularni ko‘rsatgaylar. Bu to‘g‘rida hech qanday xiyonat bo‘lmasligi
shartdur. Bu ishlar bajarilgandan so‘ngra, xohlagan joyga ketishga ruxsat berdilar.
O‘rtada bitim bo‘lib, sulhnoma yozilgach, urush to‘xtadi. Shu bilan Xaybar qal’alari
butunlay musulmonlar qo‘liga o‘tdi. Bu keyingi sulh bilan olingan ikki qal’adan chiqqan
asboblari ersa shular edi:
yuzta temir sovut;
to‘rt yuz dona qilich;
mingdan ortiq nayza;
besh yuz dona o‘q-yoy.
Bir necha jild yozilgan Tavrot kitoblari ham bor edi. «Bularga bizning hojatimiz yo‘q»,
deb Rasululloh Tavrotni so‘ragan yahudlarga berdilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar raislaridan Kinona ibn Rabe’ degan
yahudiyni chaqirib:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |