www.ziyouz.com kutubxonasi
170
yorug‘ qilish, qozon qaynatib osh qilishning iloji yo‘q edi. Hech qachon shundoq qattiq
to‘polon ko‘rmagan askarlar bunday ahvolni ko‘rib aqldan adashdilar. «Muhammad sehr
qilib bo‘ron chiqazdi, endi ustimizga hujum qilur», deb askarga qo‘rqinch tushganlikdan
har kishi jon vahimasida qoldi. Rasulullohga qo‘shilgan Madina munofiqlariga bu bahona
bo‘lib, ruxsatsiz uylariga qaytgali turishdi. Havoning sovuqligi, qorinning ochligi,
kiyimning yo‘qligi, kechaning qorong‘uligi bo‘lib musulmonlar ham bek g‘am yedilar. Shu
kecha har ikki taraf askarlari yuqorigi sabablardan o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib
qoldilar.
Rasululloh bu holni ko‘rgach sahobalarga qarab: «Bir kishi bormidurmikim, dushman
qo‘shiniga borib, alardin bizga xabar keltira olg‘ay?» deb uch marta qayta aytdilar. Har
bir aytganlarida Hazrati Zubayr o‘rnidan turib: «YO Rasulalloh, bu ishga men borayin»,
dedilar.
Anda Rasululloh aytdilar: «Har bir payg‘ambarning o‘ziga maxsus yordamchisi bo‘lur,
mening ham o‘zimga xos yordamchim Zubayr», deb iltifot qildilar. Ammo u kishini bu
xizmatga buyurmadilar.
Chunki u kishida bahodirlik, o‘tkirlik bor edi. Dushmandin xabar olish ustiga yana bir ish
qilib qo‘ymasin deb, uni yuborishni loyiq topmadilar. Chunki har ishni o‘z ahliga
topshirish lozimdur.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Huzayfa, bu xizmatga sen borg‘il»,
deb buyurdilar.
Anda Hazrati Huzayfa: «Yo Rasulalloh, Alloh haqqi bu xizmatni bajarib kelishga kuchim
yetmaydur. Ochlikdan, sovuqdan yurishga quvvatim yo‘qdur. O‘limdan qo‘rqmasman.
Lekin kofirlar qo‘liga asir tushib qolishdan qo‘rqaman», dedi. Anda Rasululloh aytdilar:
«Alloh taolo seni to‘rt tomoningdan saqlaydi, borgil, bu xizmatga seni buyurdim». Buni
anglab Hazrati Huzayfa sakrab o‘rnidan turdi. Qarasa, avval o‘zida sezilmagan bir quvvat
paydo bo‘libdur. Vujudidagi borliq og‘irchiliklar andin ko‘tarilibdur. Avvalda sovqotib
turgan bo‘lsa ham, Rasululloh bu xizmatga buyurganlaridan so‘ngra, o‘zini hammom
ichida o‘lturg‘on odamdek sezdi.
So‘ngra xandaqdin o‘tib, qorong‘ulik ichida dushmanning qalin askariga borib qo‘shildi. U
chog‘da «yilt» etgan yorug‘, dushman askari ichida yo‘q edi. Yurgan-turganlarning
sharpasidan boshqa maydon ichida hech bir jon ko‘rinmas edi. Timiskilanib yurib-o‘ltirib,
askar boshlig‘i Abu Sufyon to‘piga kelib yetdi. Shu chog‘da Abu Sufyon o‘z askariga
qarab aytdikim:
— Ey Quraysh xalqi, butun jahonni qorong‘ulik bosdi. Har kishi o‘z yo‘ldoshini yaxshi
tanib, soqlik bilan tursun, kecha qorong‘uligidan foydalanib, yana Muhammad josuslari
kelgan bo‘lmasun. Bu chiqqan bo‘ron — shamolning qachon to‘xtashini bilmaymiz.
Qurayza yahudlari bo‘lsa, va’dalarini buzganlikdan oramizda ishonmaslik tug‘ildi. O‘zimiz
ot-uloqlarimiz uchun oziq-ovqatdin siqildik. Shuning uchun hozirgi bu urushni qo‘yib,
uyga qaytishni to‘g‘ri topdik. Bir turlik boshqa ko‘ngilsiz ish kelib chiqmasdin ilgariroq
ketganimiz yaxshiroqdur. Men buyruq qildim, qani endi ko‘chinglar, — deb sakrab
tuyasiga mindi. Tuya yurmagani uchun, nima bo‘ldi deb qarasa, tushovini yechmagan
ekan. Abu Jahl o‘g‘li Ikrima buni ko‘rib:
— Ey Abu Sufyon, sen xalq boshlig‘i, askar qo‘mondoni erursan, hammadin ilgari tuyaga
minib, hammadin oldin qayoqqa qochmoqchidursan? — dedi.
Uning bu so‘zidan uyalib, darhol o‘zini tuyadan tashladi. Tuyasini yetaklaganicha askar
oralab «ko‘chinglar, ko‘chinglar» deb qichqirur edi. Yana shu to‘polonchilikda orqa
hujumidan saqlanish uchun Xolid ibn Valid qo‘mondasida ikki yuz otliq askar chiqarib,
alarni chindovullikka, ya’ni orqa safga qo‘ydi. Shundoq bo‘lsa ham qattiq qo‘rqinchilik
qoplog‘on dushman qo‘shini bosh-oyog‘iga qaramay, tartibsiz ravishda qaytdilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |