www.ziyouz.com kutubxonasi
167
Abduvad emish», deganlarida:
— YO Rasululloh, kim bo‘lsa ham unga chiqqayman, — deb ruxsat so‘radi.
So‘ngra Hazrati Ali Amr ibn Abduvad oldiga kelib:
— Ey Amr, senga uch ish ayturman, albatta ularning birovin qabul qilursan:
Birinchisi, iymon keltirib Islom diniga kirgil.
Anda Amr:
— Bu so‘zing mendin yiroq tut! Ikkinchi so‘zingni ayt, — dedi.
Unda Hazrati Ali:
— Agar iymon keltirmas bo‘lsang, biz bilan urushishni qo‘yib, o‘z elingga qaytgil! Agar
Muhammadning aytgan so‘zi chin ersa, sen o‘limdan salomat qolib, baxtli kishilardan
bo‘lursan. Agar uning bu ishi yolg‘on bo‘lsa, yolg‘on orti vayrondir. U chog‘da sen
degandek bo‘lib o‘z-o‘zidan yo‘qolur, — dedi.
Anda Amr aytdi:
— Sening bu so‘zing Quraysh xotunlariga kulgu bo‘lgudek ishdur. Buni qo‘ygil, uchinchi
so‘zingni aytgil.
Anda Hazrati Ali:
— Yo‘q esa, endi ikkimiz maydon ichida kuch sinashamiz, — dedi.
Buni anglagach, u qahqaha urib kuldi va: «Arab ichida bu ish bilan meni hech kim
qo‘rqita olmaydi. Bu ish esa mening izlagan ishimdur. Muhammadni o‘ldirmoqqa ont
ichib, ahd qilgan edim. Bugungi kunda u ahdimga vafo qilgali vaqt kelmishdir», deb
darhol otidan tushdi.
Har ikki bahodir maydon ichida piyoda bo‘ldilar. Amr ibn Abduvad chaqqonlik bilan
qilichga qo‘l soldi, qorong‘u kechada yalt etgan yashindek qilichni qinidan sug‘urib,
Hazrati Ali boshiga andoq urdikim, qalqon-dubulg‘alarini kesib qilich mizi bir ozroq
boshiga botdi. So‘ngra navbat Hazrati Aliga yetib edi, bir qilich urushlari bilan dubulg‘a
qalqonlarini yorib, boshini yarmiga yetdi. Ikkinchi urish bilan boshini uzib yerga tashladi.
Buni ko‘rib butun musulmonlar shodlik ila takbir aytdilar. Ishongan bahodirlariga bu
zarba yetgach, qolgan yo‘ldoshlari ham chidab turolmay qochdilar. Bulardan Navfal ibn
Abdulloh ot sakratgandi, yiqilib bo‘yni uzildi, boshqalari bo‘lsa, aranggina jon
qutqazdilar.
Shundoq bo‘lib bu qilgan hujumlari o‘zlari uchun ziyonlik bo‘lib chiqdi. Atog‘lik
bahodirlaridan ikki kishining o‘limi alarg‘a qattiq zarba berib, askarning ruhi tushdi.
Mushriklar bu ishdin o‘z odatlaricha yomon fol ochdilar.
Xandaqning bu tomonida, musulmonlar tarafida qolgan o‘liklariga qattiq qayg‘urishdilar.
Alarni so‘rab, har biriga o‘n ming tangadan pul berishga va’da qilishdi.
Anda Rasululloh:
— Xudoga va uning payg‘ambariga qarshi chiqib, urushda o‘lganlarning tanlari
murdordur. Biz nechuk alardin pul olg‘aymiz, tashlab beringlar, bu murdorlarni o‘zlari
ko‘msunlar, — deb, qoldirg‘on o‘liklarini olmoqqa ruxsat berdilar.
Shunday bo‘lgach, dushman askarlari xandaq uzra ikkinchi bor hujum qilishga jur’atlari
qolmadi. Lekin ikki orada to‘xtovsiz o‘q otishlar bo‘lib turar edi. Shunday bo‘lib besh-o‘n
kun o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bular ichidagi qo‘mondonlardan
G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisnga kishi qo‘yib, aning bilan alohida
kelishmoqchi bo‘ldilar. Butun G‘atafon askari agar dushmanlardan ajrab, urushmasdan
o‘z yurtlariga qaytib ketsalar, ularga Madina xurmosining hosilidan uchdan birini
bermakka Rasululloh qaror qildilar. Kechaning qorong‘usida Abu Sufyondan yashirincha
qabila boshliqlaridin ikki kishi keldi. O‘rtada bir ahdnoma xat yozilmoqchi bo‘ldi. Bu ish
ustiga ansor sahobalar raislari Sa’d ibn Muoz va Sa’d ibn Ubodani Rasululloh maslahat
uchun chaqirdilar. Alar bu so‘zni anglagach, aytdilarkim:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |