www.ziyouz.com kutubxonasi
168
— YO Rasulalloh, agar bu ish sizga Xudo tarafidan buyurilg‘on bo‘lsa, bosh ustiga, unga
qarshi aytgudek so‘zimiz yo‘qdur. Agar unday bo‘lmay, bizga kengashmoqchi bo‘lsangiz,
qo‘l kuchimiz bilan topgan halol molimizni alarg‘a nechuk bergaymiz? Islom diniga
kirmasimizdan ilgari bizdan xurmo yemoqchi bo‘lsalar, sotib olib yer edilar yoki alarni
qo‘noq qilib berar edik. Endi Islom diniga kirgan holimizda, bundoq soliq qilib olishlari,
alarning zo‘rligi, bizlarning xo‘rligimizdur, — deb bu ishga norozilik bildirdilar.
Anda Rasululloh:
— Allohdin bu haqda vahiy kelsa edi, hech kim bilan kengashib turmagay edim. Ul ishni
qilsak, dushmanlar o‘z ichidan buzulg‘aylarmi, deb o‘ylagan edim. Haqiqatda esa, sizning
so‘zingiz to‘g‘ridur. Agar siz bunday ulug‘ himmat qilar ekansiz, men ham sizlarga
qo‘shildim, — dedilar.
Shuning bilan o‘ljaga qiziqib turishgan qabila raislarining umidlari uzildi va o‘z joylariga
qaytdilar. Endi ikki orada qattiq hujumlar kutilmoqda edi. Shu o‘rtada Allohning yordami
yetib, o‘ylamagan joydin musulmonlar foydasiga bir ish kelib chiqdi. Bu voqea esa
shundoq edi.
Dushman qo‘shini ichida Ashja’ qabilasining raislaridan Nuaym ibn Mas’ud degan kishi
tun yarmida yashirincha kelib musulmon bo‘ldi. So‘ngra aytdikim: «YO Rasulalloh, qaysi
yo‘l bilan sizga yordam yetkaza olg‘ayman. Agar hiyla ishlatmoqqa ruxsat qilsangiz erdi,
dushmanni o‘z ichidan buzmoqqa kirishur edim. Lekin yolg‘on aytmoq Islomda yo‘qdur
deb angladik», dedi. Anda Rasululloh: «Al-harbu hadi’atun». Ya’ni «Urush ishlari hiyla
bilan bo‘lur» dedilar. Bu to‘g‘rida har qanday hiyla ishlatmakka ruxsat qildilar. Shunda u
yana: «Zarurat tushganda yolg‘on so‘zlasam qandoq bo‘lur, yo Rasulalloh?» deb so‘radi.
Hojat tushganda yolg‘on aytmoqqa, izn berdilar. Shu bilan bu kishi Rasulullohning
oldidan chiqib to‘g‘ri Bani Qurayza yahudiylarining qo‘shlariga keldi. Ilgaridan ular bilan
do‘stligi bor edi. Bu kishini ko‘rib, yaxshi kutib oldilar, taom dasturxoni keltirdilar. Yeb-
ichib bo‘lgach, alarga aytdikim:
— Ey Qurayza xalqi, ilgaridan beri sizlar bilan o‘rtamizda aloqamiz uzilgan emasdur.
Mana shu kungi vaqtda ham Muhammadga qarshi bir ittifoqda turibmiz. Agar birimizga
ziyon bo‘lur ersa, barchamizga bo‘lur. Bunday bo‘lgach, har ishning oxirini o‘ylab qilmoq
kerakdur. Yo‘q esa, ulug‘ ziyonga uchragaymiz. Qardoshlaringiz Bani Qaynuqo’, Bani
Nazir yahudlari ko‘rgan musibatlari sizlar uchun yetarlik ibratdur. Muhammad ularning
mollarini butunlay olib, o‘zlarini arab tuprog‘idan haydab chiqazdi. Alarga u chog‘da hech
kimdan yordam yetmadi. Quraysh, G‘atafon va boshqa qabilalarga kelsak, ularning ishi
sizlardek emasdur. Chunki ular tog‘-tosh, yiroq yerlardan kelmish kishilardur, sizlar esa
Muhammad bilan vatandosh erursizlar. Bola-chaqa, mol-dunyolaringiz shul joydadur.
Muhammad bilan qilg‘on tinchlik ahdini alarg‘a ishonib buzib qo‘ydingiz. Bu urushning
oxiri qandoq bo‘lishini hech kim bilolmaydi. Urush boshlanganidan beri chiqqan natija
ko‘p yaxshi ko‘rinmaydi. Muhammad bo‘lsa, arablar bilmagan bir ish chiqarib, o‘zini
saqlagudek holda bizga qarshi turmoqdadur.
Endi Quraysh boshliq bu hamma qabilalar bu yaqin orada Muhammadni yengishga chora
topar bo‘lsalar, uni qilg‘aylar. Yo‘q esa, bu o‘rinni uzoq qamal qilmoqdin zerikishib, o‘z
yurtlariga tarqalib ketsalar, ana ul chog‘da sizning holingiz ne bo‘lur? Shunchalik ko‘p
qo‘shinga tenglashib turg‘on Muhammadga yolg‘iz o‘zingiz qandoq qarshi turolgaysiz?
Men mana shu hollarni o‘ylab, sizlarga achinganimdan bir tadbir topib keldim. U ham
bo‘lsa shuldirki, Quraysh, G‘atafon — har ikki qabila ishonimlik kishilaridan yetmish
kishini sizlarga garov bersinlar. Bu garovga olingan kishilar siz bilan urush tamom
bo‘lguncha birgalikda dushmanga qarshi urishib tursinlar. Mana shundoq qilgan tadbirda
alarg‘a ishonsak bo‘ladur. Yo‘q esa, bu ishning oxiri sizlar uchun bek xavflidir. Lekin bu
so‘zimni boshqalar eshitib qolmasinlar, — dedi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |