www.ziyouz.com kutubxonasi
69
Ertalab dushmanlik bilan chiqqan Suroqa kechqurun do‘stlik ila uyga qaytdi. Shuning
bilan Payg‘ambarimiz Suroqadan ajrashib, tuni bilan to‘xtamay yurdilar. Yo‘l iyan (xoli)
bo‘lib, hech kishi yo‘liqmadi. Tong otib, tushga yaqinlashganda bir ulug‘ tog‘ning
do‘qmishiga keldilar. Tog‘ bag‘ri ostida qalin ko‘lanka ko‘rinur edi. Shunga kelib
tushdilar. Abu Bakr Siddiqning safar uchun olgan teri to‘nlari bor edi. Uni soyalik o‘ringa
solib, so‘ngra:
— Yo Rasulalloh, uzun tun o‘tib uxlamadingiz, bu o‘rinda biroz uxlab oling, men
qorovullik qilib tururman, — dedi.
Rasululloh yotib uxladilar. Shu orada qo‘y boqib yurgan bir cho‘pon ko‘rindi. Aning qo‘y-
echkilari ichida sutlik sovliqlari bor edi. Andin Abu Bakr Siddiq bir oyoq sut so‘rab oldilar.
Rasululloh uyqudin uyg‘ongandin so‘ngra, u sutni ichdilar. So‘ngra ko‘chadigan vaqt
kelib, u joydin ham jo‘nashdi. Yo‘l uzasida o‘tirgan, Ummu Ma’bad nomlik, arablar ichida
mashhur bir xotun bor edi. Shuning uyiga kechga tomon kelib tushdilar. Shu yillari
ocharchilik bo‘lganlikdin, mollari oriq, sog‘inlari yo‘q edi. Payg‘ambarimiz u xotundin
ichgani sut so‘radilar. «Agar sizlarda go‘sht, xurmo topilsa, sotib olgaymiz», dedilar. Ul
xotun ersa, bu muborak mehmonlarni kim ekanligini bilmas edi. So‘ngra u xotun:
— Agar bizda yemak-ichmakdin biror narsamiz bo‘lsa, sizlardek aziz mehmonlardin hech
ayamas edik, yo‘qchilik yomon ekan, hijolatga qoldik, — dedi. Ochligidin yurolmay,
oriqligidin o‘tloqqa chiqolmay qolgan bir sog‘liq qo‘y shu yerda yotgan edi,
Payg‘ambarimizning ko‘zlari shu qo‘yga tushib:
— Ey Ummu Ma’bad, agar ruxsat qilsang, shu qo‘yni sog‘ib ko‘raylik, — dedilar. Ummu
Ma’bad:
— Oriqlikdin qoq suyak, quruq terisi qolmishdur. Ochligidin kuchi ketib yotmish,
qo‘chqor ko‘rmagan sovliqdur. Unda sut qaydin bo‘lsin, koshki bu qo‘yda sut bo‘lsa edi,
sog‘ib ko‘ring, — dedi.
Anda Rasululloh turib, qo‘y oldiga keldilar, «bismilloh» deb, qo‘yning orqa-oldini silab
edilar, qo‘y irg‘ib turib, boshqacha bir holga kirdi. Burishib, yopishib yotgan yelin-
emchaklarini qutluq qo‘llari bilan ushlab turib, «Ey bor Xudoyo, bu qo‘yimizga barakot
bergil», deb duo qilib edilar, shu onda u qo‘y semirib, yelini chotiga sig‘may chotrab
chiqdi. Bir katta chora (idish) kelturib, o‘zlari sog‘dilar. Hiyol o‘tmay, bu cho‘ng chora liq
to‘lib, o‘n-o‘n besh kishi ichsa ham qondirgudek bo‘ldi. Boshlab uy egasi Ummu
Ma’badga ichirdilar va katta-kichik uning kishilari, undin so‘ngra Hazrati Abu Bakr
boshliq o‘z yo‘ldoshlariga ichirib, barilarini qondirib, sutga to‘ydirdilar. Eng keyin o‘zlari
ichib, «soqil qavmi oxiruxum shurban», ya’ni, «quyguvchi kishi eng oxirida ichishi
kerak», deb ummatlariga adab o‘rgatdilar.
Rasulullohning shu qilgan ishlarida bizlarga necha turlik masala ma’lum bo‘ldi. Birinchisi
shuki, qo‘yni o‘zlari sog‘dilar, uni o‘zlari quyib, hammaga ichirdilar, bu xizmatni
boshqalarga buyurmadilar. Bu ishlari esa, ummat boshliqlariga ta’lim bo‘ldi. Ya’ni,
ulug‘larning tavoze’li bo‘lib, kichiklarga xizmat qilish yo‘lini ko‘rsatdi. Ikkinchisi shuki,
agar mehmonlar o‘z ovqatlaridin yeb-ichmoqchi bo‘lsalar, uy egasidin boshlashlari kerak
ekan. Uchinchi, quyguvchi kishining oxirida ichishini ochiq aytib, ko‘rsatdilar. Chuqurroq
qaragan odamga bulardin boshqa odoblar ma’lum bo‘lishi mumkindur. Shuning bilan
Payg‘ambarimiz u yerdin ham chiqib, yana o‘z yo‘llariga tushdilar. Bundog‘ ulug‘
mo’jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ummu Ma’bad hayron bo‘lib, o‘tirib qoldi. Shu kuni
kechqurun uning eri Aksam degan kishi bir necha oriq qo‘y-echkilarini uyiga haydab
kelayotib, yiroqdin chodir ichidagi oqarib turgan sutlarga ko‘zi tushdi. Bu ishga
ajablanib:
— Ey Ummu Ma’bad, — deb qichqirdi. — Oriqlikdin yurmakka kuchi kelmagan yolg‘iz
qo‘yingdin boshqa bu yerda qo‘y yo‘q edi, idish-tovoqlar to‘lgan sut ko‘raman, buni sen
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |