www.ziyouz.com kutubxonasi
68
— Agar aytganing aniq bo‘lsa, so‘raganim bo‘lsin,— dedilar. Shu onda oti bo‘shanib,
Rasululloh oldiga keldi. So‘ngra aytdi:
— YO Muhammad, meni bu kelishimni qabila xalqi onglagan bo‘lsalar, albatta, ortimdin
yetib kelurlar. Endi men bu yerdin orqaga yonurman (qaytaman), agar bu yo‘lda
kelayotgan quvguvchi kishilar bo‘lsa, barini yo‘ldan qaytarurman. Mandin boshqa
orqalaringizdin hech bir izlovchi kishi kelmasga chora qilurman. Mening sizlarga qilgan
yaxshiligim shu bo‘lsin, — dedi. Tag‘in bir rivoyatda kelmishdur. Suroqa aytdi:
— Ey Muhammad, mening ko‘nglim shundoq topadurkim, sening bu ishing bir kuni
butun dunyoga tarqalur, olam ahli buyrug‘ingga bo‘yinsungaylar, o‘shal kunda oldingga
kelsam, tanig‘lig‘im bo‘lsin, men uchun iymonlik xat yozib bergin, — deb so‘radi. Anda
Payg‘ambarimiz Omir ibn Fuhayrani yozmoqqa buyurdilar. U bu ahdnoma xatni bir
parcha suyakka yoki mesh parchasiga yozib, Suroqaga berdi. So‘ngra Payg‘ambarimiz
aydilar:
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning bilak uzugini qo‘lingga taqqan chog‘ingda qandog‘
bo‘lib ketar ekansan, — dedilar. Anda Suroqa aytdi:
— Hurmuzning o‘g‘li Kisroni ayturmisiz?
— Ha, o‘shani ayturman, — dedilar.
Payg‘ambarimiz Madinaga hijrat qilib kelganlaridin so‘ngra sakkizinchi yili Makka shahri
fath qilindi. Butun Quraysh qabilasi itoat qildilar. Buning so‘ngida Toif, Hunayn g‘azotlari
bo‘lib, tamom dushmanlar taslim bo‘ldi. Mana, shu safardin qaytishlarida, Ji’rona degan
joyda shu Suroqa ibn Molik Rasululloh huzurlariga keldi, sakkiz yil ilgari yozdirib olgan
omonlik xati qo‘lida edi. Yiroqdin ko‘zlari Suroqaga tushib, ani tanidilar.
— Marhabo, ey Suroqa, xush kelding, va’daga vafo qilar kunimiz bizga keldi. Senga,
iymon keltirar vaqti endi yetmadimi? — dedilar. Suroqa shu onda iymon aytib, Islomga
musharraf bo‘ldi. So‘ngra Hazrati Umarning xalifalik davrida butun Eroniston mamlakati
fath qilindi. Bu davlatning tamom xazinalari Islom askari qo‘liga kirdi. Eron podshosi
Kisro ibn Hurmuzning toji, kamari, bilakuzugi, har tarafi oltmish gazlik «Bahor» nomlik
gilami (bu gilam esa sof ipakdin to‘qilgan, eng qimmatbaholik javohirlar bilan
ziynatlanib, bezalgan edi), Bulardin boshqa har turlik ko‘p miqdordagi o‘lja tushgan
mollarni Madinaga keltirdilar. Bu mollarning beshdan biri xazinaga solinib, qolganlarini
musulmonlarga taqsim qildilar. Shu qatorida yuqoridagi gilamni parchalab, ulashtirishga
to‘g‘ri keldi. Ansor, muhojiriyn sahobalarga ani ulashtirib berdilar. Hazrati Alining o‘z
hissalariga tushgan gilam parchasi ellik ming tillaga sotilgan edi. Bu gilamning naqadar
qimmatbaho ekanligi shundin ma’lumdur. Shu chog‘da Hazrati Umar xalifa edilar,
g‘animat mollarini taqsim qilish vaqtida Suroqani chaqirib:
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisro xudolik da’vo qilgan edi, Alloh taolo undin podsholikni
olib, bizga berdi. Mana, uning xazinasi o‘rtamizda bo‘linmoqdadur. Endi shu podshohning
bilakuzugini sening qo‘lingga taqqayman. Allohga hamdu sano aytib, qo‘lingni ko‘targil,
— deb Suroqaning qo‘liga uni taqib qo‘ydi.
Bundin o‘n besh yil ilgari Payg‘ambarimizning «Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning
bilakuzugini taqqan chog‘ingda qanday bo‘lgaysan?» degan mo‘jiza so‘zlari shu edi.
Bundoq mo’jizalik ishlarni o‘z o‘rni kelganda yana bayon qilurmiz. Yana o‘z so‘zimizga
kelaylik.
Suroqa ibn Molik o‘z uyidin otlanib chiqqanida maqsadi Payg‘ambarimizni dushmanlarga
tutib berish edi, demak, shu kelishida qo‘lidin kelguncha zarar yetkazishni qasd qildi.
Lekin uning deganidek bo‘lmay, Alloh taolo aytganidek bo‘ldi. Ko‘z oldida bo‘lib turgan
ulug‘ mo’jizani ko‘rgandin keyin darhol iymon keltirmagan bo‘lsa ham, yomonlik qilishdin
butunlay ko‘ngli qaytdi. Shuning uchun yo‘l bo‘yida kelayotgan hamma quvguvchi
kishilarni turlik so‘zlar bilan ishontirgandin so‘ngra, hammalari yo‘ldin qaytib ketdilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |