www.ziyouz.com kutubxonasi
71
keladigan ulug‘ anhor suvlari bo‘lmagach, ularning tamom tirikchilik ishlari faqat yomg‘ir
suvlariga qarashlikdur. YOg‘inlik yillari to‘qchilik, arzonchilik bo‘lur. Agar yillar quruq
kelsa, xalq qahatchilikka qolgaylar. Rasulullohning muborak zamonlarida shundoq
qurg‘oqchilik yillari bo‘lgan edi. YOmg‘ir talab qilib, minbar ustida o‘qigan xutbalari
tamom bo‘lmay turib, yomg‘ir yoqqanligi hadis kitoblarida mashhurdur. Shuning uchun
bundog‘ qahatchilik kunlarida ikki rakat «talab namozi» o‘qib, ko‘pchilik xalq bilan duo-
istig‘for qilib, Allohdin yomg‘ir talab qilmoq — bizlarga sunnat bo‘lib qoldi. Endi
Payg‘ambarimiz Makkadin Madinaga hijrat qilib chiqib, shu yurganlaricha Xudo
omonatida ketmoqda edilar. Ammo Quraysh xalqi va Makka shahridagi ba’zi mo‘minlar
Payg‘ambarimizning hijratlari qaysi yoqqa bo‘lganligini aniq bilolmadilar. Gumon bilan
har turlik so‘zlar el o‘rtasida ko‘paygan edi. Mana shu orada mo‘min jinlardin birisi,
tubandagi she’rni o‘qib, havo bilan Makka shahri ustidan o‘tdi. Butun xalq uning
qo‘shig‘ini eshitdilar. She’r:
Jazallohu rabbunnosi xayra jazoihi
Rafiqayni hallo xaymatay Ummi Ma’badi,
Humo nazalo bil birri summa tarahhalo
Fa aflaha man amso rafiyqa Muhammadi.
Bu qo‘shiqni aytgan chog‘da havo tarafidin tovush eshitilib, ammo aytguvchining o‘zi
ko‘rinmas edi. Tovushga qarab, bir muncha odamlar yig‘ilishgan, ashula ovoziga quloq
solib, uning orqasidin ergashur edilar. Yuqorigi she’rni o‘qib, mo‘min jin Makka
shahrining bir tomonidin kirib, ikkinchi tomonidin chiqib ketdi. She’rning ma’nosi:
«Ummu Ma’badning uyiga tush vaqtida tushgan ikki yo‘ldoshga Xudo yaxshiliklar
bersun, bular u joyga yaxshilik bilan tushdilar. Yana u joydin yaxshilik bilan chiqdilar.
Har kim Muhammadga yo‘ldosh bo‘lsa, yaxshilikdin boshqani ko‘rmagay, u odam baxtlik
kishilardin bo‘lgay». Makka xalqi bu she’rni eshitgandin so‘ngra Payg‘ambarimizning
Madinaga hijrat qilganlarini bildilar. Chunki Ummu Ma’badning turgan joyi Madinaga
ketar yo‘l ustida edi. Bu joydin o‘tganlarini onglashib Madinaga hijrat qilganlari ma’lum
bo‘ldi. Yo‘lboshchilari Abdulloh ibn Urayqit arablar ichida mashhur qolovuzlardin (yo‘l
boshlovchi) edi. Dushmanlarning ko‘ngliga kelmagan, hech kim bilmagan yo‘llar bilan
yurib-o‘tirib, Madina tarafiga yaqinroq yerda «Aslam» qabilasiga qarashlik bir manzilga
keldilar. Shu qabilaning raislaridan Bani Dah ibn Hasib degan kishi o‘lja olish umidi bilan,
yorog‘lik sakson odam olib, yo‘l to‘sib chiqqan edi. Bir jilg‘a og‘zidin Payg‘ambarimizning
qarshilariga saf bog‘lab chiqib keldilar. Lekin uning Rasulullohga ko‘zi tushgan hamon
ahvoli o‘zgardi, yomon niyatidin ko‘ngli qaytdi. Yo‘ldoshlariga qarab aytdikim:
— Bundoq yaxshi yuzlik kishi Xudoga yolg‘on aytib, yo‘q tuhmat so‘zni qandoq qilsin? Bu
ishni payqamasdin unga bir ozor yetkazur bo‘lsam, ulug‘ xato qilgan kishilardin
bo‘lurman. Yana o‘z og‘zidin so‘z onglashim kerak, — deb, arab yo‘sinida
Payg‘ambarimizga «Hayyakalloh», deb salom berdi.
Anda Rasululloh:
— Kim bo‘lursan, oting nimadur? — deb so‘radilar.
— Otim Buraydadur, o‘zim Aslam qabilasidin erurman, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz
Abu Bakrga qarab:
— Inshaalloh, o‘zimiz salomatlikda bo‘lurmiz, bu ishimiz bizni rohatga chiqargay, —
dedilar. Payg‘ambarimizning bir odatlari — kishining yaxshi so‘zidin fol olur edilar.
Yuqorigi kishining oti — Burayda, qabilasi Aslam edi. Bu ikki so‘zning ma’nosi: birinchisi,
«salqin», ikkinchisi, «salomat» degan bo‘lur. Arab yerlari issiq bo‘lg‘och, alar uchun
salqinlik — rohat edi. Shu ikki og‘iz so‘zni Payg‘ambarimiz yaxshilikka yo‘yib, «o‘zimiz
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |