www.ziyouz.com kutubxonasi
254
edilar. Borliq askarni boshqarib, ko‘rik o‘tkazgandan keyin, yo‘lga tushdilar. Bu gal
Hazrati Alini o‘z o‘rinlarida Madinaga voliy qilib qoldirmoqchi bo‘ldilar. Ul kishi ersa,
bundan ilgari hech bir g‘azotda Rasulullohdan ajrab qolmagan edi. Endi mundog‘ ulug‘
jihod safarida Rasululloh suhbatlaridan yiroq qolishni bek og‘ir oldi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Ali, Horun alayhissalom Muso payg‘ambarga qanday bo‘lsa, sen ham menga
shundog‘ bo‘lishga rozi emasmisan? Muso alayhissalom Xudoga munojot qilmoq uchun
Tur tog‘iga ketganida, akasi Horun alayhissalomni o‘z o‘rnida xalifa qo‘yib ketgan edi.
Men ham seni Madinada qolganlar ustiga o‘z o‘rnimda xalifa qo‘ydim, — dedilar.
Bu so‘zni anglagach, ilojsiz bo‘lib rozilik bildirdilar.
Qur’on hukmi bo‘yincha Islom podshosi tomonidan agar jihodga chiqarilsa, yosh-qari
demay, urushga yaragudek har bir musulmon darhol Islom tug‘i tagiga yig‘ilishlari farz
edi. Bunga qaramay, qabila a’robiylaridan bir qanchalari yolg‘on uzrlar ko‘rsatishib, bu
safardan qolishga Rasulullohdan ruxsat so‘radilar. Bularni ko‘rib Madina munofiqlarining
raisi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ham o‘ziga qarashlik kishilarni ajratib, askarlikdan bosh
tortdi. Yo‘q esa o‘z oldiga dastlab askar tizib, shahar tashqarisiga chiqqan edi. Yiroq-
yaqindan kelgan barcha askarlar yig‘ilishib, endi yuradigan chog‘da, bo‘lmagan
bahonalar bilan buzilib, u munofiq askarlarini olib qaytdi. Bundan maqsadi boshqalarni
ham buzib, bu ishga zarba yetkazish edi. Lekin askar ichida unga ergashuvchilar
bo‘lmadi. Xalq ichiga buzuqchilik solib:
— Muhammad ersa Rum podshosi Qaysar bilan urushmoqchi bo‘libdur. Bu esa o‘yin ish
emas. Rum bilan urushmoqni arab urushlaridek chog‘lagan bo‘lgay. Bu yaqinda eshitib
qolurmiz, qo‘l-oyoqlari bog‘lanib, dushmanlariga asir tushib ketgaylar. Qasam
qilurmankim, bularning shunday bo‘lishi mening ko‘z oldimga kelib turadi.
Aning shunchalik buzuqchilik qilayotganini Rasululloh bilib turgan bo‘lsalar ham, parvo
qilmay, o‘z ishlarida davom etdilar.
Yana boshqa sahobalardan — Ka’b ibn Molik, Hilol ibn Umayya, Mirora ibn Rabe’, Abu
Haysama to‘rtovlari ixlosli kishi bo‘lsalar ham nima uchundir bu muborak safardan
benasib bo‘ldilar. Sahobalar qayerda bo‘lsa, qolganlar ustidan so‘z qilishib:
— Yo Rasulalloh, falon kishi qoldi, — desalar Rasululloh sollallohu alayhi vassallam:
— Qo‘yinglar uni, agar bizga undan yaxshilik yetkulik bo‘lsa, hech qachon bizdan ajrab
qolmagay, ortimizdan bo‘lsa ham yetishib kelgay. Yo‘q ersa, Alloh undan bizni
qutqarmishdur, uning kelmagani yaxshidur, — der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘lga chiqishlari oldida, birinchi kuni askarga tug‘
bayroq topshirdilar. O‘zlarining ulug‘ tug‘larini Hazrati Abu Bakr Siddiqqa berdilar.
Buning bayrog‘ini Hazrati Zubayr ko‘tardi.
Ansor sahobalar ersa, Avs, Hazraj atalib, ikki cho‘ng urug‘ga bo‘linadilar. Avs bayrog‘ini
Usayd ibn Huzayrga, Hazraj bayrog‘ini Hubob ibn Munzirga topshirdilar. Qolmish barcha
qabilalarga boshchilar saylanib, ularga tug‘ bayroq berildi. Shuning bilan birga bu ulug‘
Islom qo‘shini Rasululloh qaramog‘i ostida yo‘lga chiqdilar. Kundan-kun o‘tib, yarim oy
chamasida Tabuk tuprog‘iga tushdilar.
Bahona qilib safardan qolgan sahobalarning biri Abu Haysama Rasululloh yo‘lga
chiqqanlaridan bir necha kun o‘tgach, bog‘iga kirib qarasa, ikki xotuni ikki chaylani
salqin qilib o‘ltirishibdur. U joyga suvlar sepilib, o‘rinlar solingan, taom tayyorlangan edi.
Buni ko‘rgach, u kishi:
— Rasululloh bo‘lsa shundoq kun issig‘ida safar mehnati bilan yo‘l ketib boradur. Abu
Haysama ersa xotinlari oldida salqin joy, qalin to‘shak ustida qandoq o‘ltirur?! Bu ish
insofdan yiroqdur. Rasulullohga yetmaguncha hech qaysingni uyingga kirmasman. Safar
ozug‘ini tayyor qilinglar, — deb ularga buyurdi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |