www.ziyouz.com kutubxonasi
262
— Qachon Muhammad tog‘ tepasiga chiqdi ersa, dovonning eng uchma yeriga kelganida
uni ushlab, tog‘dan qulatib yuboraylik. Tun qorong‘usida bu ishni bajarmoq biz uchun
bek qulaydur. Yana bizdan hech kim gumon qilmaydi, — deyishib o‘zaro qattiq ahd
qilishdilar.
Lekin bu xiyonatlari vahiy orqali Rasulullohga ma’lum bo‘lib qoldi. Kun issig‘idan
saqlanib, o‘zlari bir nechagina sahobalar bilan kecha salqinida dovon oshmoqchi
bo‘ldilar. Boshqa ko‘pchilik askarlarni esa, tog‘ tagidagi keng yo‘l bilan yurishga
buyurdilar.
Ulug‘ sahobalardan Ammor ibn YOsir, Huzayfa ibn Yamonlar ersa, doim Rasululloh bilan
birga edilar. Mingan tuyalarini shu kechasi birovlari haydab, birovlari yetakladilar. Ul
kechalari oy qorong‘usi bo‘lganlikdan kishi o‘z qo‘lini ham ko‘rolmas edi. U munofiqlar
esa Xudo xohlamagan ishni qilmoqchi bo‘lishib, askar yo‘lidan yurishmay Rasululloh
ketidan bular ham dovon yo‘liga yurishdi. O‘zlarini tanitmaslik uchun qorong‘ulik ustiga
yana o‘zlarini o‘rab olishgan edi. Mo‘ljal joyga yaqin kelganda, yomon niyat bilan
birdaniga ot qo‘yishdi. Rasululloh bundan xabardor edilar.
— Darhol bularning oldini to‘sgil, yaqin keltirmagil, — deb Huzayfaga buyurdilar.
Huzayfa qo‘liga qamchi olib, kelayotganlarning ot-ulovlarini bosh-ko‘ziga qaramay
savalashga turdi. Lekin ularning kim ekanliklarini taniyolmadi. Huzayfani ko‘rishlari bilan
qo‘rqib orqaga chekindilar. Sir ochilib qolmagay deyishib ko‘ngillariga qo‘rqinch tushdi.
Kecha qorong‘uligidan foydalanib ildamlik bilan ko‘pchilik askar ichiga aralashib oldilar.
Bu ishni Rasulullohdan o‘zga hech kim bilmadi. So‘ngra Hazrati Huzayfa Rasululloh
oldilariga kelgach:
— Yo Rasulalloh, kecha qorong‘usida bosh-ko‘zlari o‘ralgan bir to‘p kishining qorasi
ko‘rindi, o‘zlarini taniyolmadim. Bir-ikki kishining tuyasini o‘xshatdim,— dedi.
Anda Rasululloh:
— Menga vahiy kelib, ularni bildirdi. Bular ersa faloniy, faloniy, — deb o‘n ikki kishini
sanadilar. — Ular meni tog‘dan tashlab o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Alloh meni asrab,
maqsadlariga erisholmadilar, ikkovingizdan boshqa kishi bu sirni bilmasun, — dedilar.
— Andog‘ ersa, bularning boshini kesaylik, ruxsat qiling, Yo Rasulalloh, — degan edilar,
rozi bo‘lmadilar.
Subhonalloh, ey rabbim Alloh, bu nima sirdur? Yuqorida o‘tgan shu qadar ulug‘
mo’jizalarini Rasulullohdan ko‘rishgan bo‘lsalar ham, bularning kufr qorong‘uligi
qoplagan qora toshdek ko‘ngillariga qilchalik ta’sir qilmagan ekan. Shuning uchun
Payg‘ambarimiz quyidagi duoni o‘qib yurishga buyurdilar:
«Yo muqallibal qulubi, sabbit qulubano alo dinika». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, dilimizni
islom dini uzra to‘xtatgil. Shu dinda o‘laylik, shu dinda tirilaylik». Omin.
Bundoq ishlarning tubiga inson aqli yetishdan ojizdur. Buning sirini Allohdan o‘zga kim
bilur?
Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib, qo‘nalg‘udan
qo‘nalg‘uga o‘tib, Madina yaqinidagi Zuovon degan joyga kelib tushdilar. Buning bilan
Madina oralig‘i biror soatlik yo‘l edi. Shu yerga kelganlarida Ziror masjidining
qavmlaridan bir necha boshliqlari kelishib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar.
Bu masjid ersa, munofiqlar tarafidan yasalmish edi. Ularning maqsadlari shu masjidda
yolg‘ondan namoz o‘qish bahonasi bilan yig‘ilishib, Islomga qarshi harakatda bo‘lish edi.
Tabuk safariga chiqar oldida shu masjid jamoatidan uch-to‘rt kishi kelishib:
— Yo Rasulalloh, yog‘in-chochin kunlarda qari-qartang kishilarimiz kela olmas ekanlar.
Shuning uchun yangidan bir masjid yasab bitkazib oldik. «Bayt karam» qilib bersangiz,
masjid ichra kirib, Xudodan yaxshilik tilab, namoz o‘qib bersangiz, — degan edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytishlarida kirib o‘tmakka va’da bergan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |