www.ziyouz.com kutubxonasi
255
So‘ngra qilich-nayzasini taqinib, tuyasini minib yo‘lga tushdi. Shu yurganicha askar
izidan ajramay yurib-o‘ltirib, Tabuk yeriga yaqinlashdi. Shu chog‘da Rasululloh bir joyga
tushib dam olmoqda edilar. Yiroqdan bir necha tuyalik kishilar qorasi ko‘rindi. Rasululloh
u yoqqa qarab turib:
— Bu kelayotgan Abu Haysama bo‘lg‘aymu? — dedilar.
Boshqalar ham:
— Abu Haysama ekan, Yo Rasululloh, — deyishdi.
Shu orada uning o‘zi ham yetib kelib, tuyasidan tushdi. Salom bergandan so‘ngra
o‘ltirmay turib, birga chiqmay qilgan xatosiga Rasulullohdan avf qilishlarini o‘tindi. Unga
tanbeh bo‘lgudek bir oz so‘z aytgandan keyin xatosini kechirdilar. U yerdan yurib
Qur’onda qissasi bor Solih payg‘ambar o‘tgan Hijr degan joyga keldilar. Solih
alayhissalomning mo‘jiza tuyasini o‘ldirgan Samud qavmi shu yerda halok bo‘lmish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech kim bu yerning suvidan ichmasin va tahorat
qilmasin, deb buyurdilar. Choponlarini boshlariga burkab olib, hech yoqqa qaramay, shu
yurganlaricha Solih alayhissalomning mo‘jiza tuyasi suv ichgan quduq ustiga kelib
tushdilar. Samud qavmiga bo‘lgan azobni eslab:
— Undan ibrat olinglar va bu kecha qattiq bo‘ron bo‘lg‘ay, ot-ulovlaringizni mahkam
bog‘lab, ularni yaxshi saqlanglar. Hech bir kishi bu kecha yolg‘iz yurmasin. Agar hojati
tushsa, yo‘ldoshi birga chiqsin, — dedilar.
Shunday bo‘lib, u kecha bir kishining tuyasi bo‘shab ketgan edi. Tuyani izlab u kishi
yolg‘iz chiqib erdi. Rasululloh aytganlaridek, qattiq bo‘ron uni uchirib Toy tog‘iga eltib
tashladi. Ikkinchi bir kishi o‘z hojati uchun tashqariga yolg‘iz chiqib edi, uni jin bo‘g‘ib
qo‘ydi. Bu ishdan Rasulullohga xabar berdilar. Ustiga kelib duo qilganlaridan so‘ngra
shifo topdi. Toy tog‘iga tashlangan kishini ersa, Rasululloh keyin Madinaga yubordilar.
Bu safarda Hazrati Abu Bakr Siddiqni namoz uchun butun askarga imom qilmish edilar.
Hazrati Ibod ibn Bashirni butun askar ustidan yurib soqchilik qilmoqqa buyurdilar. U
kishi ersa birdek aylanib yurib, kecha-kunduz askar holini Rasulullohga bildirib turar edi.
Bir kuni tamom askar suvsizlikda qoldi. Og‘iz ho‘llashga ham yetgudek suv topilmadi.
Suvsizlik, chanqoqlikdan askarga halokat qo‘rqinchi tushdi. Ba’zi bir kishilarning
chanqoqliklari haddan oshib o‘limga yetayozganlarida, tuyalarni so‘yib, ichak-qorni
ichidagi suvni siqib ichishga majbur bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq bu holni ko‘rgach,
Rasululloh qoshlariga kelib:
— Yo Rasulalloh, askarlar suvsizliqdan o‘lish holiga yetdilar. Alloh taologa duo qiling,
bizlarni suvga serob qilib, chanqoqlik balosidan qutqargay, — dedi.
Rasululloh qo‘l ko‘tardilar. Osmonda bir parcha bulut ham yo‘q edi, darhol tog‘dek
bulutlar aylanib chiqib, sharillab yomg‘ir yog‘ishga boshladi. Xiyol o‘tmay, soylar to‘lib
suv oqdi. Butun askar suv ichib qondilar. Bor idishlarini suvga to‘ldirib oldilar.
Shu safarda yana bir necha mo’jizalar yuz berdi:
Bir kuni Rasulullohning mingan tuyalari yo‘lda ketayotganda yo‘qolib qoldi. Bir qancha
sahobalar uni izlab topolmadilar. Askar ichida Madinadan birga chiqqan munofiqlardan
ham bir necha kishi bor edi. Bular esa faqat o‘lja mol topish uchun chiqmish edilar.
Rasulullohning tuyalari yo‘qolgach, ulardan birovi turib:
— Muhammad osmondan sizlarga xabar keltirur, Xudo tarafidan yuborilgan
payg‘ambarman, deydur. Bu ajab ishdurkim, o‘zining tuyasi yo‘qolib qolsa, uning
qayoqqa ketganini bilmaydur, — dedi.
Rasulullohga uning aytgan so‘zi vahiy orqali ayon bo‘lib:
— Shu hozirda bir kishi mening ustimdan so‘z qilib shundog‘ deydur, — deb uning
aytgan so‘zini bir harf qoldirmay aytdilar. So‘ngra:
— Men ham insondan tug‘ilgan inson erurman. Xudo bildirmagan ishni, hech qachon
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |