Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
219
Qaysar tarafidan qo‘yilgan Shom o‘lkasining amiri edi. Bunga yozgan nomani Rasululloh
sahobalardan Horis ibn Umayga topshirdilar. U nomani Umay olib yo‘lga tushdi. Rumga
qarashlik Mu’ta degan joyga kelganda Shurahbil ibn Amr degan G‘asson
qabilasining
raisi u kishiga yo‘liqib qoldi. Uni ko‘rgach:
— Kim bo‘lursan, qayon borursan? — deb so‘radi.
Ul:
— Shomga borurman, — deb javob berdi.
Anda ul aytdi:
— Qurayshdan chiqqan, payg‘ambarlik da’vosini qilgan Muhammad elchisi
bo‘lmag‘aysan? — dedi.
— To‘g‘ri aytding, shu kishining Busro hokimiga yuborgan elchisi erurman, —
dedi Horis
ibn Umay.
Bu so‘zni anglashi bilan askariga buyurib, qo‘l-oyog‘ini bog‘ladilar. Elchiga o‘lim yo‘q edi,
shundoq bo‘lsa ham bu kishini o‘ldirib, shahid qildilar. Har tomonga yuborilgan
Rasululloh elchilaridan bundan boshqa hech kishi o‘ldirilmadi. Bu xabarni anglab,
Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Ularga jihod qilish uchun askar yig‘ilsin, deb buyurdilar. Uch
mingdan ortiq askar yig‘ilmish edi. Asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisani ularga amir
qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Agar Zayd shahid bo‘lsa, uning o‘rniga Ja’far ibn Abu Tolib amir bo‘lsin.
Agar u ham
shahid bo‘lsa, o‘rniga Abdulloh ibn Ravoha qo‘yilsin. Agar unga ham o‘lim musibati
yetsa, askarlar o‘rtalaridan xohlagan kishini askarboshi qilib saylab olsinlar, — dedilar.
Shu bilan Rasululloh boshliq hamma sahobalar askarni uzatgali yo‘lga chiqishdi.
Boshliqlari bilan xalq ko‘rishib, ularning zafarlari uchun duo qildilar. Shu chog‘da
uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha yig‘lagani turdi. Buning sababi nimadur, deb andin
so‘radilar. Anda ul aytdi: «Alloh
taolo oti bilan ont qilurman, dunYo tirikligiga qiziqish
mening ko‘nglimda yo‘qdur. YOki el-yurtimdan ajraganim uchun yig‘lasam, bu ish men
uchun ulug‘ nomusdir. Buning sababi ersa, bir kuni Rasululloh ushbu oyatni o‘qidilar:
«Va in minkum illa variduha kana ala robbika hatmam maqdiyya». Ma’nosi: «Qiyomat
kunida Sirot ko‘prigiga tushmagan va undan o‘tmagan hech kim yo‘qdur. Buning ustidan
o‘tkazishni Alloh taolo o‘ziga lozim qilmishdur». Shu oyat esimga tushdi. Men
bilmasman, u joyga kirganimdan so‘ngra, undan salomat chiqmog‘im qanday bo‘lgay,
shu uchun yig‘ladim».
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu askarlarni uzatib Saniyyatul Vado’
degan joyga yetganda to‘xtadilar. Anda askar amirlariga qarab:
— Sizlarga eng so‘nggi
qilar vasiyatim shuldurki, har ishda Alloh amrini bek ushlanglar,
din yo‘lida taqvolik bo‘linglar, askar haqida mehribonlik qilinglar, qilgan g‘azotinglar
Xudo uchun bo‘lsin. Rizqni Allohdan yeb turib, har turli noz-ne’matlarni undan ko‘raturib,
yana andin yuz o‘girgan kofirlarga qarshi urushinglar. Lekin hech ishda xiyonat
qilmanglar, o‘lja tushgan mollardan
yashirincha olmanglar, urush kunlarida dushman
yerlarida ularning yosh bolalarini, xotunlarini, qari kishilarini, xalqqa aralashmay o‘z
dinida ibodat qilib yotgan so‘fiylarni o‘ldiruvchi bo‘lmanglar. Zarurat bo‘lmagan
holda uy-
imoratlarini buzmanglar, bog‘u bo‘stonlaridagi yemishlik daraxtlarni kesmanglar. Menim
vasiyatim shuldur, — dedilar.
Shuning bilan askarlar Payg‘ambarimiz bilan vidolashib, Madinadan Shom viloyatiga
qarab jo‘nadilar.
Besh kun yurib, Vodil Quro degan joyga yetganlarida angladilarkim,
Rasulullohning noma ko‘targan elchisini o‘ldirgan Shurahbil ibn Amr nurg‘un askar
tayyor qilmishdur. Va bu xabarning ustiga dushmanning ellik kishilik orovul firqasi Islom
askarining orovul bo‘lugi bilan to‘qnashib qoldilar.
Dushman orovul boshlig‘i yuqorigi elchi o‘ldirgan Shurahbilning ukasi Sadus ibn Amr edi.