www.ziyouz.com kutubxonasi
190
Anda Quraysh vakili Suhayl:
— Qarindoshing Ali yoki Usmon yozsin, — deb boshqa kishining yozishiga rozilik
bermaganlikdan Hazrati Alini sulhnoma yozishga buyurdilar.
— Sulhnoma boshiga «Bismilloh»ni yozg‘il, — dedilar.
Anda Suhayl aytdi:
— Ey Muhammad, biz sening bu so‘zingni haligacha taniganimiz yo‘qdur. Ota-
bobolarimizdan qolgan «Bismikallohumma» so‘zini yozsin», — dedi.
Bu yoqdan musulmonlar turib: «Bismillohir rahmonir rahiym»dan o‘zga so‘z yozilmasin»,
deb qichqirishdilar. U tomondin: «Biz «Bismillohir rahmonir rahiym»ni tanimaymiz»,
degan so‘zlar bo‘lib, har ikki tomondan bu so‘zlar ustida qichqirishlar bo‘ldi. Bu ikki
so‘zning qaysisi bilan boshlanishida talashg‘udek ish bo‘lmag‘anlikdan, alarning
aytganidek, «Bismikallohumma» deb so‘z boshlashga buyurdilar. Buning ma’nosi «Ey
Alloh, sening oting bilan boshlayman», degan bo‘lur, chunki arablar Allohga iqror qilib,
olamni Yaratguvchidir deb bilur edilar. Biroq butlarini ulug‘ sanab, qudrat egasi deb,
ulardin hojatlarini talab qilganlikdan mushrik deb ataldilar.
«Mushrik» deb Xudoga sherik qotqonni (qo‘shqonni) aytilur. Muning aksi esa
«Muvahhid»dur. Allohning zoti sifotida yolg‘iz bilib ishongan kishi «muvahhid» bo‘lur.
Mo‘min, muvahhid — bu ikkisi bir ma’noda kelur. Mushrik kofir demakdur. Rasululloh
zamonidagi arablar ersa hammalari mushrik edilar. Shundoq qilib, mushriklar aytgan
so‘z bilan noma boshlandi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hazrati Aliga:
«Bu yozilmish narsa Alloh payg‘ambari Muhammadning Quraysh vakili Suhayl ibn Amr
bilan qilgan sulhnomasidur» — dedilar.
Bu so‘zni anglab Suhayl:
— Ey Muhammad, biz seni Rasululloh deb ishongan ersak, senga qarshi chiqmas erdik.
Rasululloh degan so‘zni qoldirib, Muhammad ibn Abdulloh deb yozsin, — dedi.
Anda payg‘ambarimiz:
— «Rasululloh» so‘zini o‘chir, o‘rniga «Muhammad ibn Abdulloh» yozg‘il, deb Hazrati
Aliga buyurdilar.
Anda Hazrati Ali aytdi:
— YO Rasulalloh, bu haq so‘zni qandoq o‘chirgali bo‘lg‘ay? Men hech qachon buni
o‘chirmagayman, — deb qasamyod qildi.
So‘ngra Rasululloh uni o‘zlari o‘chirib o‘rniga shular deganidek yozdilar. Buni ko‘rgach
musulmonlardan chuvqon (shovqin) chiqib ketdi: — «Agar Muhammad Rasululloh deb
yozilmas ekan, bu ahdnomaga bizning rizolig‘imiz yo‘qdur, o‘rtamizdagi ishni qilichimiz
bilan hal qilgaymiz», deb atrofdagilar qichqirgali turdilar.
Rasululloh ularni so‘z va ishorat bilan bosdilar.
Sulhnoma tamom bo‘lib, unda tubandagicha shartlar qo‘yildi:
Birinchisi, o‘n yilgacha o‘rtadan urush ko‘tarilsin;
Ikkinchisi, shu muddat ichida musulmonlar va mushriklar aralash aloqada bo‘lsinlar;
Uchinchisi, kofirlardan kimarsa musulmon bo‘lib Makkadan Madinaga qochib kelsa, agar
uni talab qilsalar, qaytarilsin;
To‘rtinchisi, musulmonlardan murtad bo‘lib qochqon kishilar qaytarilmasin;
Beshinchisi, arablardin kimarsa kim bilan ittifoq tuzmakka ixtiyorlik bo‘lsin;
Oltinchisi, kelasi yili musulmonlar Makkaga kelgaylar. Anda Quraysh xalqi Makka
shahrini bo‘shatib, tashqari chiqib ketgaylar. Musulmonlar uch kungacha Makkada
turmoqqa ixtiyorlik bo‘lg‘aylar.
Mana shu shartlar qo‘yilib, sulhnoma yozildi. Buning asl nusxasi Rasulullohda qolib,
ikkinchi nusxasi Suhayl ibn Amrga topshirildi.
Uchinchi moddani yozar chog‘ida musulmonlar eshitib yana shovqin soldilar:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |