XAYBAR G‘AZOTI
Xaybar shahri ersa, Madinaning shimoliy g‘arb tarafiga to‘g‘ri kelur. Karvon yurishida
Madinadan to‘rt kunlik yo‘ldir. Yerlari keng, bog‘u bo‘stonlik, oqar suvlik, ekinzorlik
bo‘lib, ko‘p kelishgan joy edi. Bu yerda yahudiylar yashamoqda edilar. Bu urushning
sababi esa, Rasulullohga dushmanligi eng qattiq bo‘lgan yahudlar har yoqdan qochishib
kelib, shu joyda to‘planishdilar. Butun kuchlari bilan Islom diniga qarshilik ko‘rsatuvchi
yahud fitnachilarining tug‘i shu joyda ko‘tarilmish edi. Bularning raislari esa Rasulullohga
qarshi boshqa qabilalar ichida tashviqot yurgizib, undan Xandaq urushi kelib chiqishiga
sabab bo‘lgan edilar. O‘zlari kutgan maqsadlari esa mundan chiqmagach, chanqoqlari
qonmay xalq ichiga tarqalib, yana buzg‘unchilik qila boshladilar. Bu holda alarga
qattiqroq zarba yetkazib, boshqalarga siyosat ko‘rsatish lozim edi.
Mana shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya safaridan qaytib
kelgach, bir oy o‘tar-o‘tmas Xaybar safariga chiqdilar. Hijratning yettinchi yili edi.
Xaybar safariga chiqmish askarlar sanog‘i bir ming olti yuz bo‘lib, bundan ikki yuztasi
otliq, qolganlari yayov edilar. Xaybarda yahudlarning o‘n bitta urush qal’alari bor edi.
Urush kunlarida bu qal’alarda o‘n minglab askar saqlanur edi. Qo‘rg‘onlarining egizligi
(kattaligi), askarlarning ko‘pligiga ishonib, ustilariga askar yetib kelguncha xabarsiz yota
berdilar.
Rasululloh kelmaslaridan bir necha kun ilgariroq butun qal’a askarini tashqari chiqarib,
ko‘rik o‘tkazishgan edi. Qarasalar, bu ko‘rikka o‘n mingdan ortiq askar yig‘ilibdur. Muni
ko‘rgach, alar mag‘rurlanib: «Hayhot, Muhammad kelib biz bilan nechuk urusha olur?!
Biz bilan so‘qishmoqqa uning toqati yo‘qdur», deyishib, maqtanchoqlilik bilan tarqashgan
edilar.
Rasululloh Madinadan chiqqach, kechalab yurishib to‘rtinchi kuni tong otar Xaybarga
keldilar. Yahudlar esa bu ishdan xabarsiz o‘z odatlaricha ketmon-kuraklarini ko‘tarishib
qo‘rg‘on sirtiga chiqishayotganda, kelgan askarlarni ko‘rishlari bilan qochishib, qayta
qal’aga kirishdilar. Xaybar qal’alari ichida eng kattarog‘i esa Annuto degan qal’a edi.
Rasululloh shuning qarshisida, mundan o‘q otish yiroqroq yerga kelishib tushdilar.
Bu qo‘rg‘on ichida har qaysisi o‘z oldiga bo‘lingan yana uch qo‘rg‘on bor edi. Birinchisini
No’im, ikkinchisini Sa’b, uchinchisini Qulla der edilar. Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam birinchi qal’adan boshlab qamal qilishga buyurdilar. Dastlabki kuni urush tug‘ini
muhojir sahobalaridan biriga berdilar. Ikki orada qattiq o‘q otishlar bo‘lib turdi. U kuni
esa har ikki tarafdan ham ortiqcha ish ko‘rilmadi. Rasululloh tushgan joyning orqa yog‘i
qalin xurmozor edi. Tun qorong‘uligidan foydalanib aning daldasida dushman kelib
hujum qilib qolmasun deb, andin saqlanish uchun xurmolarni kesmoqqa buyurdilar. Shu
kuni to‘rt yuz tup xurmo kesildi. Ertasi kuni kesishdan to‘xtadilar. Shu kuni sahobalardan
Muhammad ibn Maslama shahid bo‘ldi. Bu kishi ersa atog‘liq bahodirlardan edi. Temir
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |