www.ziyouz.com kutubxonasi
198
sovut kiyib kun issig‘ida qilgan urush harakatlaridan charchab, bir ozgina dam olish
uchun qal’a devorining soyasiga kelib o‘ltirmish edi. Muni payqab turgan bir yahudiy
yo‘g‘on tosh bilan boshiga urdi. Musulmonlar ko‘tarib, Rasululloh qoshiga kelturdilar.
Boshi yanchilgan, ko‘zlari o‘ynab chiqqan edi. Munday achinarli holni ko‘rgach, unga ko‘p
og‘rindilar. Bir oz vaqt o‘tgandan so‘ngra u vafot topdi, raziyallohu anhu.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yetti kungacha bu hujum ustida o‘zlari
boshchilik qildilar. Boshlarida temir dubulg‘a, egnilariga sovut kiygan, o‘ng qo‘lda nayza,
so‘l qo‘lda qalqon tutgan edilar. Mana shu sifatda bo‘lib, askarga boshchilik qildilar.
Munday qilishlari butun ummatga jihod yo‘llarini ko‘rsatib, hayot olamidagi haqiqatni
anglatish edi. Chunki hayot olami demak, asbob olami demakdur.
Alloh tarafidan tuzilgan haq dinni, olam xalqiga o‘rgatish uchun Alloh bergan ulug‘
mo’jizalik payg‘ambarlar ham qurol kuchiga muhtojdurlar. Mundin tashqari, asbob
olamida hech bir ish o‘zicha yuzaga chiqmaydur. Payg‘ambarlarning barchalari bu
qonunga bo‘ysungaylar. Agar sababdan tashqari xalq ko‘ziga biror narsa ko‘rsatar
ekanlar, u esa asbob olamidan emas, qudrat olamining ishidur. Payg‘ambarlarga
mo‘jiza, avliyolarga karomat uchun bo‘lur. Dunyodagi borliq narsalar esa, barchasi
sababga bog‘liq bo‘lganlikdan, uning sabablarini to‘lig‘i bilan kim topa olar ekan, ularning
yuzaga chiqishida hech shak yo‘qdur. Chunki dunyoda har ishning asbobi to‘liqlangach,
kimning qo‘lida bo‘lsin u narsani tebratib, vujudga chiqarish Allohga odat bo‘lmishdur.
Bandaga agar imkoniyat bo‘lar ekan, har narsaning asbobini to‘lig‘i bilan tayyorlamay
turib, Xudo qildi deb qarab turish, hayot olamiga qo‘ygan Alloh qonuniga qarshilik
qilishdur. Qur’onda buni «sunnatulloh» deb aytilur «Va lan tajida lisunnatillohi tadbilo».
Bu oyat esa bizning shu aytgan so‘zimizga ochiq dalildur. Ma’nosi: «Ey Muhammad,
Alloh odati hech vaqt o‘zgarmaydi». Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundog‘ bo‘lib, yetti
kungacha Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar kabi ulug‘ sahobalarga tug‘ topshirib,
qal’a hujumiga buyurib turdilar.
Lekin hech birovlaridan fath alomati bo‘lmadi, balki yahudiylardan bir bo‘luk fidoiy
askarlari to‘satdan hujum qilishib, qamalda turgan ansor askarlarini orqaga
chekintirdilar. Bu chekinishning oxiri Rasululloh chodirlariga borib yetgan edi. Muni
ko‘rib, Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Chunki bu hujumda o‘lim bo‘lmasa ham, yaradorlar
ko‘paydi. Rasulullohning buyruqlaricha askar ulug‘lari navbati bilan har kecha dushmanni
kuzatib, qorovullik qilishur edi. Yettinchi kecha navbat Hazrati Umarga kelib ekan,
qorovul askarlari yarim tunda bir yahudiyni tutib aning oldig‘a olib keldilar. Ani
o‘ldirishga buyurib edilar, u:
— Hoy, meni o‘ldirmanglar, meni payg‘ambaringiz qoshiga elting, siz uchun foydalik
so‘zim bor, unga ayturman, — degach, Hazrati Umar uni Rasululloh huzurlariga keltirdi.
Undan so‘z so‘radilar ersa:
— Ey Muhammad, jonimga omonlik berurmisan, agar qal’a ichidagi sir so‘zlarni aytib
bersam? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Omonlik berurman, ul so‘zlaringni aytgil, — dedilar.
Yahudiy aytdi:
— Bu qal’a ichidagi askarlar esa, besh-o‘n kun o‘tmay turiboq urushdan zerikib qolishdi.
Muning ustiga askarlarda qo‘rqinchlik bor. Qo‘rqqan qo‘shindan yaxshilik umid qilib
bo‘lmas. Shu kecha xotin-bolalarini ikkinchi qal’aga ko‘chirdilar. Ertalab qal’adan chiqib,
ustinglarga hujum qilmoqchidurlar. Agar shu qal’ani qo‘lga kiritur bo‘lsangiz, uning
ichida ishlangan yer ostida bir uy bor. Mendan boshqa uni hech kim bilmaydi. Mana shu
yer ostidagi uyda manjaniq dabboba degan qal’a buzar urush qurollari bordir. Agar shu
asboblar qo‘lga kelar ekan, u chog‘da bari qal’alarni tezlik bilan olgali bo‘lur. Mundan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |