www.ziyouz.com kutubxonasi
135
munofiqlar haqida o‘ylangan choralar ham to‘xtaldi.
Bilmak kerakkim, Rasulullohning qilgan g‘azotlari ichida eng ulug‘rog‘i ikki g‘azotdir.
Birisi Badr, ikkinchisi Uhuddur. Bu g‘azotlarda hazrati Jabroil, Mikoil boshliq ko‘p
farishtalar hozir bo‘lganliklari oyatu hadislar bilan sobit bo‘lmishdur. Qur’oni karimda Oli
Imron surasida oltmish oyat bilan Uhud g‘azoti bayon qilindi. Bu oyatlarda
musulmonlarga bo‘lgan musibatlarning sabablari ochiq ko‘rsatildi. Urushda birinchi
darajali eng zarur ish bo‘lsa, askar boshlig‘ining buyrug‘ini butun bajarish edi. Ayniqsa,
payg‘ambar atalgan kishi bosh bo‘lgan taqdirda aning amri farmonini chin tutmoq Alloh
tomonidan buyrulmish farz edi.
Mana bu Uhud urushida eng dastlab shu buyruq buzildi. Askarnng orqasini saqlaguvchi
ellik nafar merganlar o‘ljaga qiziqib, o‘z o‘rinlarini bo‘sh qoldirib ketdilar. Ikkinchi,
askarga birlik, ittifoqlik bo‘lishi bilan birga, jiddiyat, chinlik, o‘limdan qo‘rqmaslik kerak
edi. Mana bu shartni ham buzdilar. Uchinchisi shulki, mo‘minlarning barcha ishlari,
ayniqsa, jihodga o‘xshash, Islomning eng ulug‘ ibodati xolis Xudo uchun bo‘lishi kerak
edi. Bu ishda hech qandoq dunyolik g‘arazlarning bo‘lmasligi lozim edi. Ish shundoq
bo‘laturib, urush safida turgan askarlardan bir munchalari raislarining amriga qaramay,
o‘lja, mol yig‘ishga kirishdilar. Qilgan jihodlari yolg‘iz Xudo uchun bo‘lmay qoldi. Mana
shu yuqorida aytilmish ishlari, ularning o‘z ixtiyorlari bilan qilmishlari Uhud musibatining
kelib chiqishiga sababchi bo‘ldi. Bu taqdirning eshigini insonlar o‘z qo‘llari bilan ochdilar.
Bunda yana bir hikmat bo‘yicha, gohi vaqtlarda payg‘ambarlarga ham shundoq musibat
yetib turishi lozimdur. Lekin ularga bo‘lgan musibatning orti xayrlik bo‘lib, ish oxiri
ularning foydasiga kelib chiqqay. Ishning bundoq bo‘lishida hikmat shuldurki, agar
payg‘ambarlar har bir urushda doim g‘olibiyat uzra bo‘laversalar, ul chog‘da o‘ljaga
qiziqishib yoki siyosatdin qo‘rqishib, munofiqlar ham musulmonlarga qo‘shilib olgay.
Chin musulmonlarning yolg‘on musulmonlardin farqlari qolmagay. Bu haqda Alloh taolo
Qur’oni karimda bu oyatni keltirdi:
«Liyabtaliyallohu mafi sudurikum vali yumahhisa mafi qulubikum, vallohu alimun bi
zatissudur». Ya’ni: «Alloh taolo sizlarga turli musibatlarni berib, ko‘ngillardagi yashirin
narsalarni chiqarish uchun sizlarni sinaydi, dilinglardagi bekitilgan g‘ashlarni shu bilan
tozalaydi. Chunki Alloh ko‘ngillarda ko‘milgan barcha sirlarni bilguvchidur», demakdur.
Agar payg‘ambarlar o‘zlariga qarshi chiqqan dushmanlardin doim yengilaversalar, u
chog‘da Xudo tarafidin kelgan payg‘ambarlarga bu ish loyiq bo‘lmay, maqsadlariga
to‘sqinlik bo‘lur. Mana shuning uchun payg‘ambarlar dushmanlarini ko‘proq o‘rinlarda
yengib tursalar ham, ba’zi bir joylarda yengilishlar ham bo‘lib turardi. Dushmanni
yenggan chog‘larda ko‘rinmagan munofiqlar dushmandin yengilgan chog‘larda darhol
o‘zlarini tanitadilar. Ularning yashirin yurgan sirlari u bilan yuzaga chiqadi. Boshqa
mo‘minlar ham o‘z ichlarida fursat poylab yurgan ichki dushmanlari kimlar ekanligini
yaxshi bilib oladilar. Shunga qarab ularning daf’iga kelajak kunlarda hozirlik ko‘radilar.
Yana bir hikmat shul edikim, mo‘minlar uchun payg‘ambarlik maqomidan so‘ngi eng
ulug‘ daraja shahodat topishdur. Bandalarining o‘z fe’llarini bahona qilib, mundoq ulug‘
darajani Alloh taolo ularga nasib qildi. Alloh taolo Uhud urushini Qur’oni karimda bayon
qilib, yuqorida aytilmush so‘zlar mazmunida shu oyatlarni yubordi:
«Va laqad sadaqokumullohu va’dahu iz tahussunahum biiznihi hatto iza fashiltum va
tanaza’tum fil amri va asaytum min ba’di ma arokum matuhibbuna, minkum man
yuridud dunya va minkum man yuridul axirata, summa sarafakum anhum
liyabtaliyakum, valaqod afa ankum, vallohu zu fazlin alal mo‘minin».
Ya’ni: «Alloh taolo sizlarga yordam beraman deb qilgan va’dasiga vafo qildi, dastlab
urush boshlanishida Allohning yordami bilan, alarni o‘ldirib g‘alaba qozongan edingizlar,
qachonkim, sizlarga o‘limdan qo‘rqinchlik paydo bo‘ldi, va o‘zaro ittifoqinglarni buzib,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |