www.ziyouz.com kutubxonasi
134
ichiga kirib, masjidga kelgunlaricha ko‘cha yuzidan, uy-uydin chiqayotgan yig‘i tovushlari
eshitilmoqda edi. To‘g‘ri kelib, Rasululloh ma’yuslik bilan masjid oldida to‘xtadilar. Sa’d
ibn Mu’oz, As’ad ibn Huzayr, bu ikkovlari Rasulullohni suyab otdin tushirdilar. Jarohat
og‘irligidan o‘zlari yurishga bo‘lmay, bularga suyanib uylariga kirdilar. So‘ngra oqshom
namoziga hazrati Bilol azon aytdi. Yana shu ikki kishiga suyanib jamoatga chiqdilar.
Namoz o‘qib bo‘lgandin so‘ngra masjiddan qaytdilar ersa, uylaridan yig‘ining ovozi
eshitildi. «Bu yig‘i nimadur?» deb so‘radilar. Anda sahobalar: «Ansor xotunlari Hamza
uchun yig‘laydilar, yo Rasulalloh», deyishdi. Buni onglab Rasululloh alar haqida
«Raziyallohu ankunna va an avladikunna», ya’ni «Alloh sizlardin va avlodinglardin rozi
bo‘lsin», deb duo qilgandin so‘ngra: «endi qaytinglar», dedilar.
Mana shu kundin boshlab, ansor xotunlariga odat shul erdikim, o‘limga yig‘lamoqchi
bo‘lsalar, dastlabda Hamzaga, so‘ngra o‘lganga yig‘lar edilar. Shu kecha Avs— Xazraj
ansor sahobalarining kattalari Rasulullohning uy atroflarini o‘rashib, tong otguncha
kuzatib chiqdilar. Qolganlari ehtiyotdin Madina shahrini aylanib, qo‘riqlashib turdilar.
Chunki Quraysh mushriklari yo‘ldan yonib, qaytadin Madinaga hujum qilish ehtimoli bor
edi. Rasululloh bu ulug‘ musibatdin keyin ansor xotunlarini o‘lganlarni qo‘shib
yig‘lamoqdin qaytardilar. Anda ansor sahobalari:
— YO Rasulalloh, o‘lganlarimizni qo‘shib yig‘lashdin xotunlarimizni man qilibdursiz. Agar
alarning tirikliklaridagi yaxshiliklarini aytib yig‘lar bo‘lsak, bir oz bo‘lsa ham ko‘nglimizda
rohat topgan bo‘lur edik. Bu ishga izn bering, — deyishdilar. Anda Rasululloh:
— In faalna fala yaxmishanna vala-yaltimanna va la yaxluqonna sha’ran vala
yashuqqonna jayban». Ya’ni, «Agar xotunlar yig‘lar bo‘lsalar, shart shuldurkim, yuzlarini
yirtmasunlar, betlarini kacholamasinlar, sochlarini qirqmasinlar, yoqalarin yirtmasinlar,
og‘izlaridan nosoz so‘z aytmasinlar», dedilar. Endi xotunlar shu aytilmish ishlardan
o‘zlarini saqlay olsalar, musibat kunlarida yig‘lamoqning ziyoni yo‘qdur. Mashhur so‘z
shuldurkim, Uhud urushida shahodat topgan kishilar yetmish necha kishi edilar. O‘n
to‘rttalari muhojirlardan, qolganlari ansorlardin edilar. Ammo kofirlardin bo‘lsa, Uhud
urushida ikki yuz o‘ttiz kishi o‘ldirildi. YOlg‘iz Hamzaning o‘zi o‘ttiz kishini o‘ldirdi, degan
rivoyat bordur.
Rasululloh shahar ichiga kirgandin keyin, munofiqlar, yahudlar musulmonlarga bo‘lgan
bu musibatdin qandoq suyunganlarini ko‘ngillarda saqlab turisha olmay, turlik ta’na
so‘zlarini tarqatgani turdilar. Shundoq der edilarkim: — «Endi Muhammad qandoq
payg‘ambarman deb ayta olgay, o‘tgan payg‘ambarlarning hech biriga bundoq musibat
yetmagandur. Agar Muhammad chin payg‘ambar bo‘lsa edi, o‘z tanasiga va
yo‘ldoshlariga mundoq og‘ir musibat tushmas edi. Bunga o‘xshash podshohlik talabida
yurgan kishi qandoq payg‘ambar bo‘la olur?» qabilidagi so‘zlar bilan xalq ichiga ko‘p
fitna soldilar. Munofiqlar raisi ibn Ubay o‘g‘li Abdullohga: «Mening so‘zimga kirmay
urushga chiqding, mana topgan foydang shuldur, o‘lar holga yetib, yarador bo‘lib
qaytmishsan», deb ko‘p ta’nalar qildi. Bunga qarshi o‘g‘li Abdulloh: «Alloh taolo o‘z
payg‘ambariga va ham mo‘minlarga nima ish qilgan bo‘lsa, shunda bir yaxshilik bordur»,
dedi. Munofiqlarning qilgan so‘zlarini onglab, Hazrati Umar Payg‘ambarimiz oldilariga
kelib:
— YO Rasulalloh, bu munofiqlarning so‘zlariga nechuk chidab tururmiz? Agar izn
bersangiz, alarni qoldirmay qilichdan kechiraylik, — dedi. Anda Rasululloh:
— YO Umar, ularni qandoq o‘ldirgani bo‘lur, tillarida bo‘lsa ham: «La ilaha illallohu,
Muhammadur Rasululloh» deydurlar, bu so‘zni aytguvchilar ko‘nglidan emas, qilichdan
qo‘rqib degan bo‘lsalar ham, Islom hukmiga bo‘yinsunsalar, o‘limdan qutulgaylar.
Alarning qonlariga, jonlariga, mollariga to‘qinishmoqlik bizga harom bo‘lgay, — dedilar.
Bu so‘zni anglagandin keyin, sabr qilmoqdin o‘zga chora qolmadi. Shuning bilan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |