www.ziyouz.com kutubxonasi
130
naq qilich bo‘ldi. Bunga o‘xshagan mo’jizalarni o‘z o‘rni kelganida yana ochiq bayon
qilurmiz, inshaalloh. Shundoq bo‘lib, hazrati Hamza qabrga qo‘yilganda, payg‘ambarimiz
muborak ko‘zlariga yosh olib turib: «Agar Safiyani ayamasam erdi va uning qattiq
qayg‘urishini andisha qilmasam erdi, Hamzani ko‘mmagay erdim va aning jasadini itu
qushlar yeb ketsun edi, bu ish menga Alloh oldida ulug‘ hujjat bo‘lur edi», dedilar.
Yana Rasululloh aytdilar:
— Bu shahidlar uchun Xudo oldida guvohlik bergayman, ular qaysi holda shahid
bo‘lsalar, qiyomat kunida shu hol bilan qabrdan qo‘pgaylar. Jarohatlaridan qon oqib
turgay, ko‘zlariga qondek qizil ko‘rinsa ham, aning isi mushk-anbardin ortiqroq bo‘lgay.
Yana bir rivoyatda keldi, Payg‘ambarimiz sahobalarga aytdilar:
— Uhud (jangida) tog‘ida shahid bo‘lgan birodarlaringizni Alloh rahmat qildi. Alardin
Alloh rozi bo‘ldi. Shahidlar arvohlarini yashil ranglik jannat qushlari qildi. Jannat
mevalaridan yegaylar, Kavsar suvlaridan ichgaylar. Arshning ostiga osilgan oltin
qandillarga qo‘nib yotgaylar. Bu shaxidlar qachonkim bundoq noz-ne’mat, aysh-rohat
ko‘rdilar esa degaylarkim: «Ey koshki u dunyoda tirik qolgan birodarlarimiz bizning
bundoq rohat topganimizni bilgan bo‘lsalar edi, har vaqt Xudo yo‘lida, haq yo‘lida
urushdan, o‘lishdan qo‘rqmas edilar». Anda Alloh taolo aytdi: — «Ey shahidlar, shod
bo‘linglar, u dunyoda qolgan mo‘min birodarlaringizga bu xabarni o‘zim yetkazurman».
So‘ngra shahidlar haqida alarning topgan darajalarini, ko‘rgan rohatlarini bayon qilib,
Alloh taolo Rasulullohga ushbu oyatni yubordi:
«Vala tahsabannallaziyna kutiluv fi sabiylilloh amvatan, bal ah’yaun inda robbihim
yurzaquvn, farihiyna bima atahumullohu min fazlih. Vayastabshiruvna billaziyna lam
yalhaquv bihim min xolfihim, anla havfun alayhim valahum yahzanun».
Ma’nosi: «Xudo yo‘lida g‘azotda o‘ldirilgan mo‘minlar o‘lik, deb o‘ylamanglar, balki ular
Alloh oldida tirikdurlar. Jannatdin rizqlarini yeb-ichib turgaylar, Alloh taolo ularga bergan
fazli karami, noz-ne’matlari bilan xursanddurlar. Ortlarida hayot qolib, alarga qo‘shila
olmagan g‘azot yo‘ldoshlari mo‘minlarni o‘zlariga kelib qo‘shilishlariga mushtoqdurlar.
Shahidlarga hech qo‘rqinch bo‘lmagay. Va ular hech qandoq g‘am-qayg‘u yuzini
ko‘rmagaylar», demakdur.
Endi bu o‘rinda shahidlar haqida payg‘ambarimiz aytgan hadislardin biroz bo‘lsa ham
bayon qilib o‘tamiz.
Rasululoh aytdilar:
— Payg‘ambarlar va Xudo yo‘lida g‘azot qilib, so‘qish maydonlarida o‘lgan shahidlar
qabrlarida chirimaydilar. Ularni yeyishni Alloh taolo tuproqqa harom qildi. Boshqa barcha
insonlar o‘lgandin keyin chirib tuproq bo‘lgaylar.
Yana bir rivoyatda keltirilur:
— Uhud shahidlaridan hazrati Jobirning otalari Abdulloh ibn Umarning qabrini qirq necha
yil o‘tgandan keyin sel yuvib, ochib ketdi. Ota-o‘g‘il har ikkovlari bir qabrga qo‘yilgan
edilar. Ko‘rdilarkim, bularning tanlarida hech qandoq o‘zgarish bo‘lmabdur. Yangi yotgan
o‘likdek barcha a’zolari salomat ekandur.
Hazrati Muoviyaning halifalik zamonlarida Uhud tog‘idagi shahidlar yotgan qabriston
ichidan ariq o‘tkazmoqchi bo‘ldilar. Ochilgan o‘liklarni boshqa joyga ko‘milsin, deb
Muoviya buyruq chiqardi. Shul kunlari bir necha shahidlarning qabri ochilgan edi.
Qarasalar, kechagina ko‘milgandek, tanlari yumshoq, a’zolari salomat ekan. Hazrati
Hamzaning muborak tanlariga ketmon tegib ketdi, xuddi tirik kishidek qon oqqanligini
ko‘rdilar. Bu shahidlarning qo‘yilganiga yaqin ellik yil bo‘lgan edi, raziyallohu anhum.
Ansor sahobalaridan bir xotunning eri, o‘g‘li va ham uning akasi Uhud urushida shahid
bo‘ldilar. Buni xotun onglagach «Inna lillahi va inna ilayhi roji’uan» oyatini o‘qib, so‘ngra
Rasululloh qanday bo‘ldilar, deb so‘radi. Rasululloh oldinroqda kelayotgan edilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |