www.ziyouz.com kutubxonasi
119
qiyinchiliklarga chidamlik ko‘rsatib, dushmanga qarshi turdilar. Bu qilishlari bo‘lsa,
kelgusi kunlarda ibrat olguvdek bir ishni ummatlariga qoldirish edi.
Yana shunday qizg‘in urush bo‘lib turgan chog‘da, Quraysh raislaridan Ubay ibn Xalaf
degan kishi: «Endi Muhammad qayon qochib qutila oladi?» deb Rasululloh ustiga ot
qo‘ydi. «Agar shul kuni Muhammad mandin qutulur bo‘lsa, man dunyoda tirik tura
olmagayman», deb qilich ko‘tarib hujum qilmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan sahobalardin bir
nechalari uning oldini to‘sib, qarshi chiqdilar. Anda Rasululloh: «Hoy, uni to‘smanglar,
yaqinroq kelsun», — dedilar. U ham og‘ziga kelganini aytib, qilichin ko‘tarib, chopgali
kelmoqda edi. Rasululloh, yetishiga bir-ikki nayza bo‘yi qolgan chog‘da, yonlarida turgan
Horis ibn Simma degan sahoba tutib turgan qisqa nayzani aning qo‘lidan olib, yomon
niyatda kelayotgan dushmanni yetguncha qo‘ymay, ul sari otdilar. Nayza yetib, uning
bo‘ynini bir oz yaraladi. Ammo qon oqizguvdek yarasi yo‘q edi. Lekin uning og‘rig‘iga
chiday olmay orqaga qaytdi. Borgan sari og‘riq oshib, chidolmay baqirgani turdi. Buni
ko‘rgan boshqa yo‘ldoshlari ani zonglik (masxara) qildilar: «Sening bo‘yningga tushgan
bu yara agar bizning ko‘zimizga tushar bo‘lsa, biz ani eran (pisand) qilmas edik.
Yuraging yo‘q, o‘zing bo‘sh kishi ekansan», deb anga kuldilar. Anda ul aytdi:
— Lot-uzzo haqqi, agar mening bu olgan yaramning dardini Rabia, Muzar (arablarning
ulug‘ qabilasi) xalqi taqsim qilib olur bo‘lsalar, buning ta’siridan barchalari o‘lur edilar.
Endi men nechuk bundan tirik qolgayman, — dedi. Bu kishi Rasulullohning eng qattiq
dushmanlaridan biri edi. Payg‘ambarimiz Makka shahrida turgan chog‘larida ul har
qachon Rasulullohni ko‘rar bo‘lsa, aytur edikim:
— Ey Muhammad, mening bir arg‘umoq otim bor, har kuni o‘n qadoqdin ortiqroq yem
yegizib, uni toblab turibman, shu ot ustida seni bir kuni chopib o‘ldirgayman, — der edi.
Anda Rasululloh uning so‘ziga qarshi:
— Sen meni o‘ldira olmagaysan, inshaalloh, men seni o‘ldirgayman, — degan edilar.
Payg‘ambarimizning shul aytgan so‘zlarini Alloh taolo chinga chiqardi. Shu bilan Quraysh
askari Uhud urushidan qaytishlarida Makka-Madina oralig‘idagi— Saraf degan joyga
kelguncha bu kishi jon talashib, bo‘kirib keldi. Shu yerga kelganda jon berdi. Rasululloh
umrlari bo‘yi qilgan g‘azotlari ichida, ilgari-keyin bo‘lib, shu bir kishini o‘ldirdilar. O‘z
qo‘llari bilan o‘ldirganlari yolg‘iz shu kishi edi. Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Insonlar ichida o‘lgandin so‘ngra eng qattiq azob tortguvchi kimarsa — payg‘ambarni
o‘ldirguvchi yoki payg‘ambar qo‘lidan o‘lguvchi kishi bo‘lur. Buning sababi shuldurki, har
bir payg‘ambar o‘z ummatiga ota-onasidan ham mehribonroqdur. Shuning uchun Alloh
taolo Payg‘ambarimiz haqlarida shu oyatni tushirdi:
«Laqad joakum, rosuvlum min anfusikum, azizun alayhi ma anittum, hariysun alaykum
bil mu’miniyna raufur rohiym...»
Ma’nosi: Alloh amri bilan, o‘zinglardan aziz bir kishi sizlarga payg‘ambar bo‘lib keldi.
Sizlarning og‘ir yukinglar, mehnat-mashaqqatlaring aning ustiga yuklandi. Ul
payg‘ambar sizlarga bek omroqdur (mehribondur). Butun dunyo xalqi Islom dinini qabul
qilar bo‘lsalar, aning eng ortiq tilagi shuldur, ya’ni mo‘minlarga mehribon, alarga
rahmlik, yaxshilik qiluvchi» demakdir.
Endi bilmoq kerakkim, aziz, rauf, rahim, bu uchovi ersa, Alloh taoloning sifatlaridandur.
Chunki Qur’oni karimda: «Innalloha binnasi la roufur rohim» oyatini keltirdi. Ma’nosi:
«Albatta, Alloh taolo odamlarga mehribondur, rahm qilguvchidur» demakdur.
Payg‘ambarimizning haqlarida ham: «Bil mu’miniyna roufur rohim» deb Alloh taolo
Payg‘ambarimizni o‘z ismi bilan atadi. Boshqa hech bir payg‘ambarni bu sifati bilan
atamagan edi. Endi shundoq ulug‘, mehribon, shafqatlik payg‘ambar bir insonni o‘ldirur
ersa, undin sira yaxshilik kutmaganligini bildirur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz
aytdilar:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |