www.ziyouz.com kutubxonasi
115
askarlarga qarab aytdilarkim:
— Ey mo‘minlar, birodarim Jabroil ko‘nglimga shul so‘zlarni soldi. Shundoqkim, hech
kimsa eng so‘ngi rizqini yeb tugatmaguncha dunyodan ketmas, rizqi tugamagan
bandaning o‘lishi mumkin emas, uning rizqini ozaytirish yoki ko‘paytirish hech kimning
qo‘lidan kelmas. Bandaga rizq kelishi har qancha kechikib qolsa ham, yana unga
o‘lchangan rizqi yetmay qolmas. Endi shundoq bo‘lsa, ey mo‘minlar, rizqinglarni halol
kasb bilan talab qilinglar, buning kechikkanligiga shoshilib, o‘zinglarni harom-xarish
narsalarga urmanglar. Halollik bilan kasb qilsanglar, Halol rizq yetkazishlikka Alloh
kafildur. Bosh tanga, tan boshga qandoq bo‘lsa, mo‘minlar ham bir-birlariga
shundoqdur. Birlariga yetgan ziyon birlariga yetgandek bo‘lur. Qaysi qo‘shinda birlik,
chidamlik bo‘lsa, boshqalarni albatta g‘alaba qilur, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh qo‘llariga bir qilich oldilar, ul qilichda arabcha shul she’r yozilmish
edi:
«Fil jubuni orun va fil iqdomi makrimatun
Val mar’u bil jubuni lo yanju minal qadari».
Ma’nosi: «Qo‘rqoqlik nomus keltirur, botirlik davlatga yetkarur. Qo‘rqib qochmoq bilan
hech kishi taqdirdin qutila olmas» demakdur.
Yana askarlarga qarab: «Bu qilichni kim olgay, buning haqqini kim ado qilgay?» dedilar.
Anda askarlardan bir to‘p kishi: «Biz olgaymiz, yo Rasulalloh», deb qilichga qo‘l
uzatdilar. Bular ichida Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom,
shu to‘rtovlari ham bor edilar. Alarga qilichni berishdan to‘xtalib, boshqa bir kishini
kutgandek bo‘lib to‘xtab turdilar. Buni ko‘rib ansorlardin Abu Dujona degan bir sahoba
yugurib keldi va: «Buni haqqi na bo‘lg‘ay, yo Rasulalloh?» deb so‘radi. Anda Rasululloh
aytdilar: «Egilib ketguncha dushman yuziga chopar bo‘lsang, bu qilich haqqi shuldur».
Buni onglab Abu Dujona: «Shu shartni men bajo keltirurman», deb qilichni oldi. Hech
kimga bermagan qilichni Rasululloh bu kishiga berdilar. Chunki ul kishi ansor sahobalar
ichida atog‘lik bahodirlardin edi. Qilichni olgandin keyin, ikki tarafga sollanib (maqtanib),
urush maydoniga qarab yurish qildi. Uning bu yurishini ko‘rib Rasululloh: «Alloh taolo
bundoq yurishni bu o‘rindan boshqa joyda bo‘lsa, yaxshi ko‘rmagay. Ammo urush
maydonida, dushman qarshisida shu yangliq yurishni Tangri do‘st tutgay» dedilar.
So‘ngra urush muboraza bilan boshlandi. Shundoqki, kofirlardin tuya mingan bir kishi
maydonga tushib, o‘ziga bahodir talab qildi. Rasulullohning ruxsatlari bilan sahobalardin
Zubayr ibn Avvom bunga qarshi chiqdi. Har ikkovlari tuya ustidan bir-birlariga hamla
qildilar. Quchoqlashib, bo‘g‘ishib, maydon o‘rtasida bu ikki bahodir ko‘p olishdi. Har ikki
yoqdagi qo‘shinning ko‘zlari bularga tikilgan edi. Bular olishib turgan yerlari tog‘ tagidagi
qiya joy edi. Musulmon bahodiri ust tarafida, kofir bahodiri osti tarafida turdi. Bu
ikkovlon shu chog‘da bir-birlarini tuyadan ag‘darishib, yerga tushdilar. Kofir bahodiri
ostga tushgan edi. Hazrati Zubayr ustiga tushishi bilan xanjar sug‘urib, uni bo‘g‘izlab
tashladi. Buni ko‘rib Rasululloh suyunganlaridan barcha barobar takbir aytdilar.
Bundan keyin, yana kofirlar tomonidan Talha degan bahodir maydonga chiqdi. Bul ersa
alarning bosh tug‘chisi edi. O‘rtada turib — «Er kishi bo‘lsa, qani chiqsin», — deb bir
necha marotaba qichqirdi. Musulmonlar tomonidan ildamlik ila chiqquvchi kishi bo‘lmadi.
Chunki bundoq o‘rinda bahodir saylab chiqarmoq haqqiga askar boshlig‘i egalik qilur.
Dushman bahodiriga teng kelguvdek kishi topib chiqarmoq lozim edi. Shuning uchun
bahodir chiqarish kengashi bir oz kechiktirilgan edi. Buni bahona qilib, kofirlar bahodiri
ta’naga til ochib: — «Ey Muhammad, mo‘minlardan kimarsa o‘ldirilsa, jannatga kirgay,
kofirlardan o‘ldirilganlar do‘zax sari borgay, der emishsan. Agar bu so‘zing chin ersa,
sening yo‘ldoshlaring jannatga kirishdan nechuk kochgaylar, meni o‘ldirib do‘zaxga
yuborishdan nega tortingaylar?», — dedi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |