www.ziyouz.com
kutubxonasi
307
— Sen bilan qaysi joyda ko‘rishgan edim? — dedilar.
U kishi:
— Yo Rasulalloh, meni hijratdan ilgari Ukoz bozorida ko‘rib, dinga da’vat qilgan edingiz.
Sizga ozor berib, ko‘p yomon so‘zlar aytib qaytargan edim, — dedi.
— Ha, shundog‘ bo‘lgan edi, — dedilar.
So‘ngra ul:
— Yo Rasulalloh, o‘shal kunlarda mendan qattiqroq sizga dushmanlik qilgan kishi yo‘q
edi. Islom dinidan hammadan ko‘proq nafrat qilgan men edim. Hamdu sano ul
Allohgakim, ko‘rmasdan turib iymonga musharraf bo‘ldim, o‘lmasdan ilgari sizni ko‘rdim.
O‘shal chog‘da siz bilan ko‘rishgan menim yo‘ldoshlarim hammasi johiliyat dinida o‘ldilar.
Ilgari sizga og‘ir so‘zlar aytib, qattiq qarshilik ko‘rsatgan edim. Shu gunohim
kechilarmikin, Allohdan tilab bering, Yo Rasulalloh, — dedi.
Anda Rasululloh:
— «Alislomu yajubbu ma qoblahu», ya’ni Islom o‘zidan ilgari har qanday gunohni yo‘q
qilgay, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh bularning raislari Xuzayma ibn Savodning yuzini qutlug‘ qo‘llari bilan
siladilar ersa, yongan chirog‘dek yarqirab, yuzi nurlik bo‘ldi. So‘ngra bularga ham
hadyalar berib qaytmoqqa ruxsat berdilar. Raziyallohu anhum.
SUDO QABILASINING ELCHILARI
Sudo qabilasi ham Yaman arablaridan erdi. Boshqa qabilalar kabi elchilar yuborib
Islomga kirishdan to‘xtalib turdilar. Arab tuprog‘ida Islom dini kirmagan qabila ham
qolmagan edi. Rasululloh buni angladilar ersa, Qays ibn Sa’d qo‘mondasida to‘rt yuz
kishilik bir firqa askar Sudo ustiga yubormoqchi bo‘ldilar. Bu askarning ko‘targan jihod
tug‘lari oq bo‘lib, bayroqlari qoradan edi. Shu hol ustiga u qabiladan bir kishi kelib qolib,
bu voqeani angladi. Darhol Rasulullohga kirib:
— Yo Rasulalloh, men ersam o‘z qabilam tomonidan vakil qilib yuborilgan edim. Agar bu
askarni yubormay to‘xtatur ekansiz, ularning Islom dinini qabul qilishlariga o‘zim
kafilman, — dedi.
Bu so‘zni anglagach, Rasululloh askarni to‘xtatdilar. U kishi ersa tezlik bilan Madinadan
chiqib o‘z yurtiga yetdi. Qabilasiga voqeani tushuntirgach, ulardan o‘n besh kishini
elchilikka olib, yana Madinaga qaytdi.
Ansor sahobalardan Sa’d ibn Uboda uyiga tushib, aning mehmoni bo‘ldilar. U ham alarga
ko‘p hurmat ko‘rsatdi. So‘ngra kelib, Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari shahodat
aytib, Islom diniga kirdilar. O‘z yerlariga borishgandan keyin bular orqali butun qabilaga
Islom dini tarqaldi.
Yuqorida yozilgan qabilalardan boshqa yana har tomondan ko‘plab elchilar kelishgan edi.
Rasulullohning husni xulqlarini ko‘rib, rozi bo‘lmagan hech kim qolmagan edi.
Arabistonning har tomonlaridan kelgan elchilar ersa Islom dinining asoslarini o‘rgangach,
Rasulullohdan hadyalar olib, o‘z yurtlariga qaytur edilar. Mana shu kelgan elchilar orqali
butun Arabiston tuprog‘ida tezdan Islom dini tarqala boshladi.
Yuqorigi Sudo qabilasidan alarning Islom dinini qabul qilishlariga sababchi bo‘lgan Ziyod
ibn Horis degan kishi edi. O‘z yeriga qaytar chog‘ida:
— Yo Rasulalloh, bizning joyimizda bir qudug‘imiz bordur. Qish mavsumi kelishi bilan
uning suvi ko‘payib barchamizga yetadur. Yozga chiqib kunlar isigach, ozayib
qolganlikdan, ichishga suvimiz yetishmay atrofga tarqalib keturmiz. Musulmonchilik
yangidan kirgan joylarda biz uchun bu ish xatarlikdur. Duo qiling, Alloh taolo bu
qudug‘imizning suvini mo‘l qilib, barakot bergay, — dedi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |