www.ziyouz.com
kutubxonasi
306
deyishdi.
Anda yana Rasululloh:
— Ko‘rgan fitnalaring eng ulug‘ini bizga gapirib bergil, — dedilar ersa, ular:
— Yo Rasulalloh, o‘tgan yillarning birida qattiq quruqchilik bo‘ldi, yerdan ekin unmay
ocharchilik boshlandi. Biz yemagan narsa qolmadi. So‘ngra o‘zaro maslahatlashib
qo‘limizdagi bor narsalarimizni sotib, shuning puliga yuz ho‘kiz oldik. Barchamiz
yig‘ilishib «Am anas» butimizdan yomg‘ir so‘rab, uning oldiga keldik. Unga atab yuz
ho‘kizni qurbon qildik. It-qushlar yesin deb, o‘zimiz qarab turdik. Yo‘q esa, ulardan ham
biz muhtoj edik. Shu soatdan boshlab yomg‘ir yoqqani turdi. Shundoq ko‘p yog‘dikim,
tuyalarimizning to‘qimlari yomg‘ir suvi bilan ko‘mildi. To‘qchilik boshlanib, ocharchilik
ko‘tarildi. Ana, «Am anas» butimiz yomg‘iryog‘dirdi, tilagimizni berib, bizga ne’mat
yetkuzdi, — deb quvonchlik bilan tarqashdik. Undan ko‘rgan fitnamizning ulug‘rog‘i shu
edi. Qaysi bir vaqtlarda o‘zaro janjallashib qolsak, uning oldiga borur edik. Foyda
ziyonimizga hukm chiqarib gapirur edi, — dedilar.
Anda Rasululloh aytdilar:
— But og‘zidan sizlarga so‘zlaguvchi ersa shaytondur. Butlarda ilohiy quvvat bor deb
ishonishlariga shunday ishlar sabab bo‘lmish edi.
So‘ngra ular Islom dinining asoslarini, undagi farz, vojiblarini so‘rashdilar. Bu narsalarni
Rasululloh bayon qilib, ularni qanoatlantirdilar. So‘ngra shundoq marhamat qildilar:
— Qilgan ahdlaringni buzmanglar. Ahdiga vafo qilmoq iymon alomatidur. Omonatga
xiyonat qilmanglar. Xiyonat qilmoq Islomda haromdur. Qo‘shni haqini yaxshi saqlanglar,
hech kimga zulm qilmanglar. Zulm qiyomatda zulmat bo‘lur. Zolimlar qorong‘ulikda
qolg‘ay.
Shu bilan bir necha kun o‘tib, ketar vaqtida har birlariga o‘n ikki uqiya kumushdan
hadya berib, ruxsat qildilar.
BANI MUHORIB ELCHILARI
Bani Muhorib qabilasidan o‘n nafar odam elchi bo‘lib, Madinaga kelishdi. Raislari ersa
Xuzayma ibn Savod degan kishi edi. Hijratdan ilgari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
Makkada o‘n uch yil turdilar. Har kuni Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarda va haj
mavsumi kelganda Arafot, Minoga yig‘ilgan butun arab qabilalarining har birlari ustiga
kelib, Rasululloh o‘zlarini tanitgandan keyin ularni Islomga da’vat qilar edilar. Yuqorida
buning bayoni o‘tgandur. Ana shu chog‘da Rasulullohga eng qattiq ozor shu qabiladan
yetgan edi.
Alar:
— Agar sendan biror yaxshilik chiqar ekan, unda o‘z qarindosh-urug‘ing Quraysh xalqi
nechuk sening yo‘lingga kirmadilar? O‘z qavmingni qo‘llayolmasang, boshqalarga qanday
foyda yetkura olursan? — degan qo‘pol so‘zlar bilan Rasulullohga qattiq ozor berishgan
edi.
Shuning uchun o‘zlari bek xijolatda edilar. Bu bechoralar qaydan bilgaykim,
Rahmatanlilolamin tojini kiygan «Vainnaka laalo xuluqin azimin» yorlig‘ini taqqan sarvari
olam, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning quyosh ko‘zgusidek ko‘ngillariga olam
xalqining ozorlaridan zarrachalik chang qo‘nmaganligini.
Bayt:
Haq sening vasfingda aytmish Rahmatanlilolamin.
Ham tufaylingdan yaratmish o‘n sakkiz ming olamin.
Shundog‘ qilib bu elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgandan so‘ngra oldilarida uzunroq
o‘ltirishib qoldi. Anda Rasululloh ular ichida bir kishiga qarab turib:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |