www.ziyouz.com
kutubxonasi
24
— Ey amaki, jahon xalqi meni shu ishdin to‘xtatish uchun o‘ng qo‘limga Quyoshni, chap
qo‘limga Oyni solsalar yana to‘xtamayman. Alloh yordami bilan bu ishni olamga
tarqaturman yoki shu yo‘lda halok bo‘lurman. Allohdin o‘zga hech yordamchim yo‘q, —
deb yig‘laganlaricha o‘rinlaridin turib ketdilar.
Payg‘ambarimizni bu holda ko‘rish Abu Tolibga qattiq ta’sir qilib, ko‘ngli buzildi.
Ortlaridin chaqirib:
— Ey qarindoshimning o‘g‘li, o‘z ishingda erkin bo‘l, suyganingcha so‘zla, qasam Allohga
bo‘lsinkim, senga yordam qilishdin sira bosh tortmayman, har vaqt himoyatingda
hozirman, — dedi.
So‘ngra Quraysh raislari Abu Tolibning bu so‘zlarini eshitdilar. Quraysh qabilasi ichida
hasab-nasablik, husni-jamollik Ammor ibn Valid nomlik bir yigit bor edi. Quraysh raislari
bu yigitni olib, Abu Tolib qoshiga keldilar va:
— Ey Abu Tolib, bilursanki, fazli-kamol, husni-jamolda bu yigitimizning barobari yo‘qdur,
buni Muhammad o‘rnida boshga-bosh qilib kelturdik, u bo‘lsa, seni-bizni dinimizga,
o‘tgan bobolarimizning yo‘llariga qarshi chiqdi, o‘zaro ittifoqimizni buzdi, qarindosh-
urug‘larimizdin ajratdi. Endi maslahatimiz shuki, Muhammadni bizga topshirib bersang,
biz uni o‘ldirsak, uning o‘rniga bu yigitni sen o‘g‘il qilib olsang. Shuning bilan
o‘rtamizdagi dushmanchilik ishlarimiz bosilur edi, — dedilar.
Bu so‘zni eshitgan Abu Tolibning achchig‘i chiqib, g‘azabi qo‘zg‘oldi, ularga qarab:
— Sizlar meni qandoq yomon, ziyonlik savdo qildirmoqchi bo‘lasizlar, men sizlarning
bolangizni boqishga olsam, sizlar mening bolamni o‘ldirishga olasizlarmi? Bundoq
ahmoqlik savdoni dunyoda qilgan hech kishi bormidur? — deb ularni mot qildi.
Shuning bilan Quraysh raislarining bu qilgan makri ham bo‘shashga chiqdi. Lekin har
urug‘ o‘z ichidagi musulmonlarni dinlaridin qaytarish uchun qattiq kirishdilar. Alloh ulug‘
ajrlar bersin, ul kunlardagi mo‘minlar haqida toqatdin tashqari urish-qiynashlar bo‘ldi.
Bahona Abu Tolib bo‘lib, mushriklar boshqa musulmonlarga qilgan zulmlarini
Payg‘ambarimizga qila olmadilar. Chunki Abu Tolib Payg‘ambarimizni mushriklar ozoridin
himoya qilishga qattiq ahd qilgan edi. Shu qilgan ahdini quvvatlash uchun Quraysh
qabilasidan ikki urug‘ni o‘z yordamiga chaqirdi. Birinchisi, «Bani Hoshim», ikkinchisi,
«Bani Muttalib» edi. Payg‘ambarimizga nasab tarafidin Quraysh ichida eng yaqinlari ham
shular edi. Chunki Hoshim Payg‘ambarimizning uchinchi bobolaridur. Muttalib bilan
Hoshim ota-boladurlar. Mana shu ikki avlod Islomga kirgan-kirmaganlari barobar Abu
Tolib fikriga qo‘shilib, Payg‘ambarimizni dushmanlardin saqlash va u zotni himoya qilish
tarafdorlari edilar. Mana shu sabablar bahona bo‘lib, Alloh taolo Payg‘ambarimizni
boshqa mo‘minlarga bo‘lgandek, dushmanlar suiqasdlari va qo‘l ozorlaridin o‘zi saqladi.
Ammo ular tarafidin til va dilozorliklari kundan-kunga ko‘paymoqda edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |