HAZRATI UMARNING IYMON KELTIRISHI
Hazrati Umarning iymon keltirishi shundoq ediki, uning Fotima nomlik bir qiz qarindoshi
bor edi. Sa’d ibn Zayd bilan barobar Payg‘ambarimizga kelib, yashirincha dinga kirdilar.
Lekin akalari Umar ibn Xattobning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Janobi Payg‘ambarimiz
hazrati Arqam sahobaning uyida uch yil yashirincha mo‘minlarga Qur’on o‘qitib, Islom
hukmlarini o‘rgatardilar. Bir kuni turib, shundoq duo qildilarkim: «Ey bor Xudoyo,
Quraysh qabilasi ichida birinchi Umar Xattob, ikkinchi Abul Hakam ibn Hishom, bu ikki
kishining iymon keltirishlari bilan Islom diniga rivoj bergin», dedilar. Abu Jahlning
avvalida oti Abu Hakam edi, Payg‘ambarimizga ko‘p johillik qilganligi sabablik otini Abu
Jahl qo‘ydilar. Bu ikkovi Quraysh qabilasi ichida obro‘ylik va ikki urug‘ xalqining raislari
edi. Shuning uchun janobi Payg‘ambarimiz, bu ikkovi iymon keltirsa, boshqalar ham
ergashib, iymonga kirsalar, dinimiz rivoj toparmikin, degan maqsadda duo qilgan edilar.
Bir kuni Na’im ibn Abdulloh nomlik kishi, bu yashirin iymon keltirgan sahobalardan edi,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
26
ko‘chada Umar ibn Xattob bilan uchrashib qoldi, qarasa, urushga chiqqan kishidek qilich
taqingan, fe’li boshqacharoq ko‘rindi. Unga boqib: «Ey Umar, yo‘l bo‘lsin», deb so‘rab
edi, Hazrati Umar: «Ey Na’im, bilginki, shu qilich bilan Muhammadning boshini kesib,
butun xalqni tinchitgali chiqdim. Chunki uning sababidan, ota-bobolarimizdin qolgan
dinimiz xorlandi, qarindosh-urug‘larimiz ajrashib, bir-birlariga dushmanlashdilar. Endi
uni o‘ldirsam, hammani bu ishdin qutqazgan bo‘laman», dedi. Bu so‘zni eshitib, ul
sahoba aytdi: «Ey Umar, bu ishni sen oson chog‘lama, boshqani qo‘yib, o‘zingga
qarasang-chi, singling Fotima, kuyoving Sa’d ibn Zayd, har ikkovi Muhammadga iymon
keltirib, aning diniga kirdilar. Mana sening bu ishdin xabaring bormidur?» dedi. Bu sirni
aytishdin uning maqsadi ersa Xazrati Umarni yo‘ldan qaytarish edi. U kishi o‘ylagandek,
bu xabarni anglashi bilan Hazrati Umarning qattiq g‘azabi qo‘zg‘oldi. Chunki o‘zi
xabarsiz, oilasida bundog‘ hodisaning paydo bo‘lishi hech kutilmagan ish edi. Ularga jazo
berish niyati ila, darhol yo‘lidin yonib (qaytib), singlisining uyiga qarab jo‘nadi. Hubob
ibn Irs degan sahoba har kuni kelib, bularga Qur’on o‘rgatur edi. Boshqalardin ehtiyot
uchun bir bolani qorovul qilib qo‘ygan edilar. Bu esa Hazrati Umarning kelayotganini
ko‘rib, darhol kirib xabar berdi. Shoshganlaridan Qur’on oyatlari yozilgan taxtalarni
darrov berkitdilar. Qur’on o‘rgatayotgan ustozlari Hazrati Hubobni bir joyga yashirdilar.
Shuning ustiga Hazrati Umar eshikdin kirib keldi. Va: «Hoy, sizlar meni arablar ichida
bosh ko‘tariksiz nomusga qo‘yib, Muhammadga iymon keltiribsizlar», deb kuyovlari Sa’d
ibn Zaydning yoqasidin tutib urgani turdi. Buni ko‘rib singlisi Fotima chidab turolmasdin
o‘zini eri ustiga otdi. Orachilab turgan chog‘ida mushtumi tegib ketib, Fotimaning
burnidin qon oqqani turdi. So‘ngra Fotima aytdi:
— Endi bo‘larimiz bo‘ldik, haq ishni yashirmaymiz, bu kirgan dinimizdin o‘ldirsang ham
qaytmaymiz, — deb akasi Hazrati Umarning yoqasiga osildi. Bosh-ko‘zlari qon bo‘lib,
yig‘lab turgan singlisiga qarab, Hazrati Umar o‘zi ham hijolatga qoldi. Qarindoshlik
mehridin Fotimaga ko‘ngli og‘rib, xafalik bilan uzun o‘tirib koldi. Bir fursat o‘tgandin
so‘ngra achchiqlari bosilib:
— Hoy Fotima, haligi men kirishimning oldida o‘qishib o‘ltirgan narsalaringni keltiringlar,
men ham uni o‘qib ko‘ray, — dedi.
Hazrati Umarning xat-savodlari bor edi. Fotima aytdi:
— Buni sizga berishdin, yirtib tashlaysiz, deb qo‘rqamiz.
Hazrati Umar yirtmaslik sharti bilan, o‘qib ko‘rish uchun yana talab qildi. Qarasalar, bir
yaxshilik bordek ko‘rinadi. Anda Fotima aytdi:
— Bu Qur’on oyatlari, Alloh taolo so‘zidur. Buni tahoratsiz tutgani bo‘lmas, sizda tahorat
yo‘qdur, — dedi.
— Tahorat qandoq bo‘ladi, — deb singillaridan o‘rganib g‘usl-tahorat oldi. So‘ngra taxta-
poraga yozilgan Toho surasidin bir necha oyatni ikki-uch qayta o‘qib, ahvollari o‘zgardi.
Iymon nuri ko‘ngillariga tobish qilgandek bo‘lib, mayuslik bilan qarab turdi.
— Ajabo, bu oyatlar odam so‘ziga o‘xshamaydigan, qandoq yaxshi so‘zlardur! — dedi.
Bu orada shuncha gap o‘tgunchalik, Hazrati Hubob qo‘rqqanlaridin, yashiringan joyida
nafas chiqarolmay, xab (tinch) yotgan edi. Hazrati Umardin bunday yaxshi nishonalik
so‘z anglashi bilan, yotgan joyidan chiqib:
— Ey Umar, senga xushxabar, Abul Hakam bilan sening haqqingda qaysi bir kuni janob
Payg‘ambarimiz Xudodin iymon so‘rab, duo qilganlarini ko‘rgan edim. Ul duo sening
haqqingda qabul bo‘lganga o‘xshaydur, — dedi.
— Ey Hubob, meni Muhammadga boshlab bor, Islom diniga kirurman, — dedi.
Buni onglab hammalari suyunganlaridin, takbir aytgan holda, Arqam sahoba uyiga qarab
yo‘lga chiqdilar. Payg‘ambarimiz sahobalariga Qur’on ta’lim berib o‘ltirur edilar. Shul
chog‘da ko‘chaga qo‘ygan qorovullari qo‘rqqan holda kelib, Hazrati Umarning qilich
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |