Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
www.ziyouz.com
кутубхонаси
50
qozonga bosilgan, dasturxonlar tuzalgan, qishloqdagi barcha tandirlarga olov qalangan. Ergashbekning
va qishloqning yigitlari xizmatga shay bo‘lib turibdilar. Ayrim qo‘rboshilar va ajratilgan maxsus
kishilar qishloqqa kiraverish joyga mehmon kutgani chiqib ketishgan. Ergash qo‘rboshi esa kechayoq
yetib kelgan Shokir Noib, Abdulla Zakunchi va boshqa mehmonlar bilan bo‘lajak
qurultoy masalasida
maslahatlashib o‘tiribdi.
Uzoq-yaqindan taklif qilingan mehmonlar birin-ketin yetib kela boshladilar. Mehmon kutuvchilar
qo‘rboshilar va yuqori martabali mehmonlarni Ergashbekning qo‘rg‘oniga, ularning yigitlarini esa
qo‘ra (hovli) larga kuzatib keldilar. Taomlar tayyor bo‘lsada, taomilga ko‘ra, eng hurmatli mehmonlar
oyog‘iga qo‘ylar so‘yildi. Peshin yaqinlashgach, barcha mehmonlar tahorat olib, qishloqning jo’me
masjidiga o‘tdilar. Juma namozi imom-xatibligiga eng hurmatli mehmon Miyon Qudrat Hazratlari
o‘tdilar. Juma namozidan so‘ng qo‘rboshilar o‘z yigitlariga ehtiyot shart har qanday voqeaga tayyor
holda qarorgohga yaqinroq
joyda turishni tayinlab, qo‘rg‘onga kirib ketdilar. Ergashbek o‘z
qo‘rboshilariga qurultoyda qatnashmay, qishloqni muhofaza etishni topshirdi.
Qurultoyni Miyon Qudrat Hazrat boshlab, Allohga hamd, payg‘ambar (s.a.v)ga sano o‘qiganlaridan
so‘ng shunday dedilar:
“— Aziz farzandlarim, mujohidlar, ushbu anjumanda o‘tirib, Farg‘onaning har xonasidan kelgan
sizlarday g‘oziylar, yurt ozodligi uchun alam bog‘lagan (bayroq ko‘targan) azamatlarni bir joyda
baqamti holda, ko‘rib ko‘z yoshlarimni tiya olmayabman.
Bunday anjuman, yurt ozodligi, islom bar-
qarorligi yo‘lida birlashish uchun harakat necha asrlarki, bo‘lmagan edi. Agar bu harakat o‘rus kofirlar
endi-endi bostirib kelayotganda bo‘lganida, balki ajdodlarimiz yurtni ularga berib qo‘ymagan bo‘lur
edilar. O’ruslarning kirdikorlari barchamizga ma’lum: eng yaxshi yerlarimizni tortib oldilar,
boyliklarimizni tashib ketmoqdalar, dini islomni, garchi taqiqlamagan bo‘lsalarda,
uni ichidan
buzishga harakat qildilar va ma’lum darajada bunga erishdilar ham. O’rusning yangi chiqqan toifasi
bolshavoylar esa muqaddas dinimizni butunlay yo‘q qilishni o‘zlariga maslak qilib olganlar...
Xayriyatki, Allohga shukrlar bo‘lsinki, kech bo‘lsada ko‘zlarimiz ochildi, dinimizni, yurtimizni ozod
qilish uchun mardi maydonlar bor ekan, o‘rtaga chiqishdi.
Bu kungi yig‘ilishimizdan maqsad, avvalo, birlashish, bir yoqadan bosh chiqarish yo‘larini
qidirishdir. Bo‘linganni bo‘ri yeydi, ayrilganni ayiq. O’rusga qarshi Qo‘qon, Buxoro, Xorazm
hukmdorlari o‘z boshiga harakat qildi, ularga birlashib harakat qilish maslahatini
bergan kishilarning
gapiga quloq solmadilar, oqibatda osongina dushman ilkiga tushdilar. Kimki, mingta, ikki mingta,
boringki uch mingta yigit bilan yurtni bolshavoydan ozod qilaman desa, xom o‘ylabdi. O’rusiya oq
podsho vaqtida, garchi keyingi urushda omadi kelmasada, harbiy qudrati yuksak mamlakat edi. Ushbu
harbiy qudrat endi bolshavoylarga meros bo‘lib o‘tdi. Turkiston hukumati (muxtoriyati)ning bir hafta-
o‘n kun ichida yo‘q qilinishi bunga dalildir. Ergashbek o‘zicha, Madaminbek o‘zicha,
Shermuhammadbek o‘zicha harakat qilgani bilan bunday katta kuchga bas kelishi qiyin. Barcha
qo‘rboshilarimiz,
barcha yigitlarimiz birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib kurashga kirilsa, inshoolloh,
bolshavoylarni yurtimizdan haydab, o‘z ko‘nglimizdagi davlatni qura olamiz. Yo‘q, “har kim o‘z
teshasini o‘zi chopsin” qabilada ish qilamiz deydigan bo‘lsak, taxta o‘qlog‘ni vaqtida yig‘ishtirishga
to‘g‘ri keladi, illo shu kungacha to‘kilgan va bundan keyin to‘kiladigan qon behuda ketishi aniq.
Shunday ekan, xammamiz bir rahnamo qo‘li ostida birlashuvimiz shart”...
O’tirganlar ichidan: “ — Eshonbuvo, rahnamolikka o‘zlari borlarku,” — degan ovozlar keldi.
— Biz ham sizlarning boshingizni qovushtirib, doim duolaringizda bo‘lamiz, — deb javob berdilar
Hazrat,— biroq
ilmi harbni yaxshi biladigan, sizlar bilan yonma-yon turib jang qiladigan rahnamo,
to‘g‘rirog‘i, sardor, amir zarur. Toki u qattol dushmanga bas kela oladigan bahodir, jasur, zakovatli
kishi bo‘lsin....
So‘zni Marg‘ilondan kelgan vakil, muxtoriyatli hukumatning arboblaridan biri, diniy va dunyoviy
masalalarni yaxshi biladigan Mirodilboy davom ettirdi:
“ — So‘zning boqiysini hazratim bayon qildilarki, hech qaysimiz bu bayonga bir so‘z qo‘sha