www.ziyouz.com
kutubxonasi
90
xayrlashmagan. Bo‘yi yetib qolganidan so‘ng otasiga erkalik qilganini ham eslamaydi.
Har qancha erkaligi, har qancha injiqligi bo‘lsa onasiga qilardi. Onasi ko‘tarardi.
Hozir Manzuraning yo‘qligi Zaynabga ham, Asadbekka ham bilindi. Indamaygina uy
ishlari bilan mashg‘ul yuruvchi bu ma’sumaning o‘rni sezildi. Manzura ikkovi ham
suyanadigan tog‘ ekan. Tog‘ o‘rnidan jilib, ikkovi ham yiqilish xavfida tebranib qoldi.
Yaratganning qudratini qarangki, ayni chog‘da uch qalb hamohang ravishda bezovta
tepardi. Uzoq Olmon yeridagi behalovat yurak bu xonadagi ikki poralangan dil orasida
vositachi edi. Bu ikki qalbning faryodini Manzuraning yuragi eshitardi. Ammo oraliq
masofa uni chorasizlik jari naryog‘ida ushlab turardi. Dillar so‘zlamoq imkoniga ega
bo‘lganlaridami edi, bu ondagi nolalardan zamin erib ketarmi edi.
Bolaligi, yoshligida qalb nolalaridan charchagan Asadbek bir necha sana rohat bulog‘idan
suv ichdi. Ko‘pdan beri nolaning achchiq suvidan totib ko‘rmagan edi. U boshqa
qalblarning nolalarini eshitmasdi. Aniqrog‘i, tinglashni xohlamas edi. Hozir, o‘zi azob
chekib turgan paytda «Men qancha odamlarni shu dardga giriftor etdim. Qancha odam
shu dard bilan bu dunyoni tark etib ketdi», deb o‘ylamadi. Ayni damda qizini tirik ko‘rib
Tangriga shukur ham qilmadi. Iziga qaytayotganida — xayolan ming bir ko‘chaga kirib
chiqar chog‘ida Xudoni eslagan edi. Qizini tirik ko‘rgan taqdirda unga aytadigan gaplarini
xayolida pishitgan edi. Ostona hatlab, bir qo‘lida sirtmoq, bir qo‘lida telefon go‘shagini
ushlab turgan qizini ko‘rgani zamon hammasini unutdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi —
gapirolmadi. Tili shishib, og‘zini to‘ldirib turganday qimirlamadi.
Otasining qaytishini sira kutmagan, yo‘qlik dunyosi sari uchishga hozirlanayotgan
Zaynab ham bir nima demoqqa ojiz edi. Ammo bu jonsiz sukunat uzoq davom etishi
mumkin emasdi. Zaynab otasining ko‘zlariga boqishga botinmagan holda, yerga
qaraganicha:
— Oyim telpon qildilar, — dedi.
Uning pichirlab aytgan gaplari Asadbekning qulog‘iga «Ada, men tirikman!» degan
ma’noda jaranglab urilib, bir seskandi. Shu gapdan keyingina «Xayriyat, Xudoga shukr»,
deb qo‘ydi. So‘ng:
— Yur uyga, — dedi. Uning ovozida amr emas, uzrli yalinish ohangi bor edi. Zaynab
uchun bu ohang mutlaqo yangilik edi. Otasiga bir qarab olib, go‘shakni joyiga ildi.
Asadbek qizini ovutish uchun nimadir deyishga o‘zida majburiyat sezdi. O‘sha
«nimanidir»ni aytdi:
— Men hammasining qonini ichaman.
Bu so‘zlarni Asadbekka xos ohangda aytdi. Bu ahdni eshitgan Zaynab yalt etib otasiga
qaradi.
— Yo‘q, o‘ldirmang, — dedi. So‘ng ovozini bir parda ko‘targan holda izoh berdi: — O‘lim
ular uchun xaloskor...
Asadbek qizining gapidan ajablandi. To‘g‘rirog‘i, titroq ovozning ohangi u uchun yangilik
bo‘ldi. Zaynabning keyingi ahdi esa uni yanada hayron qoldirdi:
— Ularni o‘zimga qo‘yib bering!
Kim aytyapti bu gaplarni? Ma’suma qizimi? Bu qanday ahd? Bir necha daqiqalik alam
tutunimi yoinki qasos o‘timi? Asadbek «Nima qilmoqchisan?» deb so‘ramadi. Qizining
ahdi unga shunchaki alam tutuni bo‘lib tuyuldi. U bir necha daqiqa muqaddam bu uyda
pokiza Kumush osilganidan bexabar, Zaynab o‘zini emas, dilidagi Kumushni, unga
qo‘shib ishonchini, gardsiz e’tiqodini osganini bilmas edi. Buni his ham qilolmasdi.
Chunki qizining ruhiy olami ota uchun begona edi. Kumush osilgach, bu xonada boshqa
Zaynab dunyoga keldi. Iblis uning qalbidagi sururni siqib chiqarib, zulm nafasini ufurdi.
Hayotning shafqatsiz panjalari oldida Zaynabning tuyg‘ulari, umidlari taslim bo‘ldi. Sho‘r
yerda sunbul bitmaganidek, yovuzlik olamiga umid urug‘ini ekib bo‘lmaydi. Zaynab
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |