www.ziyouz.com
kutubxonasi
88
qolaverar edilar. Kesakpolvon bu holatdan mamnun bo‘ldi. Bir necha soat ilgari ko‘nglini
bosgan g‘ubor bir oz tarqadi.
Mashinasiga o‘tirayotganida yigit kelib cho‘ntagiga bir dasta pul soldi.
— Kerakmas, — dedi Kesakpolvon, — bugungi daromading — o‘zingniki.
— Bu daromadmas, akaxon, happai halol o‘zingizning yutug‘ingiz.
— Bu joy o‘zingniki, birov g‘ing desa — menga aytasan.
— Rahmat, akaxon.
— Oting nima?
— Ramz.
— Bo‘pti, ishingni qilaver.
Mashina uzoqlashgunga qadar ham Ramz qo‘l qovushtirib turdi.
IX b o b
I
Qora xotin o‘sha kech boshqa ko‘rinmadi.
Zaynab onasi bilan gaplashib bo‘lgach ham go‘shakni ancha mahalgacha joyiga qo‘ymay
ushlab turdi. Dahshatli, xunuk manzaralar chekinib, ko‘z oldida onasining ma’suma uzori
paydo bo‘ldi. Xayoli ko‘zgusida gavdalangan onasi unga uzoq tikildi. So‘ng sirtmoqqa
aylangan, bir shirin jonni olmoqqa shaylangan arqonga qo‘l uzatdi:
— Tashla buni, qizim... bu nima qilganing?
— Oyijon, endi men chidolmayman.
— Unday dema, bolam, meni o‘ylamasang ham Xudodan qo‘rq. Xudo kechirmaydi bu
gunohingni...
— Xudo nima uchun meni bu azobga soldi? Balki mening o‘limimni Xudoning o‘zi
istayotgandir? Ha... xohlayapti... «Ota rozi — Xudo rozi», deyishadi-ku? Arqonni adam
tashlab ketdilar. Adamlardan xafa emasman. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdilar.
Manzura javob bermay, yerga qaradi. Agar bu suhbat Zaynabning xayolida, g‘oyibda
emas, haqiqatda, yuzma-yuz ravishda sodir bo‘lgandami edi. Manzura qizining
aytganlariga raddiya bildirardi. Manzura garchi bu masaladagi shariat yo‘rig‘ini bilmasa-
da, Tangri bandalariga bunday o‘limni ravo ko‘rmasligini tushuntirishga harakat qilardi.
Hozir esa Zaynab bu masalani anglamagani uchun ham xayolidagi suhbatda onasidan
javob ololmadi. O‘z fikrini to‘g‘ri, deb hisob qildi.
— Oyijon, ayollar nima uchun yashaydi o‘zi bu dunyoda? Xor bo‘lib umr kechirish, keyin
xor bo‘lib o‘lib ketish uchunmi? Siz nima ko‘rdingiz? Siz uchun bu dunyoning rohati
nimada?
Bu savol yuzma-yuz holatda berilganida Manzura hech ikkilanmay «Mening rohatim —
siz, Xudo bergan farzandlarim», degan bo‘lardi. Bu dunyoda ayol zoti uchun Ollohning
eng ulug‘ marhamatlaridan biri — farzand ekanini Zaynab hali to‘la anglab yetmaydi.
Agar bolasi nobud bo‘lmay, uni bag‘riga bosa olganida edi, chaqaloq mammasiga
talpinganida edi, bu rohatni, bu ulug‘ baxtni his etgan bo‘lardi. Hozir bu hisga begonaligi
uchun onasining baxti nimada ekanini ham aniq bilmaydi. Bilmagani uchun ham
xayolidagi savolga javob ololmaydi.
Bir necha soniyalik sukutdan so‘ng ko‘z oldidagi onasining surati yana tilga kirib, endi
o‘ziga hush yoqadigan so‘zlarni aytdi:
— Sen bolaligingda Kumush bo‘lishni orzu qilar eding.
— Orzu qilardim, oyijon...
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |