www.ziyouz.com
kutubxonasi
89
— Kumush zaharlangan edi-ku, shuni o‘ylamabmiding?
— Ha... zaharlangan edi...
— O‘zbek oyim qora kiygan edi-ku...
— Ha, qora kiygan edi...
— Zaharlangan Kumush qayta tirilar, deb o‘yladingmi?
— O‘yladim, oyijon...
— O‘zbek oyim qora libosini tashlaydi, motam kunlari tugadi, deb xayol qildingmi?
— Xayol qildim, oyi...
— Adashding, qizim, Kumush zaharlangan...
— Zaharlangan oyi, menimcha, dunyodagi ja’miki pok narsalar zaharlangan. Endi eng
to‘g‘ri yo‘l — sirtmoq...
— Jon qizim, meni tiriklayin o‘tga tashlama...
— Sizni o‘ylasam... bu o‘tda o‘zim yonishim kerak...
— Jon qizim...
— Oyijon, balki bu dunyo mensiz go‘zal bo‘lib ketar?
— Unday dema, qizim... Sensiz dunyo men uchun bir xarobazorga aylanadi. Mening shu
xarobazorda xor bo‘lib o‘lishimni istaysanmi?
— Oyijon, bir kitobda o‘qiganman. O‘lim — bu dunyoning eng ulug‘ mukofoti bo‘lishi
mumkin ekan. Men shu mukofotga loyiqman-ku?..
— Yo‘q, qizim...
Shu onda, hech kutilmaganda darvoza eshigi taraqlab ochildi.
— Zaynab!
Avvaliga cho‘chib tushgan Zaynab otasining ovozini eshitib, quloqlariga ishonmadi.
Ichkari yugurib kirib, hovli o‘rtasida to‘xtagan Asadbekni ko‘rib, ko‘zlariga inonmadi. Bir
qo‘lida go‘shak, bir qo‘lida sirtmoqli arqon ushlaganicha qotib turaverdi.
— Zaynab!!
Asadbek atrofiga olazarak boqdi. Hovlida odam o‘zini osishi mumkin bo‘lgan daraxtlar,
ayvon panjaralarining bo‘shligi ko‘nglini bir oz tinchlantirsa-da, xavotiri chekinmadi.
— Zaynab!!!
Bu safar javob kutmay, uy tomon ildam yurdi. Dahlizda to‘xtamadi. Avval yotoqxona
eshigini ochdi. Keyin mehmonxona eshigini ochdi-yu, tosh qotdi.
Ota-bola bir-birlariga boqqanlaricha bir necha nafas turdilar. Asadbek ko‘rayotgani ro‘yo
emasligiga, qizi tirik holda turganiga ishonch hosil qilgach, og‘ir qadamlar bilan ichkari
kirdi. Qizining qo‘lidagi arqonni yengil siltab oldi-da, bilagiga o‘radi.
Zaynab hukm bekor qilinganini angladi. Ammo nimaning evaziga marhamat qilinganini
bilmadi. U otasidagi farzandga bo‘lgan mehr nomus kuchidan ham a’loroq ekanini
bilmas, buni fahm ham eta olmas edi. Zaynabning nazarida otasi unga o‘limni ravo
ko‘rganida ming marta haqli edi. Endi esa... hukm bekor bo‘ldi. Endi otasiga qaysi bet
bilan ro‘para keladi? O‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganida ham, birovdan eshitganida ham mayli
edi... Zaynab otasining hammomdagi manzarani ham ko‘rganini bilmaydi. Bilsami...
Agar qizini erkalab katta qilgan Kesakpolvon shu vaziyatga tushganida ham farzandini,
ham o‘zini ovutadigan gaplarni aytishga harakat qilgan bo‘lardi. Bunday gaplarni
topolmagan taqdirda «Hammasining urug‘ini quritaman. Sen ranjima, o‘tgan ishga —
salavot» deb qo‘yardi. «Hammasining urug‘ini quritish» ahdi Asadbekda ham bor. Qizini
ovutish istagi ham mavjud. Lekin u shu paytgacha ahdini ovoza qilmagan, shu
paytgacha qizini erkalamagan, ranjitganida esa ovutmagan.
Agar Zaynabning o‘rnida Kesakpolvonning qizi bo‘lganida otasining yelkasiga osilib
o‘krab yig‘lardi, tavbalar qilardi, aybdorlarni «og‘zilaringdan qonlaring kelsi-in», deb
qarg‘armidi... Lekin Zaynab boshqa... U otasi bilan sira o‘pishib ko‘rishmagan, o‘pishib
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |