www.ziyouz.com
kutubxonasi
80
o‘zingiz chaqirib, mutavallilikni topshir deb qo‘ying.
— Xo‘p, — dedi Asadbek ensasi qotganini yashirmay. — Machitga qadam bosmasa,
hisobmi?
— Yo‘-o‘q, machitga kelib ibodatini qilaversin, faqat...
— Bo‘pti, gaplashib qo‘yaman, — Asadbek beodoblik bo‘lsa-da, shart burilib, uyiga kirib
ketdi.
Chollar uning ranjiganini anglab, bosh chayqadilar-u ko‘cha tomon yurdilar.
Darvozaxonaga yetganlarida «chaqirib qolarmikin», degan ilinjda orqalariga qarab
oldilar. Uy tomondan sado bo‘lmagach, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odam kepatasida
ko‘chaga chiqdilar.
Ular darvozadan uzoqlashmay turib Chuvrindining mashinasi kelib to‘xtadi. Chuvrindi
ularga bir qarab olib, darvoza ostonasida turgan yigitdan «Ha, tinchlikmi, nimaga
kelishibdi?» deb so‘radi.
— Bilmasam, mutavalli degan odamdan shikoyat qilishdi shekilli.
— Shu yetmay turuvdi, — dedi Chuvrindi ming‘irlab. — Kim ivirsib kelsa, ichkariga
qo‘yaverasanmi?
— Kiramiz, deb g‘alva qilib turib olishdi. Keyin Bek akam «kiraverishsin», dedilar.
— Nonushta tayyorladilaringmi? Hamshira kelib ketdimi?
— Yo‘q. Moshina yuborganman. Hozir kelib qoladi.
Nonushta tayyor bo‘lgunicha hamshira kelib, emlab ketdi. Nonushtadan so‘ng Jalil
tashrifi uchun ajratilgan vaqtning yakuniga yetganini anglab duo o‘qidi-da, o‘rnidan
turdi. Asadbek «yana birpas o‘tir», deb lutf qilmay, uni kuzatgani qo‘zg‘aldi. Hojasining
o‘rniga Chuvrindi manzirat qildi:
— Akaxon, doim shoshib turasiz-a, gurunglashib o‘tiruvdik-da...
— Men ishlaydigan odamman. Ishlasam menga bir burda non berishadi, ishlamasam,
yo‘q. Bolalarimning rizqini halol topaman. Senlarga o‘xshagan bekorchi bo‘lganimda
biqsib yotaverardim.
Manziratiga javoban «shiringina» gap eshitgan Chuvrindi hojasiga qarab, bosh chayqab
qo‘ydi.
— Yigitlarga ayt, olib borib qo‘yishsin.
— Onam meni moshinada tug‘maganlar, avtobusda ketaveraman, — dedi Jalil.
— Akaxon, mashina tayyor-a, — dedi Chuvrindi.
— Qo‘y, uka, men moshinaga o‘rganmagan odamman. U senlar, hojatxonaga ham
moshinada boradigan.
Jalil shunday deb turganida darvozaxonada Kesakpolvon ko‘rindi. Jalilga ko‘zi tushishi
bilan chehrasi yorishdi. Sog‘inganining diydoriga yetishgan baxtli odam kabi qulochini
keng yoyib kelib, Jalilni quchoqladi. Tuni bilan ichilgan aroqning sassiq hidi dimog‘iga
urilgani hamon Jalil aftini burishtirib, Kesakpolvonni nari itardi:
— Cho‘chqaxonada yotganmisan, nima balo?
— O‘, akaginam, irganmang bizdan, — dedi Kesakpolvon Jalilning gapini hazil o‘rnida
qabul qilib.
— Irganayotganim yo‘q. Sendan taralayotgan hid o‘nta cho‘chqaxonaga asqotadi. Sen
yuviqsiz bilan ko‘rishgan odamning oxirati ham kuyib ketadi.
— Sal pastroq tushing, akaginam, — dedi Kesakpolvon qiyqirib kulib, — ja
oshirvordingiz, odamlar etagimda namoz o‘qiyman, deb navbat kutib turishibdi-ya...
— Ol-a, — dedi Jalil, ensasi qotib. — Sening etagingda namoz o‘qishga shayton ham
hazar qilar. Kiymingni itga tashla-chi, ustiga chiqib yozilarmikin?
— Bo‘ldi, akaginam. Shu gap bilan o‘ldirib qo‘ya qoldingiz, — Kesakpolvon shunday deb
yana quchoqlamoqchi edi, Jalil tislanib, uni o‘ziga yaqinlashtirmadi. Kesakpolvon buni
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |