www.ziyouz.com
kutubxonasi
79
Mashriqdagi bulutlarning chetlari qontalash, ammo bag‘ri qora edi. Kechasi bir sidra
yog‘ib, yer yuzasini omonat qoplagan qor esa bag‘riga sukunatni singdirgan. Serqatnov
ko‘chalardagi qor mashina g‘ildiraklari ostida ezilib, erib ketgach, sukunat ham chekindi.
Shovqin Asadbek yashaydigan mahallaga ham yetib keldi.
Yarim tunga qadar gurunglashgan ikki oshna hali uyquda — tong manzarasini ko‘rishdan
bebahra edilar. Jalil uyqu hukmiga bo‘ysunib bomdod namozini ham boy berdi.
Tashqarida g‘ovur-g‘uvur tovushlar qulog‘iga kirgan Asadbek ko‘zlarini yarim ochganicha
boshini ko‘tardi. Ovozlarga quloq tutdi. So‘ng erinibgina o‘rnidan turib, hovliga chiqdi.
Muzdek toza havo to‘g‘ri o‘pkasiga urilib, yo‘tali qo‘zidi. Yo‘tal ovozini eshitgan
darvozaxonadagi chollar ham, ularning yo‘lini to‘sib turgan yigit ham uy tomonga
qaradilar.
— Nima gap? — dedi Asadbek, yo‘tali tingach.
— Gaplari bormish, — dedi yigit aybdor odamning ovozi bilan. So‘ng o‘zini oqlash
maqsadida izoh berdi: — Uxlayaptilar desam ham ko‘nishmayapti.
— Bek inim, ikki og‘iz gapimiz bor, aytamizu ketamiz. Sizni uchratishimiz osonmi, bu
to‘rtinchi kelishimiz, hayriyat, uyda ekansiz, — dedi chollardan biri.
— Kiraveringlar, men hozir, — Asadbek shunday deb yuvinishga o‘tdi. Yigit «uyga
kiringlar», desa ham chollar ayvonda, tik turgan holda kutishdi. Asadbek yuvinib chiqib,
ular bilan ko‘rishgach, uyga taklif qildi. Chaqirilmagan mehmonlar bu lutfni qaysarlik
bilan qabul etmadilar.
— Bek inim, bizdan ranjimang, bomdoddan chiqib kelaverdik. Sizning ishingiz ko‘p,
bilamiz, kunduzi uchratishimiz qiyin. Bir masalani hal etib bermasangiz bo‘lmay qoldi-
yov, — dedi dastlab uzr so‘ragan qariya.
— Qanaqa masala?
— Machit bitay deb qoldi, Olloh sizdan rozi bo‘lsin. Bunaqa serfayz machit bu atrofda
boshqa yo‘qdirov... Ammo-lekigin... machitda it bog‘loqlik tursa yomon bo‘lar ekan. Shu
itni yo‘qotib bering, jon inim.
— It? Qanaqa it? — deb ajablandi Asadbek.
— It deganimki... — qariya qo‘polroq gapirib yuborganidan xijolat tortib, soqolini
tutamlaganicha izoh berdi: — mutavallimiz Abdukarimni aytaman...
— Ha, Ko‘samullami? Yana qanaqa hunar ko‘rsatdi? Tanobini tortib qo‘yuvdim-ku?
— Ko‘samullangizning hunari ko‘p, Bek inim. Uning avval kim bo‘lgani o‘zingizga
ma’lumdir? Hozir tamoman machitning xo‘jasi bo‘lib oldi. Keksani keksa demaydi, yoshni
yosh demaydi. Xohlaganini uradi, xohlaganini so‘kadi. Qilayotgan ishing
musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, deb aytsak qulog‘iga ilmaydi.
— Qulog‘iga gap kirmasa orqasiga boplab tepmaysizlarmi?
— Tepishga tepardigu, ammo-lekigin bir nima desak «machitni menga Bek akam
topshirib qo‘yganlar» deb dag‘dag‘a qiladi.
— Bekorlarni aytibdi. Machit sizlarniki. Lekin... yozda ham shunaqa gap chiqqanida
chetlashtiruvdim, a? Qurilish ishlarini qiladigan boshqa odam topmadinglar. Baqirib-
so‘ksa ham ishni yuritib turuvdi. Yana o‘ylab ko‘ringlar. Mutavallilikni olsalaring olinglar.
Unga boshqa ish beringlar. Mayli, so‘filik qilsin, ovozi o‘tkir-ku?
— Hay-hay, asti unday demang. Agar u so‘fi bo‘lsami... — qariya kulimsiradi, — u azon
aytishni boshlasa dunyodagi bor eshaklarning bari hangrab yuborar...
— Unda bilganinglarni qilaveringlar.
— Bek inim, yana chollar g‘iybatchi ekan, deb o‘ylamang. Machitda yuradigan odam
pokizaroq bo‘lishi kerak-da. Bu Ko‘samullangiz bitta rost gapga to‘qson to‘qqiz yolg‘onni
qo‘shib tursa... Yolg‘onning gunohi juda katta ekan. Agar bu Ko‘samullaning og‘ziga pilik
tutib yoqib qo‘yilsa, to qiyomatga qadar o‘chmas-ov... Bek inim, Ko‘samullangizni
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |