www.ziyouz.com
kutubxonasi
71
sanoqsiz chiroqlar yorug‘ida bog‘ to‘lin oy nuriga cho‘milganday so‘limlik kashf etgan edi.
Ammo bu so‘limlik uning kayfiyatini yaxshilashga qodir emas edi. Bu olam aro tunni
bedor o‘tkazgan faqatgina Manzura emas. Necha ming, balki necha yuz ming, balki
undan-da ko‘p odam — xasta ham, tani sog‘ ham, podsho ham, gado ham; baxtli ham,
baxtsiz ham; qayg‘uli ham, qayg‘usiz ham... tunni bedor o‘tkazadi. Hech kim o‘sha
tunning o‘zida, qaerdadir bir jigarbandi ham qalb titrog‘ida ekanini bilmaydi. Alhol
Manzura ham yurtida eri bilan qizining tunni uyqusiz o‘tkazishganidan bexabar edi.
Nonushtadan so‘ng o‘g‘illari shahar aylanajaklarini ma’lum qildilar. Manzuraning sayru
sayohatga xohishi ham, holi ham yo‘q edi. Shunga qaramay, o‘g‘illarining shashtini
qaytarmaslik uchun otlandi.
O‘g‘illari shahar ko‘chalari, ayrim imoratlar haqida gapirishar, Manzura esa ularning
zavqini baham ko‘ra olmas edi. Yuragi nima sababdan g‘ashlanayotganini hatto o‘zi ham
bilmasdi. Ba’zan xayolini shahar manzaralariga band etib chalg‘imoqchi bo‘lardi. Bu kabi
shaharlarni u televizorda ko‘rgan, muxbirlar «chirigan kapitalizm» deb bularni tanqid
qilishardi. Manzura sayr chog‘ida shaharda chirik imoratlarni ko‘rmadi. To‘g‘ri, siyosat
olamiga u begona ayol edi. Kapitalizmning chirigani qanaqa bo‘ladi, chirimagani qanday
— bilmasdi. Bilish uchun harakat ham qilmasdi, o‘ylamasdi ham. Hozir, ikki o‘g‘li ikki
qanotida shahar bog‘ini sayr qilayotgan chog‘ida «Shunday yaxshi joylarni nima uchun
yomonlashadi?» deb o‘ylab qo‘ydi. Uning siyosatga munosabati shu o‘y bilan cheklandi.
Manzuraning ruhidagi siniqlikni o‘g‘illari sezishdi. Bu holni ular charchoq oqibati deb
o‘ylab sayrni uzoq davom ettirishmadi. Villaga qaytishgach, uchovlari oshxonaga kirdilar.
Abdulhamid oshpaz ayolga palov pishirish niyatlari borligini ma’lum qildi. Bu xonadonda
tez-tez palovxo‘rlik bo‘lgani sababli nemis ayoli ham osh pishirishni bilardi. Shu sababli
chaqqonlik bilan masalliqni tayyorlab berdi. Manzura oshga unnamoqchi edi, o‘g‘illari yo‘l
qo‘yishmadi.
— Bizning qo‘limizdan bir palovxonto‘ra yeng, — deyishdi.
Bekorchilikka o‘rganmagan Manzura o‘g‘illarining qarshiligiga qaramay, sabzi to‘g‘rab
berdi.
Oshni pishirib, yeb bo‘lishgach, Abdusamad shaharda zarur ishi borligini aytib, onasidan
uzr so‘radi. Manzura o‘g‘illari xulqida o‘zgarish mavjudligini yana bir karra sezdi. O‘z
uylarida ekanida o‘g‘li biron yerga bormoqni ixtiyor etsa «Oyi, ketyapman», deb
qo‘yardi. Hozirgiday lutf qilib o‘tirmasdi.
Oqshomga yaqin villaga Muzaffarxon bilan Guluzor begim kelishdi. Keyinroq doktor
Xudoyor ham tashrif buyurdi. To u kelguniga qadar gap-gapga qovushmadi. Yoshlarning
taqdiri xususida so‘z ochishga u tomon ham, bu tomon ham jur’at eta olmadi. Doktor
Xudoyorda yuzxotirchilikning yo‘qligi shu zamonda ish berdi. U xizmatchi keltirgan
qahvadan uch-to‘rt xo‘plagach, Manzuraga yuzlandi:
— Qalbimdasiz, xonim afandim, siz muhtarama zoti oliyalariga bizim qizlarimiz yoqdimi
ekan?
To‘satdan berilgan bu savol Manzurani gangitib qo‘ydi. Ko‘zini yerga qadaganicha
javobga taraddudlandi. Uni bu noqulay ahvoldan doktor Xudoyorning o‘zi qutqardi:
— Bir ko‘rishda xulosa bildirmog‘ingiz cho‘x mushkuldir, buni-da anglayurmiz. Ammo
inoningkim, bu o‘lkalarda bundayin fozila qizlar boshqa yo‘qtur. Agarchi mening-da ikki
o‘g‘lim bo‘lganida edi, Said Muzaffarxonni tinch qo‘ymagan bo‘lurdim. Ammo
bilmog‘ingiz kerakkim, xonim afandim, sizning oqil o‘g‘illaringiz mening uchun o‘z
farzandu arjumandlarim kabi qadrlidurlar. Ularning buraga tahsil uchun kelmoqlari
Ollohning xohishi iladir, so‘ngra men ular bilan tanishdim, moshaolloh! Biz umid
qilayotgan nikohni ham Olloh nasib etgandur, inshoolloh! Xonim afandim, sizga biz
aytayotgan so‘zlar g‘alat tuyulgusi, buni-da anglayurmiz. Siz qizlarimiz ila suhbat
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |