www.ziyouz.com
kutubxonasi
70
— Bundan xavotirlanmang, ayriliq bo‘lmaydi, oyi. Qizlarning ota-onasi bizni bu yerda
olib qolmoqchi emas. Ularning maqsadi qizlarini Vatanga uzatish. Shu yo‘l bilan Vatanga
qaytish.
— Qizlarini uzatib, o‘zlari yolg‘iz qolishadimi?
— Oyi, hali ularning gaplarini tushundingizmi? Ularda hamma narsa bor. Faqat Vatanlari
yo‘q. Vatansiz yashash ular uchun juda og‘ir. Biz buni tushuna olmaymiz. Vatan deyilsa
ular qizlar tugul jonlarini ham berib yuborishga tayyorlar. «Biz Vatan hajrida kuyib
o‘tyapmiz, farzandlarimiz kuymasin», deyishadi. Agar tarozining bir pallasiga
farzandlaridan ayrilish azobi, boshqa pallasiga Vatan hajri dardi qo‘yilsa, dard bosib
ketadi. Ular shunaqa odamlar. Biz o‘qishni tugatish bilan qaytamiz.
— Xudo o‘sha kunga yetkazsin, ishqilib. Lekin... dadanglar nimagadir qaytishga
shoshilmanglar, deganday bo‘ldilar.
— Nima uchun?
— Bilmadim, bolam... balki o‘zlari ham shu yoqlarga kelib yashamoqchidirlar. Ishlarini
bilasan-ku... U yoqlar notinchmi, deyman?
Manzura erining maqsadini aniq anglamagan edi, shu bois mavhumroq ohangda aytdi.
Onasidan eshitgan yangilik o‘g‘il uchun kutilmagan edi. Bunda Said Muzaffarxonning
niyati boshqa, unda Asadbekning umidi bo‘lak bo‘lsa?! Biri Vatanga intilsa, ikkinchisi esa
qochmoq, yiroqlashmoq ilinjida... Samodagi qora bulut parchalarining biri manfiy,
ikkinchisi musbat quvvatga ega bo‘lsa, yaqinlashmoq onlarida chaqin chaqnaydi, olam
ostin-ustun bo‘lganday tuyuladi. Shu xayolga borib, Abdusamadning yuragi uvishdi.
O‘ziga-o‘zi tasalli berish maqsadida:
— Oyi, siz noto‘g‘ri tushungandirsiz? — dedi.
Manzura o‘g‘lidagi o‘zgarishni sezib, xatosini to‘g‘rilamoqchi bo‘ldi:
— Ha, bolam, xato tushungandirman. Adanglarni bilasan-ku, ochiq-sochiq gapirmaydilar.
Bu yoqqa kelishlari... Yo‘q, kelmaydilar. Eski hovlilarini sog‘inib turadilar-ku... Bu
yoqlarga butunlay kelarmidilar... Yo‘q, kelmaydilar.
Chindan ham Manzura Asadbekni noto‘g‘ri tushungan edi. «Men o‘g‘illaringning o‘sha
yerda o‘qib, o‘sha yerda ishlashlarini xohlayapman», deganida o‘zining ham ko‘chib
borishini nazarda tutmagan edi. Garchi o‘sha suhbatda Asadbek uch-to‘rt yilda
qaytishadi, deya gapini yumshatgan bo‘lsa-da, Manzuraga egalik qilgan xavotir iskanjasi
bo‘shashmagan edi. Chuvrindi kuzatayotganda «Tilla taqinchoqlarni ko‘proq olavering,
balki o‘sha yerda asqotar, balki uch-to‘rt oy o‘sha yerda qolarsiz», deganida eri aytgan
«uch-to‘rt yil»ni eslab cho‘chib tushdi. «Zaynabni keyinroq yuboramiz», devdilar. Sekin-
sekin hammamiz ko‘chib o‘tarkanmiz shekilli» deb ham o‘yladi. To‘g‘ri, keyingi paytlarda
Asadbek oilasining o‘sha tomonlarda yashashini istab qoldi. Lekin o‘zining ham ketishi
sira rejasida bo‘lmagan. Ayniqsa, xastaligi aniq bo‘lib, Hosilboyvachcha qiliqlarini
boshlagan damda ketishni o‘ylashi mumkin ham emasdi. Uning birdan-bir niyati —
oilasining tinchi va farovonligi edi. Bu niyati Manzuraga, alhol o‘g‘liga-da qorong‘u edi.
3
Manzura toliqqan bo‘lishiga qaramay tunda uxlay olmadi. Yumshoq o‘rin unga tikonzor
kabi tuyuldi. Oilasidan ilk karra uzoq ketgani uchun qalbi notinch edi. Bezovta yurak
yurtidagi noxushliklarni sezib, vujudini beholgina titratib turardi. Shu azobdan qiynalgan
Manzuraga bu shaharning tuni behad uzunday tuyuldi. Uy isib ketib, nafas olishga arzirli
havo qolmaganday bo‘ldi. O‘rnidan turib, peshayvonga chiqadigan eshikni ochdi. Yuziga
salqin shabada urilib, orom oldi. Tashqarida maydalab yomg‘ir yog‘a boshlagan,
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |